09 Sentyabr 2019

Hindistonda O’zbekistonning ipak sanoatining imkoniyatlari namoyish etildi

2019 yil 6 sentyabr kuni mamlakatimizning Dehli shahridagi elchixonasi «O’zbekipaksanoat» uyushmasi va Ipak eksportini rivojlantirish bo’yicha Hindiston kengashi bilan birgalikda O’zbekistonning ipak mahsulotlarini ishlab chiqarish borasidagi imkoniyatlari haqida taqdimot o’tkazdi.

Hind ipak eksportini ilgari surish bo’yicha kengash (ISEPC) 1983 yilda Hindiston To’qimachilik vazirligi qoshida tashkil etilgan notijorat tashkilotdir. Bugungi kunda uning tarkibiga ipak mahsulotlarini ishlab chiqarish va sotish bilan shug’ullanadigan 2000 ga yaqin tadbirkor kiradi.

Tadbirda «O’zbekipaksanoat» uyushmasi, Hindiston ishbilarmon doiralari, ipak ishlab chiqaruvchilar, savdo kompaniyalari, Hindiston Savdo-sanoat palatalari a’zolari ishtirok etdi.

Sessiya davomida O’zbekistonda ipak sanoatining bugungi holati va rivojlanish istiqbollari batafsil yoritildi, shuningdek, ushbu sohadagi hamkorlikni kengaytirish bo’yicha interfaol fikr almashildi. Shuningdek, O’zbekistonda xorijiy sarmoyadorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar, xususan, ipakchilik sohasida ham batafsil ma’lumotlar keltirilgan.

Tadbir yakunlariga ko’ra ISEPC rahbariyati va a’zolari yaratilgan sharoitlar bilan tanishish va ikki tomonlama loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini muhokama qilish uchun O’zbekistonga tashrif buyurishga tayyorliklarini bildirdilar.