30 Noyabr 2022

UBTIC-2022: Ikki tomonlama savdo va investitsiyani oshirish uchun yangi imkoniyatlar

Joriy yilning 30-noyabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston-Buyuk Britaniya Savdo va sanoat kengashining (UBTIC) 26-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, unda ikki mamlakat vazirlik va idoralari rahbarlari, 70 ga yaqin yetakchi kompaniyalar hamda Buyuk Britaniyadagi xalqaro universitetlar va xalqaro moliya institutlari rahbarlari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari Badriddin Abidov tadbir ishtirokchilariga qutlov so‘zi bilan murojaat qilib, O‘zbekiston-Buyuk Britaniya savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorligining ijobiy dinamikasini qayd etdi. Keyingi yillarda O‘zbekistonda Britaniya kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 338 taga yetdi, shundan 215 tasi qo‘shma, 123 tasi 100 foiz Britaniya kapitali ishtirokidagi korxonalardir. Mamlakatimizda yaratilgan qulay sarmoyaviy muhit tufayli mazkur korxonalar qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat, tog‘-kon sanoati, farmatsevtika, to‘qimachilik va kimyo sanoatida o‘z faoliyatini muvaffaqiyatli amalga oshirib, xizmat ko‘rsatish va savdo sohalarida o‘z ifodasini topmoqda. Bunga ko’p jihatdan O’zbekiston Buyuk Britaniyaning Kengaytirilgan GSP tizimining Kengaytirilgan sxemasi benefitsiari maqomiga ega bo‘lgani yordam bermoqda.

Shuningdek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarning konstruktivligi, O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha olib borilayotgan izchil va jadal saʼy-harakatlar, shuningdek, ushbu jarayonda Britaniya tomoni mamlakatimizni faol qo‘llab-quvvatlayotgani ham qayd etildi. O‘zbekiston Hukumatining xorijiy investorlar faoliyatiga har tomonlama yordam berishga tayyorligi ta’kidlanib, Britaniya kompaniyalari rahbarlari o‘zbekistonlik hamkorlar bilan faol hamkorlik qilishga taklif etildi.

O‘z navbatida, Buyuk Britaniyaning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha savdo komissari – Istanbuldagi Bosh konsul Kenan Poleo, Buyuk Britaniya Xalqaro savdo departamenti bosh direktori Endryu Mitchell o‘z chiqishlarida o‘zaro savdo va investitsiyalarni rivojlantirish va ko‘paytirish imkoniyatlarini muhokama qilish uchun samarali platforma hisoblanadigan UBTICning yillik yig‘ilishlari muhimligini ta’kidladilar. Ular, shuningdek, O‘zbekiston iqtisodiyotining turli tarmoqlarida investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish uchun imkoniyatlar va qulay sarmoyaviy muhit mavjudligini ta’kidlagan holda, Britaniya kompaniyalari vakillarini O‘zbekistonning jadal rivojlanayotgan bozorida o‘z faoliyatini kengaytirishga chaqirdi.

Yig‘ilish doirasida professional moliyaviy xizmatlar ko‘rsatish, infratuzilmani modernizatsiya qilish, qurilish sohasini rivojlantirish, Buyuk Britaniyaning Preferensiyalar bosh tizimining Kengaytirilgan sxemasidan (Enhanced GSP) samarali foydalanish masalalari muhokama qilingan to‘rtta tarmoq sessiyasi o‘tkazildi. Sessiyalar davomida boʻlib oʻtgan muloqotlar doirasida, shuningdek, Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan xususiylashtirish dasturida britaniyalik investorlarning ishtirok etish istiqbollari, O‘zbekistonning bir qator yirik kompaniyalarining birlamchi ommaviy taklif (IPO)ga qo‘yilishi, davlat-xususiy sheriklik asosida yirik sarmoyaviy va infratuzilmaviy loyihalarini birgalikda amalga oshirish imkoniyatlari va ikki davlat o‘rtasida ta’lim sohasida hamkorlik salohiyati muhokama qilindi.

Tadbir doirasida ishtirokchilar aniq investitsiya loyihalari va tashabbuslarini amalga oshirish doirasidagi hamkorlikning moliyaviy va texnik jihatlarini yanada chuqurroq muhokama qilish maqsadida B2B va G2B formatida muzokaralar olib borishdi.

Savdo-sanoat va Oʻzbekiston-Buyuk Britaniya kengashi yakunlari boʻyicha savdo, toʻqimachilik, togʻ-kon sanoati, atrof-muhitni muhofaza qilish, taʼlim va madaniyat sohalarida 8 ta ikki tomonlama hujjat, shuningdek, UBTIKning 2023 yil uchun qoʻshma harakat rejasi (“Yoʻl xaritasi”) imzolandi.