16 Sentyabr 2022

Oʻzbekiston va Rossiya 4,6 milliard dollarlik yangi investitsiya kelishuvlari paketini imzolaydi

Shavkat Mirziyoyev 15-sentabr kuni Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida ishtirok etish uchun Samarqandga kelgan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan muzokara o‘tkazdi.


Uchrashuvda tomonlar so‘nggi yillarda ko‘p qirrali O‘zbekiston-Rossiya hamkorligi misli ko‘rilmagan yuksak darajaga ko‘tarilganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Tomonlar, birinchi navbatda, elektronika, farmatsevtika, to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati sohalarida sanoat va texnologik hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma Kompleks harakatlar rejasini qabul qilishga kelishib oldilar.

Qayd etilishicha, Rossiya prezidentining O‘zbekistonga joriy tashrifi doirasida mashinasozlik, kimyo, neft-kimyo va geologiya sohalarida 4,6 milliard dollarlik yangi sarmoyaviy bitimlar paketi imzolanmoqda.

Ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishda bevosita hududlararo aloqalar muhim o‘rin tutadi. Birgina yilning birinchi yarmida ikki mamlakat hududlariga 50 ga yaqin o‘zaro tashriflar amalga oshirildi. Tomonlar O‘zbekiston hududlarida qo‘shma sanoat parklari tashkil etish, joriy yilning oktyabr oyida O‘zbekiston va Rossiya mintaqalarining navbatdagi Forumini o‘tkazishga kelishib oldilar.

Prezidentlar boy va rang-barang madaniy-gumanitar hamkorlikni ham yuqori baholadilar. O‘zbekiston bugungi kunda Rossiya universitetlarining xorijiy filiallari soni bo‘yicha yetakchi hisoblanadi. So‘nggi to‘rt yil ichida Rossiyaning 12 ta yetakchi universitetlarining filiallari ochildi. 

Turizm almashinuvi jadal rivojlanmoqda. Joriy yilda O‘zbekistonga kelgan rossiyalik sayyohlar soni pandemiyadan oldingi darajadan oshib ketdi. Prezidentlar tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi masalalar yuzasidan fikr almashdilar.

Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash tarafdori ekanliklarini tasdiqladilar.