14 Oktyabr 2022

Turkiy davlatlar tashkiloti tadqiqot markazlarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

14-15-oktabr kunlari Toshkentda ilk bor Turkiy davlatlarning tashqi siyosatni o’rganish rasmiy tadqiqot markazlarining Yig’ilishi bo’lib o’tmoqda. Unda Ozarbayjon, Qozog’iston, Qirg’iziston, O’zbekiston, Turkiya, Vengriya, Ozarbayjon va boshqa mamlakatlarning yetakchi tahliliy markazlari, Turkiy Savdo-sanoat palatasi, shuningdek, TDT Kotibiyatining jami 60 dan ortiq vakillari ishtirok etmoqda.

Kun tartibi doirasida turkiy mamlakatlarning savdo-iqtisodiy sohadagi hamkorligi istiqbollari, transport va kommunikatsiyalar jihatidan o’zaro bog’liqligni rivojlanishi, energetika, sanoat, qishloq xo’jaligi va savdo, innovatsion texnologiyalar va raqamli yechimlarni joriy etish yo’nalishidagi sheriklik aloqalarini faollashtirish masalalari muhokama qilinmoqda.

O’zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o’rinbosari Badriddin Obidov o’z nutqida Tashkilot doirasida savdo va investitsiyaviy hamkorlikni mustahkamlash tendentsiyasini qayd etdi. So’nggi uch yil ichida TDT mamlakatlari o’rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi qariyb 1,5 barobar o’sdi va 2021-yil oxiriga kelib 9,4 milliard dollarga yetdi. Joriy yilning 1-sentabr holatiga ko’ra, O’zbekistonda a’zo davlatlar kapitali ishtirokida faoliyat yuritayotgan korxonalar soni ikki barobarga ko’paydi va 4 ming birlikdan oshdi.

Bu borada hali foydalanilmagan salohiyat mavjudligi ta’kidlangan holda, ishtirokchilar e’tibori O‘zbekistonda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun yaratilgan qulay imkoniyatlar, jumladan, takomillashtirilgan normativ-huquqiy baza, kamaytirilgan soliq yuki, dunyoning 90 ta davlati uchun vizasiz rejim va boshqalarga qaratildi. Bular natijasida mamlakat “Doing business” reytingida 166-oʻrindan 69-oʻringa koʻtarildi va YeTTB Oʻzbekiston yalpi ichki mahsuloti oʻsishi prognozini 2022-yilda 4 foizga, 2023-yilda esa 5 foizga oshirdi.

O’zaro savdoni faol rag’batlantirish, turkiy mamlakatlar o’rtasida savdo hamkorligi bo’yicha tadqiqot markazini tashkil etish, Tashkilotga a’zo mamlakatlar iqtisodiyotlarining raqobatbardosh ustunliklari va iqtisodiy jihatdan bir-birini to`ldirishiga asoslangan ishlab chiqarish salohiyatini rivojlantirish bo’yicha bir qator konstruktiv takliflar ilgari surildi.

Iqtisodiyot tarmoqlarini uyg’unlashtirish va raqamlashtirish, elektron tijoratni rivojlantirish, «Muhandislik-texnologik markazlar»ni yaratish, «yashil» rivojlanish bo’yicha qo’shma «Yo’l xaritasi»ni ishlab chiqish, shu jumladan shamol elektr stantsiyalarini qurish, muqobil energiya manbalarini rivojlantirish, energetikani raqamlashtirish va ilmiy tadqiqotlar o’tkazish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Konferentsiyada, shuningdek, Orol dengizi mintaqasidagi ekologik ofat oqibatlarini yumshatish uchun BMT bilan hamkorlikda turkiy davlatlarning atrof-muhitni muhofaza qilish tuzilmasini yaratish va uning qarorgohini ekologik ofatdan eng ko’p zarar ko’rgan orol sohilida joylashtirish yuzasidan g’oyalar taklif etildi.

Tadbir doirasida bo’lib o’gan savol-javob sessiyasi ishtirokchilarning hamkorlikni rivojlantirish, mavjud imkoniyatlarni birlashtirish, mamlakatlarimiz o’rtasidagi siyosiy va savdo-iqtisodiy munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqish bo’yicha birgalikdagi ishlarni davom ettirishga bo’lgan yuqori qiziqishini yana bir bor namoyish etdi.