01 Noyabr 2022

O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi savdo-iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirmoqda

Joriy yilning 1-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Laziz Kudratov Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston Respublikasidagi delegatsiyasi rahbari Sharlotta Adrian bilan uchrashdi.

Uchrashuvda tomonlar Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” o‘zaro bog‘liqlik Konferensiyasiga tayyorgarlikning dolzarb masalalari hamda GSP+ tizimi doirasidagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari, O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi, O’zbekiston Respublikasi va Yevropa Ittifoqi o’rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to’g’risidagi bitim (KSHTB)ni imzolash jarayonini tezlashtirish yuzasidan fikr almashdilar.

Yevropa kengashi Prezidenti Sharl Mishelning O‘zbekistonga tashrifi yuqori saviyada tashkil etilgani va oliy darajadagi muzokaralarda erishilgan keng ko‘lamli kelishuvlar qayd etildi.

O‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirishning bugungi holati va istiqbollari ko‘rib chiqildi. Joriy yilning yanvar-sentabr oylarida O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro savdo aylanmasi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 15 foizga o‘sib, 3,1 milliard dollarga yetdi, bunga esa O‘zbekistonning GSP+ benefitsiar maqomini olishi tufayli erishildi. Shu nuqtai nazardan, Yevropa Ittifoqining birinchi monitoring missiyasi doirasida mamlakatimizga har tomonlama ko‘mak berilgani uchun Yevropa tomoniga minnatdorlik bildirdi.

Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimni tayyorlash borasidagi qoʻshma ishlarning borishi oʻrganildi. Imzolanishni imkon qadar tezroq amalga oshirish uchun Bitim matni yuzasidan bildirilgan o‘zaro takliflarni ko‘rib chiqish jarayonini faollashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar o‘zaro munosabatlarning barcha muhokama qilingan yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada kengaytirishga sodiqligini bildirdilar.