09 Noyabr 2022

O‘zbekiston investitsiya uchun fuqarolik berishni boshlashi mumkin

Kamida 1 mln dollar investitsiya kiritgan xorijliklarga soddalashtirilgan tartibda O‘zbekiston fuqaroligini olishga ruxsat berilishi mumkin. Bunday imkoniyat nafaqat investorlar, balki taniqli olimlar, sportchilar, madaniyat va san’at arboblariga ham tadbiq etiladi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi O‘zbekiston fuqaroligi to‘g‘risidagi qonunga qo‘shimchalar ishlab chiqib, uni jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi.

Qonun loyihasiga ko‘ra, mamlakatdagi investitsiya loyihalariga kamida 1 million dollar ekvivalentida mablag‘ kiritgan xorijiy fuqarolar yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun O‘zbekiston fuqaroligini berishning soddalashtirilgan tartibini joriy etish taklif etilmoqda. Bunday imkoniyat nafaqat investorlarga, balki boshqa mamlakatlarning taniqli olim, sportchi, madaniyat va san’at arbobiga nisbatan ham tadbiq etiladi.

Bunda «Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi» DUK yoki Davlat xizmatlari markazi chet davlat fuqarosi bo‘lgan yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga sarmoya kiritganligini tasdiqlovchi ma’lumotnoma beradi. Ushbu hujjat O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilish to‘g‘risidagi arizaga ilova qilinadi.

O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilishning soddalashtirilgan tartibi chet davlat fuqarosi bo‘lgan yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs hisoblangan vatandoshga nisbatan quyidagi hollarda amalga oshiriladi, agar u:

  • mamlakat hududida yashaydigan va fuqarosi bo‘lgan, nasl-nasab shajarasi bo‘yicha to‘g‘ri tutashgan loaqal bitta o‘zidan oldingi qarindoshga ega bo‘lsa;
  • tirikchilikning qonuniy manbaiga ega bo‘lsa;
  • Konstitutsiyasiga rioya etish majburiyatini o‘z zimmasiga olsa;
  • davlat tilini qonunchilikda belgilangan tartibda muloqot qilish uchun zarur darajada bilsa.

Qonun loyihasi prezident Administratsiyasining 2022-yil 10-martdagi topshirig‘i va hukumatning «Vujudga kelayotgan xalqaro inqiroz sharoitida turizm tarmog‘i imkoniyatlaridan foydalanish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish to‘g‘risidagi «yo‘l xarita»si»ga asosan ishlab chiqildi.