Call Center:
(+998) 78 150 38 38

05 Noyabr 2019

O‘zbekistonda Carrefour super- va gipermarketlari ochiladi

Yaqin ikki yilda Toshkentda Carrefour xalqaro brendining supermarket va gipermarketlari tarmog‘i ochiladi. 28 oktyabr kuni Dubayning Majid Al Futtaim va Akfa Group kompaniyalari o‘rtasida bu haqdagi bitim imzolandi.

Majid Al Futtaim saytida yozilishicha, birinchi bosqichda 2020 yilda yettita do‘kon, jumladan uchta supermarket va bitta gipermarket ochish rejalashtirilgan. Ular Akfa Group kompaniyasiga tegishli 17,4 ming kv. m. lik ob’ektlariga joylashtiriladi.

Akfa kompaniyalar guruhining chakana savdo bo‘linmasi (Atlas) rahbari Alisher Abduvohidov Majid Al Futtaim bilan muzokaralar 2017 yil fevralidan buyon olib borilayotganini qayd etib o‘tdi. U Carrefour tarmog‘ining ochilishi xalqaro standartlarning joriy etilishi va mahsulotlar sifatining oshirilishi hisobiga O‘zbekistonda chakana savdoni rivojlantirishga xissa qo‘shishiga umid bildirdi.

Carrefour birinchi ikki yil ichida O‘zbekistonda 2500 ta ish o‘rinlarini yaratishi kutilmoqda. Supermarketlar tarmog‘i xaridorlarga 40 ming nomdagi mahsulotlarni taklif etadi va butun mamlakatdan 600 dan ortiq mahallik yetkazib beruvchilar, ishlab chiqaruvchilar va fermerlar bilan ishlaydi.

Majid Al Futtaim BAAdagi eng yirik konglomerat kompaniyalardan biri bo‘lib, 37 ta davlatda Fransiyaning Carrefour brendini franchayzing shartlari asosida boshqaradi. 15 ta davlatda 285 dan ziyod do‘konlar tarmog‘iga ega. Joriy yilda Uganda va O‘zbekistonda supermarketlar ochib, bu raqamlarni 17 taga ko‘paytirmoqda.

Manba: Gazeta.uz