22 Mart 2022

O‘zbekiston va AQSh iqtisodiy sohada o‘zaro manfaatli sheriklikni chuqurlashtirish niyatida

Joriy yilning 17-18-mart kunlari Bosh vazir o‘rinbosari – investisiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov boshchiligidagi O‘zbekiston hukumati delegasiyasi Vashington (AQSh)ga tashrif buyurdi.

Ikki kunlik tashrif davomida Jahon banki prezidenti Devid Malpass, Bankning Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha vise-prezidenti Anna B’erde, Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK) Boshqaruvchi direktori Maxtar Diop, AQSh savdo vaziri Djina Raymondo, shuningdek, uning birinchi o‘rinbosari Don Greyvs, AQSh savdo vakili Ketrin Tay, AQSh Xalqaro taraqqiyot moliya korporatsiyasi (DFC) bosh ijrochi direktori Skott Natan hamda AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) ma’muri Samanta Pauer bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Olib borilgan muzokaralar doirasida ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni ilgari surishni kuchaytirish, sanoat, energetika, infratuzilmaviy rivojlanish sohalari, bank-moliya sektori va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida yangi loyihalarni amalga oshirish uchun qo‘shimcha investisiyalar va texnik yordam jalb qilishni nazarda tutgan holda, Jahon banki va XMK bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘tarildi va har tomonlama ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston – AQSh tovar aylanmasini ko‘paytirish va diversifikasiya qilish, investisiyalar sohasida ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish, sanoat va qishloq xo‘jaligining turli tarmoqlarida AQSh ilg‘or texnologiyalari va innovasiyalarini joriy etish, Amerika kompaniyalarini O‘zbekistonda biznes yuritishga jalb qilish bo‘yicha birgalikda ish olib borish, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatish hamda o‘zaro biznes va savdo missiyalarini tashkil etish bo‘yicha choralar ko‘rish, shuningdek, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi jarayoni doirasidagi hamkorlik mexanizmlari muhokama qilindi.

Tashrif yakunlari bo‘yicha savdo-iqtisodiy, investisiyaviy, innovasiyalar va texnologiyalar hamda moliyaviy-texnik yo‘nalishlarida O‘zbekiston-Amerika hamkorligini yanada chuqurlashtirish borasida qator kelishuvlarga erishildi.