14 May 2020

Davlat banklaridan 6tasi xususiylashtiriladi

Prezidentning 12 maydagi farmoni bilan, 2020–2025 yillarda O‘zbekiston bank tizimini isloh qilish strategiyasi tasdiqlandi.

O’zbekiston Respublikasida bank tizimini isloh qilishning asosiy yo’nalishlari quyidagilardan iborat:

moliya bozorida teng raqobat sharoitlarini yaratish, kreditlashni faqat bozor shartlari asosida amalga oshirish, banklarning davlat resurslariga qaramligini pasaytirish, banklarda xizmat koʻrsatishni modernizatsiya qilish, samarali infratuzilma yaratish va banklar faoliyatini avtomatlashtirish, shuningdek, banklarning asosiy faoliyat turi bilan bogʻliq boʻlmagan funksiyalarini bosqichma-bosqich bekor qilish orqali bank tizimining samaradorligini oshirish;

kredit portfeli va tavakkalchiliklarni boshqarish sifatini yaxshilash, kreditlash hajmlari oʻsishining moʻtadil darajasiga amal qilish, muvozanatlashgan makroiqtisodiy siyosat yuritish, korporativ boshqaruvni takomillashtirish va xalqaro amaliy tajribaga ega boʻlgan menejerlarni jalb qilish, moliyaviy tavakkalchiliklarni baholash uchun texnologik yechimlarni tatbiq etish orqali bank tizimining moliyaviy barqarorligini taʼminlash;

davlat ulushi mavjud tijorat banklarini kompleks transformatsiya qilish, bank ishining zamonaviy standartlarini, axborot texnologiyalari va dasturiy mahsulotlarni joriy etish, banklardagi davlat aksiyalari paketini zarur tajriba va bilimga ega boʻlgan investorlarga tanlov savdolari asosida sotish, shuningdek, davlat ulushi mavjud tijorat banklari va korxonalarni bir vaqtning oʻzida isloh qilish orqali bank sektorida davlatning ulushini kamaytirish;

yetarli darajada xizmat koʻrsatilmayotgan va zaif qatlamlarda davlat ishtirokini koʻpaytirish va manzilli chora-tadbirlarni amalga oshirish, aholi va kichik biznes uchun masofaviy xizmatlarni keng joriy qilish, kamxarj xizmat koʻrsatish nuqtalari tarmogʻini rivojlantirish, shuningdek, respublikaning yagona moliya tizimidagi oʻzaro toʻldiruvchi qism sifatida nobank kredit tashkilotlarining shakllanishi va rivojlanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish orqali moliyaviy xizmatlar ommabopligini va sifatini oshirish.

Hujjatga asosan, xalqaro moliya institutlari ko‘magida «Ipoteka-bank», «O‘zsanoatqurilishbank», «Asaka», «Aloqabank», «Qishloq qurilish bank» va «Turonbank»dagi davlat ulushlari bosqichma-bosqich xususiylashtiriladi.

Davlat aksiyalari paketi sotuvga chiqarilishidan oldin bu banklarda transformatsiya jarayoni o‘tkaziladi.

Qayd etish kerak, ushbu 6ta bank sirasidagi «O‘zsanoatqurilishbank» va «Asaka» banklari – kapitali va aktivlari miqdori, kredit va depozit portfellari hajmi bo‘yicha O‘zbekistondagi ikkinchi va uchinchi raqamli banklar sanaladi.

Mamlakatdagi eng yirik bank – «Tashqi iqtisodiy faoliyati Milliy banki», shuningdek, «Agrobank» va «Mikrokreditbank» ustav kapitallarida davlat ulushi saqlab qolinadi.

Bundan maqsad – bank tizimini isloh qilish davrida aholining moliyaviy xizmatlarga bo‘lgan talabini qondirish, investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmini («loyihalar fabrikasi») keng joriy qilish, bank xizmatlarining hududiy qamrovini ta’minlash.

Shuningdek, ayrim banklar faoliyatini diagnostika qilish va moliyaviy ahvolini baholash asosida, me’yoriy talablaridan hamda qayta tashkil etishning iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiqligidan kelib chiqqan holda qonun hujjatlariga muvofiq konsolidatsiya qilinadi.