28 Mart 2022

Mamlakat platformasi – hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan harakatlarni muvofiqlashtirish maydoni

Toshkent xalqaro investisiya forumi ikkinchi kunidagi muhim voqealaridan biri O‘zbekiston bo‘yicha Mamlakat platformasi yig‘ilishi bo‘ldi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.Umurzakov, shuningdek, xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat moliya tashkilotlari rahbarlari va rivojlanish bo‘yicha hamkorlar ishtirok etdi.

O‘zbekiston rivojlanish bo‘yicha hamkorlar va donorlar, shuningdek, qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etuvchi vazirliklar, idoralar va ijrochi agentliklar faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Mamlakat platformasi usulini sinovdan o‘tkazgan ilk davlatlardan biri bo‘ldi.

Yig‘ilish davomida hozirgi paytda O‘zbekistonda umumiy hajmi 14,5 mlrd dollarga teng hamda 20dan ortiq yo‘nalish va tarmoqlarni qamrab olgan 305ta shunday loyiha amalga oshirilayotgani ta’kidlandi. Ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni ilgari surish, energetika, transport, aviasiya, infrastrukturaviy taraqqiyot, sog‘liqni saqlash, ta’lim va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash sohalarida ham salmoqli yutuqlar qo‘lga kiritilgan.

Mamlakat platformasining tizimlashtirish hamda istiqbolli loyiha va dasturlarni amalga oshirish uchun moliyaviy hamda texnik ko‘makni jalb qilishda samaradorlikni oshirish vositasi sifatidagi roli e’tirof etildi. O‘zbekiston tomonidan bunday muvofiqlashtirishning institusional asosini kuchaytirish maqsadida Prezidentning maxsus qaroriga muvofiq Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi huzurida Xalqaro hamkorlik va taraqqiyot agentligi tashkil etilgan bo‘lib, u rivojlanish bo‘yicha hamkorlar bilan samarali hamkorlikni ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.

Mamlakat platformasining samaradorligi, ayniqsa, pandemiya davrida yaqqol isbotini topdi: donorlar bilan faol hamkorlik qisqa fursatlarda pandemiyaga qarshi moliyaviy hamda texnik ko‘makning salmoqli ulushini mobillashtirishga imkon yaratdi – ushbu maqsadlarga 2 milliard dollardan ortiq kredit va grantlar ajratildi.

O‘zbekiston Respublikasi hukumati ishlab chiqilgan muvofiqlashtiruvchi kompleks tadbirlar dasturini rivojlantirish va amalga oshirish bo‘yicha hamkorlar bilan birgalikdagi faoliyatning barcha yo‘nalishlarida Mamlakat platformasi mexanizmlarini joriy qilishda davom etishi qayd etildi.

Yig‘ilish doirasida ishtirokchilar Mamlakat platformasining roli va ahamiyatiga oid fikrlarini o‘rtoqlashdi, shuningdek, ko‘p tomonlama hamkorlikni kelgusida chuqurlashtirish istiqbollari muhokama qilindi.

Osiyo taraqqiyot banki prezidenti Masatsugu Asakava davom etayotgan forum muhim voqea ekanligini, chunki bunday platforma orqali Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lidagi sa’y-harakatlarni maksimal darajada oshirish mumkinligini ta’kidladi. U 2020-yildagi G20 sammiti davomida bu kabi platformalar birinchi navbatda ishtirokchi davlatlarning ustuvor maqsadlariga yo‘naltirilgani va ularni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlariga moslashtirilgani aytilgan edi.

“Biz hamkorlikni, jumladan, xususiy sektorda ham sinergiya va tajriba almashish orqali mustahkamlashimiz kerak. Biz barcha mamlakat platformalarini taraqqiyotni kuzatishga chorlaymiz. OTB O‘zbekistonning uzoq muddatli hamkori ekanligini va bizning hamkorligimiz mamlakat taraqqiyotiga qaratilganini alohida ta’kidlamoqchiman”, — dedi OTB prezidenti o‘z nutqida.

Xalqaro moliya korporatsiyasining mintaqaviy vise-prezidenti Xela Shayxruhu ushbu xalqaro investisiya forumini 2019-yilda o‘tkazish rejalashtirilganini, biroq koronavirus pandemiyasi rejalarga tuzatishlar kiritganini ta’kidladi.

Mamlakat platformasi doirasida Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK) vakili ushbu xalqaro tashkilot bilan hamkorlikda ishlab chiqilayotgan loyihalardan birini qayd etdi.

Osiyo infratuzilmaviy investisiya banki (OIIB) vise-prezidenti Konstantin Limitovskiy O‘zbekistonga keyingi bir oy davomida ikkinchi bor tashrif buyurayotgani va sezilarli yutuqlarni payqaganini qayd etdi. O‘zbekiston yangi Taraqqiyot strategiyasini ishlab chiqdi, dedi u, mamlakat o‘rta va uzoq muddatli rejalarni belgilamoqda, unda bank vakillari ham ishtirok etishni rejalashtirmoqda.

“Mamlakatda iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, aholi farovonligini oshirish borasida ko‘p ishlar qilindi”, – dedi Konstantin Limitovskiy. – O‘zbekistonning ulkan maqsadlari OTBning yashil energiya, infratuzilmani rivojlantirish va boshqa sohalardagi loyihalar bo‘yicha maqsadlari bilan mos kelishidan mamnunmiz. Bankimiz yordami O‘zbekiston tomonidan qo‘yilgan maqsadlarni amalga oshirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatishini istaymiz”.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha umumiy qiymati 617 million dollarlik qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha 6 ta, 160 million dollarlik 2 ta mandat xati, konsalting xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha 2ta shartnoma imzolandi. Xususan, OIIB va “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ o‘rtasida “Buxoro-Misken-Urganch-Xiva” temir yo‘lini elektrlashtirish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha 108 million dollarlik shartnoma imzolandi. OTB Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi bilan O‘zbekistonda avtomobil yo‘llarini rivojlantirish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha 274 million dollarlik shartnoma imzoladi. Ekologiya davlat qo‘mitasi YeTTB bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida qattiq maishiy chiqindilar poligonlarini qurish va meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha 50 million dollarlik 2 ta shartnoma imzoladi. Shuningdek, Nukus shahri uchun elektrobuslar xarid qilishni moliyalashtirish, Andijon va Navoiy viloyatlarida suv ta’minoti va kanalizasiya tizimlarini qurish va modernizasiya qilish loyihalarini amalga oshirish, shamol va elektr energiyasini ta’minlash bo‘yicha konsalting xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha kelishuvlar imzolandi. Quyosh elektr stansiyalari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik loyihalarini moliyalashtirish uchun kredit liniyasi ajratish, shuningdek, Fransiya taraqqiyot agentligining O‘zbekiston chorvachilik tarmog‘iga inklyuziv va iqlimiy investisiyalar bo‘yicha grant dasturida ishtirok etish bo‘yicha shartnomalar imzolandi.