29 Noyabr 2022

Turkiyaning Akcha Holding kompaniyasi O‘zbekistonda to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchi

Joriy yilning 29-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev Turkiyaning Akcha Holding kompaniyasi direktorlar kengashi a’zosi Ahmet Bilge Go‘ksan bilan uchrashdi.

Uchrashuvda toʻqimachilik sanoati, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, qishloq xoʻjaligi va mashinasozlik sohalarida hamkorlikni yanada rivojlantirishni va yangi qoʻshma loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutgan holda ikki tomonlama munosabatlarni faollashtirish istiqbollari muhokama qilindi.

Turkiya kompaniyasi vakillari O‘zbekistonda investorlarning qulay faoliyat yuritishi uchun yaratilgan shart-sharoitlarni yuqori baholab, Namangan viloyatida to‘qimachilik yo‘nalishida 250 million dollarlik investitsiya loyihasini amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. AQSh, Yevropa, Braziliya, Kanada va boshqa mamlakatlar bozorlariga moʻljallangan Ip kalava, momiq sochiq, uy tekstil mahsulotlari, trikotaj, harbiy kiyimlar, xom mato, bo‘yalgan mato va boshqa toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishga asoslangan ushbu loyiha to‘liq amalga oshirilsa, 12-15 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Uchrashuv yakunida O’zbekiston tomoni loyihani hayotga tatbiq etishning barcha bosqichlarida, shuningdek, yangi investitsiya tashabbuslarini ishlab chiqish jarayonida har tomonlama yordam ko’rsatishga tayyorligini bildirdi.