10 Iyun 2022

Xizmat ko‘rsatish sohasida 15,9 foizga o‘sishga erishildi

Prognozlash va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) ekspertlari 2022-yilning birinchi choragida O‘zbekiston hududlarida xizmat ko‘rsatish va servis sohasi rivojlanishidagi o‘zgarishlarni baholadi.

Baholash natijalariga ko‘ra, 2022-yilning birinchi choragida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan respublikada ko‘rsatilgan xizmatlar hajmining o‘sishi 15,9 foizni tashkil etdi.

Respublika parametriga nisbatan yuqori oʻsish natijalari Fargʻona (20,1%), Jizzax (16,5%) viloyatlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi (18,3%) va Toshkent shahrida (19,8%) taʼminlandi. Shu bilan birga, Andijon viloyatida (6,9%) ko’rsatkichning nisbatan pastligi qayd etilgan.

Aholi jon boshiga xizmatlar ishlab chiqarish bo‘yicha Toshkent, Navoiy, Buxoro viloyatlari va Toshkent shahri yetakchi o‘rinlarni egalladi. Shu bilan birga, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari yuqorida qayd etilgan hududlardan biroz orqada.

Baholash shuni ko‘rsatadiki, yalpi ichki mahsulotning tarmoq tarkibida joriy yilning birinchi choragida xizmatlar ulushi 45,8 foizni tashkil etdi. Bu borada mamlakatimiz hududlari o‘rtasida Namangan, Surxondaryo viloyatlari va Toshkent shahrida yuqori natijalarga erishildi.

Respublika miqyosida xizmatlarning 23,1 foizi qishloq joylari ulushiga to’g’ri keladi. Toshkent, Samarqand, Surxondaryo, Xorazm, Andijon, Farg‘ona viloyatlarida bu ko‘rsatkich yuqori ko‘rsatkichlarga ega.