01 Oktyabr 2019

O‘zbekiston eng islohotchi TOP-20 davlatlar ichida

Jahon banki: Biznes yuritishni yengillashtirishda eng katta islohotlar amalga oshirgan dunyodagi 20 ta top davlatlar ichida O‘zbekiston ham e’tirof etildi.

Jahon banki “Biznes yuritish” xalqaro reytingi doirasida oxirgi bir yil ichida biznesni yuritishda yengilliklarni nazarda tutuvchi eng ko‘p islohotlarni amalga oshirgan 20 ta davlatni e’tirof etdi. Bular ichida O‘zbekistonda 5 ta yo‘nalishda amalga oshirilgan qadamlar alohida tan olindi.

Jahon banki xabariga ko‘ra, O‘zbekiston oxirgi davrda minoritar investorlarni himoya qilishni mustahkamlagan, soliqlar to‘lash tizimini soddalashtirgan, shartnomalarni ijrosini amalga oshirishni kuchaytirgan, shuningdek tashqi savdo yo‘nalishida sezilarli yangiliklar kiritgan.

Bunday tashqari, tijorat tashkilotlarida mustaqil kengash a’zolari bo‘lishi yuzasidan yangi talablar va audit qo‘mitalarining mavqei mustahkamlandi.

Infratuzilma soliqlari foyda solig‘i bilan birlashtirilgani ham alohida ta’kidlangan. Jahon banki mediasiya institutini rivojlantirishga qaratilgan qadamlarni ham e’tirof etib, bu borada yagona huquqiy baza shakllanganini va mediasiyadan foydalanishni rag‘batlantirish mexanizmlari joriy etilganini ta’kidlagan.

Bojxona sohasida esa xavf-xatarni tahlil qilish asosida tekshiruvlarni amalga oshirish tartibotlari kiritilganini ham ma’qullagan.

Adliya vazirligi ushbu yo‘nalishda islohotlarni olib borishda ishtirok etgan barcha tashkilotlar va ularning mutasaddilarini ushbu e’tirof bilan tabriklaydi.