15 Iyul 2022

Buxoroda birinchi O‘zbek-Turkman hududlararo forumi bo‘lib o‘tdi

Turkmaniston Prezidentining O‘zbekiston Respublikasiga tashrifi arafasida Buxoroda birinchi O‘zbek-Turkman hududlararo forumi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda ikki mamlakat delegasiyalariga O‘zbekiston tomonidan Bosh vazir o‘rinbosari – investisiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov, Turkmaniston tomonidan Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari Botir Atdaev rahbarlik qildi. Delegasiyalar tarkibiga ikki mamlakat vazirliklari, idoralari, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari, savdo-sanoat palatalari rahbarlari, mahalliy ma’muriyatlar rahbarlari hamda ishbilarmon doiralar vakillari kirdi.

Delegasiyalar rahbarlari tadbir ishtirokchilariga qutlov so‘zi bilan murojaat qilib, O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasidagi hamkorlik tobora chuqurlashib borayotganini va jadallashayotganini qayd etdilar. Shu bilan birga, qatnashchilar e’tibori keng ko‘lamli ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish uchun ishga solinmagan imkoniyatlar mavjudligiga qaratildi.

Tomonlar hududlararo aloqalarni mustahkamlash va iqtisodiy samaradorligi yuqori bo‘lgan tashabbuslarni birgalikda rivojlantirish muhimligini ta’kidlab, bu borada qo‘shma amaliy chora-tadbirlarni ko‘rishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Ikki mamlakat hududlarining rahbarlari va biznes missiyalarining muntazam o‘zaro tashriflarini tashkil qilish yo‘lga qo‘yiladi. Bundan tashqari, vazifalari hududlar o‘rtasida hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini kashf etish, istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish va muvofiqlashtirish, ularni hayotga tatbiq etish bilan bog‘liq barcha masalalarni hal qilishdan iborat bo‘lgan doimiy ishchi guruhlar tashkil etilishi ma’lum qilindi.

Forum ishtirokchilari investisiyaviy, sanoat va savdo munosabatlarini rivojlantirish uchun qishloq xo‘jaligi, avtomobilsozlik, kimyo, to‘qimachilik, charm-poyabzal va elektrotexnika sanoati kabi eng istiqbolli yo‘nalishlarga e’tibor qaratdilar.

Hududlararo aloqalarni rivojlantirish nuqtai nazaridan chegaraoldi savdo zonalarini foydalanishga topshirish, savdo uylarini ochish hamda yuqori texnologiyali ishlab chiqarish korxonalarini tashkil qilishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish muhimligi ta’kidlandi.

So‘zining yakunida delegasiyalar rahbarlari O‘zbekiston va Turkmaniston hududlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni mustahkamlash, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va hududlararo hamkorlikning yangi o‘sish nuqtalarini kashf etish bo‘yicha faol hamkorlik qilishga sodiqligini bildirdilar.

Forum davomida ikki mamlakat Savdo-sanoat palatalari rahbarlari, viloyatlar va tegishli idoralar rahbarlari ham so‘zga chiqdilar. Ular tomonidan investisiyaviy hamkorlikni kengaytirish salohiyati va istiqbollari, shuningdek, ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini tashkil qilish bo‘yicha aniq takliflar taqdim etildi.

Bundan tashqari, tadbir doirasida ishtirokchilarning “B2G” va “B2B” formatidagi uchrashuvlari hamda ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Forum yakunida umumiy qiymati 451 million dollarlik investisiya va savdo bitimlari imzolandi.