16 Iyun 2022

Toshkentda Birinchi xalqaro farmasevtika forumi ochildi

Joriy yilning 15-iyun kuni “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasida Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi, Farmasevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi, shuningdek Xorijiy farmasevtika kompaniyalari va ishlab chiqaruvchilarining O‘zbekiston Respublikasidagi vakolatxonalari Assosiasiyasi tomonidan tashkil etilgan Birinchi xalqaro farmasevtika forumi o‘z ishini boshladi.

Forum mahalliy farmasevtika mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash, farmmahsulotlarni mahalliylashtirish va eksport qilish hajmini oshirish, O‘zbekistonda qo‘shma investisiya loyihalarini amalga oshirish uchun xorijiy kompaniyalarni jalb qilishga qaratilgan. Tadbir mahalliy va xorijiy ishlab chiqaruvchilar, sohani tartibga soluvchi organlari, sotuvchi tashkilotlar va farmasevtika bozori mutaxassislari o‘rtasida eng yaxshi tajriba va amaliyot, innovasion uslub va texnologiyalar almashinuvi uchun platformaga aylanishga mo‘ljallangan.

Forumning ochilish marosimida so‘zga chiqqan ma’ruzachilar ta’kidlashicha, so‘nggi 5 yil ichida mamlakatimizda mazkur tarmoqda qiymati qariyb 500 million dollarlik 100dan ortiq investisiya loyihalari ishga tushirildi, ularning 65 tasi xorijiy investorlar ishtirokida tashkil etilgan. Buning natijasida farmasevtika mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 2,5 barobar, eksport hajmi esa qariyb 5 barobar oshdi. 7 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi. Ma’lum qilinishicha, 2026-yilga borib farmasevtika mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 3 barobarga oshirish hamda O‘zbekiston bozorida mahalliy dori vositalari ulushini 80 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

Mahalliy farmasevtika sanoatini rivojlantirishda ko‘p yillik ofteyk-shartnomalari (oldindan kelishilgan shartlar asosida kelajakda ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan mahsulotlarni sotib olish shartnomasi) asosida kafolatli sotib olish tizimini joriy qilish, erkin iqtisodiy va farmasevtika zonalarini yaratish, farmasevtika mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarini moliyaviy qo‘llab-quvatlashning samarali mexanizmlarini joriy etish, xususan, klinik sinovlarini o‘tkazish, transport xarajatlarini qoplash uchun milliy farmasevtika korxonalariga subsidiyalar ajratish, xorijiy mamlakatlarda mahsulotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish va sertifikatlash, shuningdek, GMP (Samarali ishlab chiqarish amaliyoti), GDP (Mahsulotlarni samarali tarqatish amaliyoti) va GPP (Yaxshi dorixona amaliyoti) xalqaro sifat standartlarini hayotga tatbiq etish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash tendensiyalari ko‘zatilayotganligi ta’kidlandi.

Forumda 100 dan ortiq yetakchi mahalliy va xorijiy farmasevtika kompaniyalari vakillari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, xorijiy diplomatik vakolatxonalar, shuningdek yirik dorixona tarmoqlari va distrib’yutorlar vakillari ishtirok etmoqda. Tadbir doirasida O‘zbekiston farmasevtika tarmog‘ini rivojlantirish, uning investisiyaviy va sanoat salohiyatidan samarali foydalanish, qo‘shma korxonalarni tashkil qilish istiqbollari, shuningdek farmasevtika sohasida intellektual mulkni himoya qilish choralari ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, ishtirokchilar pandemiyaning tarmoq rivojiga ta’siri hamda qoviddan keyingi davrda farmasevtika sanoatining rivojlanishidagi tendensiyalarini muhokama qiladilar.

Hamkorlar, xorijiy biznes vakillari va Forum mehmonlari e’tiboriga mahalliy va mintaqaviy bozorlarda yuqori talabga hamda qo‘shilgan qiymatga ega bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan aniq investisiyaviy takliflar bo‘yicha taqdimotlar havola etildi.

Ma’lumot uchun: hozirgi kunda O‘zbekistonda 221 farmasevtika ishlab chiqarish korxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda, 140 dorixona dori – darmon ishlab chiqarishga, 616 tashkilot – farmasevtika mahsulotlarini ulgurji sotishga hamda 15790 dorixona va ularning filiallari dori-darmon va tibbiy mahsulotlarning chakana savdosiga ixtisoslashgan. 2021-yilda mahalliy korxonalar tomonidan 3,8 trillion so‘mlik farmasevtika mahsulotlari ishlab chiqarildi, ishlab chiqarish hajmi esa 2020-yilga nisbatan 20 foizga oshdi.

Forum 15 va 16-iyun kunlari o‘z ishini davom ettiradi. 17-iyun kuni Samarqand shahrida Savdo-sanoat palatasi va Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan atoqli o‘zbek olimi Abu Ali ibn Sinoning merosini aks ettiruvchi «Avicenna Heritage» deb nomlangan dorivor o‘simliklar mahsulotlarining Birinchi xalqaro ko‘rgazmasi tashkil etiladi.