02 Noyabr 2022

Jiddada oʻzbek toʻqimachilik mahsulotlarini Saudiya Arabistoniga eksport qilish va qoʻshma korxona yaratish masalalari muhokama qilindi

O‘zbekiston elchisi Ulug‘bek Maqsudov Jidda shahrida “Sitra” to‘qimachilik kompaniyasi direktori Umar as-Sakkaf bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni to‘qimachilik korxonalari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, mamlakatimizda ishlab chiqarilgan to‘qimachilik mahsulotlarini qirollikka eksport qilish, qo‘shma korxona tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Diplomatik missiya rahbari O‘zbekiston rahbariyati tomonidan xorijiy investorlar uchun yaratib berilayotgan imkoniyatlar, investisiya loyihalarini amalga oshirishda berilayotgan imtiyozlar haqida ma’lumot berdi.

Umar as-Saqqaf O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar, jumladan, sarmoyaviy sohada amalga oshirilayotgan ishlarga yuksak baho berdi. O‘zbekiston jahon miqyosida o‘z mavqeini mustahkamlab borayotgani, mamlakatimiz iqtisodiyoti kundan-kunga yuksalib borayotgani ana shu sa’y-harakatlarning amaliy samarasi ekanini ta’kidladi. Jumladan, O‘zbekiston Prezidentining joriy yil 17-18-avgust kunlari Saudiya Arabistoniga davlat tashrifi va qirollik ishbilarmon doiralari vakillari bilan uchrashuvi davlatimiz rahbarining iqtisodiyotni rivojlantirish, ikki davlat o‘rtasidagi investitsion va savdo-iqtisodiy sohalardagi aloqalarni mustahkamlashga katta e’tibor qaratayotganidan dalolatdir. 

Suhbatdosh saudiyalik sarmoyadorlar mamlakat vazirlik va idoralari bilan yaqin hamkorlik qilish, to‘qimachilik sohasidagi loyihalarga qo‘shma sarmoya kiritishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi. Tadbirkor O‘zbekiston korxonalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, o‘zbek to‘qimachilik mahsulotlarini Saudiya Arabistoni bozoriga eksport qilishdan manfaatdorligini bildirdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston-Saudiya qo‘shma korxonasini tashkil etish yuzasidan fikr almashildi.