20 Noyabr 2020

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi navbatdagi suveren xalqaro obligasiyalarning boshlang‘ich foiz stavkasini e’lon qildi

Joriy yilning 17-18 noyabr’ kunlari bo‘lib o‘tgan roud-shou tadbiri doirasida:

AQSh, Buyuk Britaniya, Daniya, Avstraliya va Birlashgan Arab Amirliklari kabi mamlakatlardan 90 ga yaqin xalqaro investorlar ishtirokida audiokonferensiya (Global Investor Call) o‘tkazildi;

15 ga yaqin yirik xalqaro investorlar bilan yakkama-yakka formatda virtual uchrashuvlar tashkil etildi;

xalqaro investorlarning soliq-byudjet siyosati va davlat qarzi dinamikasi, pul-kredit siyosati va inflyasion targetlash rejimi hamda institusional islohotlar, jumladan korrupsiyaga qarshi kurashish bilan bog‘liq bir qator savollariga atroflicha javob berildi.

O‘tkazilgan tabdirlar yakuniga ko‘ra, xalqaro investorlar tomonidan respublikaning makroiqtisodiy istiqbollari va tizimli islohotlari yuzasidan ijobiy xulosa berildi.

Natijada, qator yirik xalqaro investorlar tomonidan nafaqat dollarda, balki o‘zbek so‘mida ham denominasiya qilingan suveren xalqaro obligasiyalarning chiqarilishiga ham qiziqish bildirildi.

Xalqaro obligasiyalarning milliy valyutada chiqarilishi valyuta xatarlarini kamaytirishga xizmat qilish bilan birga kelajakda ichki moliya bozoriga, jumladan davlat g‘aznachilik obligasiyalari bozoriga xalqaro investorlarni jalb qilish uchun zamin yaratadi.

Moliyaviy konsul’tantlar – anderrayterlar (“Siti”, “JP Morgan”, “Societe Generale”, “VTB Capital” va “Gazprombank”) tomonidan investorlar takliflariga binoan 750 mln. AQSh dollari miqdoridagi suveren xalqaro obligasiyalarni 2 transhda – 10 yillik muddat bilan AQSh dollarida va

3 yillik muddat bilan o‘zbek so‘mida – chiqarish va London fond birjasida joylashtirish bo‘yicha boshlang‘ich foiz stavkalar, mos ravishda,

4.25% atrofida va 15.25% atrofida belgilandi.

London vaqti bilan soat 09:00 da buyurtmalar kitobi ochiq deb e’lon qilindi. Kun davomidagi buyurtmalar kitobining hajmi va investorlarning takliflaridan hamda moliya bozorlaridagi holatdan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi suveren xalqaro obligasiyalarining har ikki transhi bo‘yicha kupon stavkalarini belgilash jarayoni bugun (19 noyabr’ kuni) yakunlanishi kutilmoqda.