12 May 2022

Xitoyda o‘zbek gilosiga qiziqish ortib bormoqda

Mamlakatimizning Pekindagi elchixonasi Guanchjoudagi Bosh konsulligi bilan birgalikda oʻzbek gilosining Xitoy bozoriga eksportini kengaytirish doirasida Oʻzbekistonning “Uz-Segang” MChJ kompaniyasi va «Xitoyning Guangdong Electric Shore SCM technology» kompaniyasi vakillari oʻrtasida onlayn uchrashuv tashkil etdi.

Uchrashuvda gilos eksporti bo‘yicha O‘zbekistonning salohiyati, asosiy parametrlari, ta’mi, rejalashtirilgan eksport hajmlari va logistika yo‘nalishlarining batafsil tavsifi taqdim etildi.

O‘z navbatida, Xitoyning «Guangdong Electric Shore SCM Technology» kompaniyasi raisi Van Veyxan joriy mavsumda o‘zbek gilosini Xitoyga import qilishga katta qiziqish bildirdi, natijada tomonlar Farg‘onadan Guanchjougacha havo yo‘li orqali sinov partiyasini yetkazib berishga kelishib oldilar.

2019-yilda tashkil etilgan «Guangdong Electric Shore SCM Technology» ekzotik mevalar, muzlatilgan sabzavotlar, yangi mol go’shti, qo’zichoq, tovuq, dengiz mahsulotlari va boshqalarni import qiluvchi hisoblanadi. Xitoyning yirik ulgurji bozorlari, supermarketlari, elektron tijorat saytlari, muassasalari, yirik mehmonxonalari, davlat korxonalarini yuqori sifatli xorijiy mahsulotlar bilan ta’minlaydi.