11 May 2020

Shavkat Mirziyoyev barcha sohalarda raqamlashtirishni tezlashtirishni buyurdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11-may kuni raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan joriy yil “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb e’lon qilindi. Prezidentimizning Oliy Majlisga shu yil yanvardagi Murojaatnomasida raqamli iqtisodiyotga faol o‘tish kelgusi 5 yildagi eng ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan edi.

Raqamli texnologiyalarning naqadar muhimligini bugungi pandemiya sharoiti ham yana bir bor isbotladi. Ta’lim, davlat xizmatlari, davlat boshqaruvi tizimi, savdo va xizmat ko‘rsatishning hammasi raqamli iqtisodiyot bilan bog‘liqligi yaqqol ko‘rinib qoldi. Yillar davomida masofadan ko‘rsatilmagan xizmatlar sanoqli kunlarda onlayn shaklga o‘tkazildi.

Ekspertlarning fikricha, kelgusi 3 yilda iqtisodiyotni raqamlashtirish orqali dunyodagi 22 foiz ish o‘rinlari internet texnologiyalari yordamida yaratiladi.

Shu bois joriy yil 28-aprelda “Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident qarori qabul qilindi. Hujjatga muvofiq, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida raqamli iqtisodiyot bilan shug‘ullanadigan yaxlit tizim yaratildi. Jumladan, “Elektron hukumat”, iqtisodiyot tarmoqlari va qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish, IT parklarni tashkil etish va boshqarish kabi vazifalar to‘liq vazirlik vakolatiga o‘tdi.

Shu bilan birga, qarorda yangi loyihalarning moliyaviy manbalari ham aniq ko‘rsatilgan. “Elektron hukumat” doirasida 1,3 trillion so‘mlik 104 ta loyiha, iqtisodiyotning real sektorida 5,3 trillion so‘mlik 87 ta loyiha, telekommunikatsiyalar borasida 15,1 trillion so‘mlik 35 ta, agrar sohada 24 ta, IT parklar bo‘yicha 18 ta loyiha amalga oshirilishi belgilangan.

Yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev “Bu ishlarni kelgusi 2-3 yilda to‘liq amalga oshirmasak, har bir kechikkan yilimiz mamlakatimizni 10 yil orqaga tortadi”, deya ta’kidladi.

Xizmatlarni raqamlashtirish borasidagi hozirgi ahvol tahlil qilindi. Qayd etilganidek, davlat idoralarida mavjud 700 dan ortiq axborot tizimlarining atigi 30 foizi “Elektron hukumat” tizimiga ulangan. Davlat xizmati ko‘rsatuvchi 80 ta idoraning atigi 27 tasi Davlat xizmatlari agentligiga integratsiya qilingan.

Prezidentimiz vazirlik va idoralarda axborot texnologiyalarini qo‘llash darajasiga qarab undagi rahbarlarning oylik mukofot pulini oshirish yoki kamaytirish tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq berdi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga davlat idoralari ma’lumotlar bazasini tasniflab, ularni idoralararo integratsion platformaga ulash, elektron hamkorlikning yagona texnologik talablarini joriy qilish vazifasi qo‘yildi.

Pandemiya ta’sirini inobatga olib, eng zarur bo‘lgan davlat xizmatlarini tezkor ravishda elektron shaklga o‘tkazish muhimligi ta’kidlandi.

Toshkent shahrida elektron tibbiyot kartasi, elektron shifoxona hamda shoshilinch tibbiy yordam tizimlarini joriy etish, ijtimoiy nafaqalar hisobini yuritishga mo‘ljallangan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ni joriy yil yakuniga qadar ishga tushirish bo‘yicha topshiriq berildi.

Davlat soliq qo‘mitasiga savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini onlayn nazorat kassa mashinalariga o‘tkazish, alkogol va tamaki mahsulotlarini markirovkalash hamda elektron hisob-faktura tizimini joriy etish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi. 

Kelgusi besh yilda sanoat korxonalarida axborot texnologiyalarini keng joriy etish hisobiga tannarxni o‘rtacha 13-15 foizga pasaytirish mumkin.

Transport vazirligiga temir yo‘llarda yuk tashish hamda Toshkent shahrida jamoat transporti xizmatlari to‘lovi uchun avtomatlashgan tizimlarni ishga tushirish, barcha transportlarga yagona elektron bilet joriy etishni tezlashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.  

Yig‘ilishda axborot texnologiyalari infratuzilmasini rivojlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

Jahon banki hisobotiga ko‘ra, keng polosali internet tarmog‘ini 10 foiz kengaytirish evaziga yalpi ichki mahsulotni kamida 1 foiz o‘stirish mumkin.

Joriy yilda optik tolali aloqa qamrovini maktabgacha ta’lim tizimida 41 foizdan 100 foizga, xalq ta’limida 40 foizdan 70 foizga, sog‘liqni saqlash sohasida 38 foizdan 100 foizga yetkazish vazifasi belgilangan. Bu orqali ko‘plab qishloqlarga internet tarmog‘i yetib boradi.

Shu bois Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga ijtimoiy ob’ektlarni yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlash, tezkor mobil internet qamrovini yil yakunigacha 90 foizga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Bugungi kunda mavjud serverlar to‘lib borayotgani, sohadagi 300 dan ortiq loyihani amalga oshirish uchun 10 baravar ko‘p quvvatli serverlar zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Axborotlarni qayta ishlaydigan markazlarni ko‘paytirish, xorijiy kreditlar jalb etib, loyiha qiymati 30 million dollarlik “data sentr” qurish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Axborot texnologiyalari qishloq xo‘jaligi, yerni hisobga olish va monitoring qilishda ham juda qo‘l keladi. Masalan, yerni kosmik zondlash orqali ekin maydonlari, vegetatsiya jarayoni, yerning meliorativ holati va minerallashuv miqdorini o‘rganish mumkin. Bu agrotexnik tadbirlarni aniq belgilab, hosildorlikni 25-30 foizgacha oshirish imkonini beradi.

Mutasaddilarga yer maydoni va suv hisobini yuritishning elektron tizimlarini ishlab chiqish, qishloq xo‘jaligida ekinlarni joylashtirishdan tortib, sotuvgacha bo‘lgan jarayonlarni to‘liq raqamlashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Yurtimizda axborot texnologiyalari sohasida 60 ming kishi mehnat qilmoqda. Yig‘ilishda bu yetarli emasligi ta’kidlanib, soha mutaxassislarini qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Davlat tashkilotlari tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalarga eng avvalo mahalliy texnoparklar rezidentlarini jalb qilish bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Kelgusi o‘quv yilida “1 million dasturchi” loyihasiga 47 ming nafar o‘quvchini qamrab olish, sohaga zamin yaratish uchun maktablarda 7-sinfdan boshlab dasturlash asoslarini o‘qitishni yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda mutasaddilar sohadagi chora-tadbirlar ijrosi yuzasidan hisobot berdi.