22 Iyun 2022

O‘zbekiston va Pokiston o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga oshirishni muhokama qildilar

Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov Pokiston elchisi Sayid Ali Asad G‘iloniyni qabul qildi.

Uchrashuvda tomonlar Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlashda muhim o‘rin tutadigan O‘zbekiston-Pokiston strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirishdagi ijobiy dinamikani mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Bo‘lajak uchrashuvlar jadvali, jumladan, 2022-yil 28-29-iyul kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan ShHT Tashqi ishlar vazirlari kengashi majlisida ishtirok etish uchun Pokiston tashqi ishlar vazirining O‘zbekistonga tashrifi yuzasidan fikr almashildi.

O‘zbekiston va Pokistonning xalqaro maydonda, xususan, BMT, ShHT, Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) va Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (EKO) doirasidagi sa’y-harakatlarini muvofiqlashtirishni davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Ikki mamlakat o‘rtasida tranzit va imtiyozli savdo to‘g‘risidagi imzolangan shartnomalar orqali savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollargacha oshirish niyatida ekanliklarini tasdiqladilar.