22 Iyun 2022

O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida qiymati 500 million dollardan ortiq savdo shartnomalari imzolandi

Ozarbayjon prezidentining O‘zbekistonga tashrifi arafasida Toshkentda O‘zbekiston-Ozarbayjon biznes-forumi bo‘lib o‘tdi, unda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda delegatsiyalar rahbarlari – Oʻzbekiston Bosh vaziri oʻrinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov va Ozarbayjon iqtisodiyot vaziri Mikayil Jabborov hukumatlarning ikki mamlakat ishbilarmon doiralari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri mustahkam aloqalarni yoʻlga qoʻyish tarafdori ekanini taʼkidladilar. Bu haqda ITSV matbuot xizmati xabar berdi.

Forum doirasida B2B va G2B formatida panel sessiyalari boʻlib oʻtdi, ular davomida Oʻzbekiston va Ozarbayjon biznes vakillari aniq loyiha takliflari asosida ishbilarmonlik hamkorligi istiqbollarini mazmunli muhokama qilishdi.

Forum yakunlari boʻyicha umumiy qiymati 500 million dollardan ortiq boʻlgan qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha qator shartnomalar va savdo shartnomalari, shuningdek, Oʻzbekiston va Ozarbayjonning tegishli vazirlik va idoralari oʻrtasida amaliy hamkorlik boʻyicha 10 ta bitim imzolandi.

Tomonlar ikki davlat iqtisodiyotining foydalanilmagan salmoqli salohiyati hamda neft-kimyo, kimyo, elektrotexnika, to‘qimachilik, oziq-ovqat, farmatsevtika, zargarlik, avtomobilsozlik va boshqa sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun mavjud shart-sharoitlarni qayd etdilar.

Iqtisodiy hamkorlikni izchil diversifikatsiya qilish O‘zbekiston va Ozarbayjon ishlab chiqaruvchilariga yangi qo‘shilgan qiymat zanjirlarini yaratish va uchinchi davlatlar bozorlariga birgalikda chiqish imkonini berishi ta’kidlandi.

Bundan tashqari, ikki mamlakat hududlari orqali oʻzaro va tranzit yuk tashish hajmini oshirishni ragʻbatlantirish boʻyicha aniq chora-tadbirlar belgilanishi eʼlon qilindi, bu Oʻzbekiston-Ozarbayjon hamkorligini transport va logistika sohasida chuqurlashtirish imkonini beradi.