22 Iyul 2022

ITSVda O‘zbekiston Respublikasining SHHTga raislik qilishi doirasida o‘tkaziladigan Hududlar rahbarlari forumiga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida joriy yilning 3-4-avgust kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tadigan Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga aʼzo davlatlar Hududlari rahbarlari forumiga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi. Tadbirda mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Brifing chog‘ida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari A.Voitov tadbirning mamlakatimiz uchun ahamiyatli ekanligi haqida so‘zlab berdi. O‘zbekiston Respublikasining SHHTga raislik qilishi doirasida o‘tkazilayotgan mazkur Forum tashkilotga aʼzo mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qilish uchun hududlar darajadagi muloqot maydonchasiga aylanishi ko‘zda tutilgan.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning SHHTga aʼzo davlatlarning 2020 yilda Moskva va 2021-yilda Dushanbeda bo‘lib o‘tgan sammitlarida ilgari surilgan tashabbuslarni hayotga tatbiq etish doirasida o‘tkazilmoqda.

O‘zbekistonning so‘nggi besh yil ichidagi yangi tashqi siyosat strategiyasi SHHT faoliyatida yaqqol namoyon bo‘ldi. Xususan, pandemiyaga qaramay, O‘zbekiston so‘nggi bir necha yil ichida ijobiy iqtisodiy o‘sish surʼatlarini saqlab qoldi. Shunday qilib, O‘zbekiston Respublikasining SHHT mamlakatlari bilan savdo aylanmasi 2021-yilda o‘tgan yilga nisbatan 23,6% ga oshib, 21,1 mlrd dollarni tashkil qildi.

Forumning asosiy maqsadi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda hududlararo hamkorlikni chuqurlashtirish, SHHTga aʼzo davlatlar hududlari o‘rtasida har tomonlama hamkorlikni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish ekani taʼkidlandi.

Ushbu keng ko‘lamli tadbirda SHHTga aʼzo mamlakatlar davlat organlari, maʼmuriy – hududiy birliklar rahbarlari, shuningdek, ishbilarmon doiralar vakillari qatnashadi. Forum doirasida turizm, madaniy-gumanitar hamkorlik va qishloq xo‘jaligi kabi yo‘nalishlarda panel munozaralari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, davra suhbati tarzida Biznes-forum va ishbilarmon doiralar vakillarining «B2B» uchrashuvlari o‘tkaziladi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri munosabatlarning ushbu shakldagi aloqalari kompaniyalar rahbarlariga o‘zaro tajriba almashish, hamkorlik istiqbollarini belgilash imkonini beradi. Shuningdek, investorlar mamlakatimizning sanoat salohiyati bilan tanishish uchun O‘zbekistonning qator viloyatlariga tashrif buyurishi kutilmoqda.