11 Sentyabr 2020

Markaziy bank: Asosiy stavka 1 foiz bandga pasaytirilib, yillik 14 foiz darajasida belgilandi

Ushbu qaror inflyasiyaning yanada sekinlashib yil yakunida prognoz ko‘rsatkichlariga erishish bo‘yicha ishonchning mustahkamlanishi, iqtisodiyotda ijobiy real foiz stavkalarini saqlab qolish zarurati, shuningdek, pandemiya sharoitida inflyasiyani pasaytirish va iqtisodiy faollikni qo‘llab-quvvatlash maqsadlari o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlash bilan izohlanadi.

Bunda, prognoz qilinayotgan davrda inflyasiyani keskin oshiruvchi omillarning nisbatan kamligi pul-kredit sharoitlarini inflyasion xatarlarni yuzaga keltirmasdan yumshatish imkonini beradi.

Yil yakuni bo‘yicha inflyasiya prognozi 11-12,5 foiz darajasida o‘zgarishsiz saqlanib qolindi va bunda inflyasiyaning prognoz koridorining quyi chegarasiga yaqin darajada shakllanish ehtimoli ortmoqda. Shuningdek, iqtisodiyotda inflyasion kutilmalar barqaror pasayishi va makroiqtisodiy barqarorlikning saqlab qolinishi sharoitida inflyasiya prognozi yanada pasaytirish tomonga ko‘rib chiqilishi mumkin.  

Markaziy bank Hukumat bilan birgalikda 2023 yilga qadar inflyasiyaning 5 foizlik doimiy maqsadli ko‘rsatkichiga erishish uchun barcha zaruriy choralarni ko‘rib boradi.

Inflyasiya va inflyasion kutilmalar. 2020 yilning 8 oyida inflyasiya dinamikasi elektr energiya va tabiiy gaz tariflarini oshirish muddatlarining kechiktirilishi, karantin cheklovlari hisobiga aholi daromadlari va bandlik darajasining pasayishi natijasida ichki talabning qisqarishi, shuningdek, valyuta kursining aprel’ oyidagi deval’vasiyasidan so‘ng keyingi oylarda barqarorlashuvi hisobiga deval’vasion bosimning qisqarishi sharoitida shakllandi.

Inflyasiya darajasi joriy yilning yanvar’-avgust oylari davomida 2019 yil yakunidagi yillik 15,2 foizdan 11,6 foizgacha sekinlashdi va inflyasiyaning maqsadli traektoriyasidan past bo‘ldi.

Bunga, asosan, tartibga solinadigan narxlarning o‘zgarishsiz qolganligi, meva-sabzavotlar narxlarining mavsumiy pasayishi hamda iqtisodiyotga kredit qo‘yilmalarining o‘tgan yilga nisbatan sekinroq sur’atda o‘sganligi sabab bo‘ldi.

Yillik inflyasiya tarkibida nooziq-ovqat mahsulotlari (8 foiz) va xizmatlar (7,5 foiz) narxlari umumiy inflyasiyaga pasaytiruvchi ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa, oziq-ovqat mahsulotlari narxlari (16,8 foiz) nisbatan yuqori sur’atlarda o‘sdi. Bu pandemiya sharoitida ushbu guruh tovarlariga bo‘lgan talabning oshganligi bilan izohlanadi.

Iyul’-avgust oylarida bazaviy inflyasiya darajasi ham umumiy inflyasiya kabi pasayuvchi tendensiyasiga ega bo‘ldi va 8 oylik yakunlari bo‘yicha yillik 12,2 foizni tashkil etdi.

Aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining kelgusi 12 oy uchun inflyasion kutilmalari joriy yil iyul’ oyidagi o‘sishdan so‘ng sezilarli darajada pasaydi. Biroq, inflyasion kutilmalar va amaldagi inflyasiya o‘rtasidagi farq joriy yil mart oyidan buyon yuqori darajada saqlanib qolmoqda.

So‘rov natijalariga ko‘ra, respondentlar kelgusi oylarda narxlarning ko‘tarilishini asosan pandemiya oqibatlari hamda bozorda monopol mavqega ega xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan taklif etalidigan tovar va xizmatlar narxlarining oshishi mumkinligi bilan bog‘lashmoqda.

Iqtisodiy faollik. Karantin ta’sirlarining kamayib borishi bilan iqtisodiyotning bosqichma-bosqich tiklanishi kutilmoqda. Biroq, uy xo‘jaliklari daromadlarining nisbatan pastroq oshishi, shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlarining qarorlar qabul qilishdagi ehtiyotkorona yondashuvi sababli iqtisodiyotning inqirozgacha bo‘lgan darajasiga qaytishi uchun uzoqroq vaqt talab etiladi.

May-iyun’ oylarida iqtisodiy faollikning bosqichma-bosqich tiklanish tendensiyasidan so‘ng, iyul’-avgust oylarida bir qator ko‘rsatkichlarning ma’lum bir darajada pasayishi kuzatildi.

Qurilish ishlari hajmining o‘sishi ham yanvar’-iyun’ oylaridagi 7,3 foizdan 5,7 foizgacha sekinlashdi. Joriy yil iyun’ oyiga nisbatan iyul’ va avgust oylarida banklararo to‘lov tizimi orqali amalga oshirilgan barcha operatsiyalar soni mos ravishda 8 foiz va 9 foizga kamaydi.

Avgust oyining yarmidan ko‘p qismi karantin davriga to‘g‘ri kelganligiga qaramasdan savdo va pullik xizmatlar sohasida naqd pul tushumlari hajmining o‘sish dinamikasida ma’lum darajada tiklanish kuzatildi. Bunda, pul tushumlari iyul’ oyida o‘tgan oyga nisbatan 11,9 foizga kamaygan bo‘lsa (12,6 trln. so‘mdan 11,1 trln. so‘mgacha), avgust oyida 6 foizga o‘sib, o‘tgan yil mos oydagi ko‘rsatkichga yaqin bo‘ldi.

Pul-kredit sharoitlari. 2020 yil aprel’ oyida asosiy stavkaning pasaytirilishiga qaramay, iqtisodiyotda nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlari saqlanib qoldi. Iyul’-avgust oylarida majburiy zaxira talablarining yumshatilishi va Markaziy bank tomonidan pul-kredit operatsiyalarining faol o‘tkazilishi sharoitida banklararo pul bozorida, shu jumladan, uzoqroq muddatli depozitlar bo‘yicha foiz stavkalarining sezilarli darajada pasayishi kuzatildi.

Bunda, so‘nggi ikki oyda 14 kungacha bo‘lgan depozitlar bo‘yicha foiz stavkalar Markaziy bank foiz koridori doirasida shakllandi.

Maqbul foiz stavka siyosatining iyul’ oyidan joriy etilishi natijasida iqtisodiyotda depozitlar va kreditlar bo‘yicha foiz stavkalarining sezilarli darajada pasayishi kuzatildi.Joriy yilning iyul’ oyida jismoniy shaxslarning milliy valyutadagi muddatli depozitlari bo‘yicha foiz stavkalar 18 foizgacha va yuridik shaxslarning muddatli depozitlari bo‘yicha esa 15,2 foizgacha pasaydi. Shuni ta’kidlash lozimki, nominal foiz stavkalarining pasayishiga qaramay, inflyasiyaning pasayishi sharoitida depozitlar bo‘yicha ijobiy (musbat) real foiz stavkalar saqlanib qoldi. Natijada, bank tizimidagi jami depozitlar hajmi joriy yilning yanvar’-avgust oylarida 13,6 foizga o‘sdi.

Milliy valyutadagi kreditlar bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkalari 20,6 foizgacha, yuridik shaxslar kreditlari bo‘yicha foiz stavkalar yil boshidagi 24,3 foizdan 19,5 foizgacha, jismoniy shaxslar kreditlari bo‘yicha esa yil boshidagi 28,1 foizdan 22,3 foizgacha pasaydi.

So‘mning almashuv kursi dinamikasi yanvar’-avgust oylarida jahon iqtisodiyotidagi umumiy iqtisodiy vaziyatning yomonlashuvi, valyuta tushumlarining kamayishi va asosiy savdo-hamkor davlatlar milliy valyutalarining qadrsizlanishi fonida shakllandi. Natijada, valyuta kursi joriy yilning aprel’ oyida 5,8 foizga keskin qadrsizlanishdan keyin may-avgust oylarida nisbatan barqaror bo‘lib, yanvar’-avgust oylarida umumiy deval’vasiya darajasi 8 foiz atrofida bo‘ldi.

Shu bilan birga, kelgusida valyuta kursining o‘zining fundamental trendiga yaqin darajada shakllashini va real effektiv almashuv kursida jiddiy tebranishlar ro‘y bermasligi kutilmoqda.

Inflyasion xatarlar. Qisqa muddatli istiqbolda iqtisodiyotda inflyasiyani oshiruvchi omillarning vujudga kelishi kutilmayapti.

Bu, birinchidan, joriy yil oxirigacha elektr energiya, kommunal xizmatlar, jamoat transporti tariflari va boshqa tartibga solinadigan narxlarning o‘zgarishsiz qolishi bilan bog‘liq.

Bundan tashqari, aholining kelgusi daromadlari bo‘yicha ishonchsizligi, xarajatlarni optimallashtirish xohishi va iste’molchilar tanlovlarining o‘zgarishi fonida aholi tomonidan, ayniqsa, birlamchi ehtiyoj toifasiga kirmaydigan mahsulotlarga bo‘lgan talabning qisqarishi inflyasiyaning sekinlashishiga xizmat qiladi.

Ichki talabni oshiruvchi omillarning o‘zaro muvozanatlashganligi, shuningdek, yil yakuniga qadar bug‘doy uni va non mahsulotlari narxlarining o‘tgan yildagi oshishi ta’sirining chiqib ketishi inflyasiyaning yanada pasayishiga yordam beradi.

Shu bilan birga, karantin cheklovlarining bosqichma-bosqich bekor qilinishi bilan iste’molchilarda kechiktirilgan talabning yuzaga chiqishi, xususan, oziq-ovqat mahsulotlari – go‘sht va boshqa oziq-ovqat mahsulotlariga talabning ortishi, kuz-qish davrida dori-darmonlar, meva-sabzavotlar va boshqa mahsulotlar narxlarining mavsumiy oshishi kabi omillar qisqa muddatli davrda iste’mol narxlariga oshiruvchi xatarlarning saqlanib qolishiga sabab bo‘ladi.

Markaziy bank Boshqaruvining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi majlisi 2020 yilning 22 oktyabr’ kuniga rejalashtirilgan.