29 Iyul 2019

O‘zbekistonda birinchi marta “World Influencers Congress” xalqaro kongressi bo‘lib o‘tadi

Joriy yilning 22 – 27 avgust kunlari yurtimizda “World Influencers Congress” xalqaro kongressi bo‘lib o‘tishi rejalashtirilmoqda.  WIC – bu turizmni rivojlantirish sohasida g’oyalar va eng yaxshi tajribalarni almashish uchun dunyodagi yetakchi nufuzli bloggerlar, influenserlar va ommaviy axborot vositalarini birlashtiradigan noyob platformadir.

Tadbir dasturidan ishtirokchilarning taqdimotlari, konferensiyalar, biznes-uchrashuvlar, World Influencers Congress-2019 mukofot marosimi o‘rin olgan. Bundan tashqari, Kongress mehmonlari O’zbekistonning diqqatga sazovor joylariga tashrif buyurib, asrlar davomida sayyohlarning hurmatini qozonib kelayotgan buyuk ipak yo’lining ana’anaviy mehmondo‘stligidan bahramand bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Kongressning asosiy maqsadlaridan biri butun dunyodagi yetakchi g‘oyalar mualliflarini birlashtish va global inflyuenserlar tarmog‘ini yaratishdan iboratdir.

 Tadbirda «Travel Magazine» jurnalining asoschisi Sharon  Linguisten, «Lionsgate»  marketing va monetizatsiya bo’limi boshlig’i Irina Shames, «NBC network entertainment» vitse-prezidenti va moliyaviy ishlar bo‘yicha direktori Jonathan Zucker, «PBS» (AQSh) telekanalining «BareFeet» dasturi boshlovchisi  Mickela  Mallozzi,»Travel Channel» telekanalining prodyuseri va operatori R. Rodwell va boshqalar ishtirok etishi rejalashtirilmoqda.

Anjuman O’zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo’mitasi, Madaniyat vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Toshkent shahar, Samarqand, Buxoro va Xorazm viloyatlari hokimliklari tomonidan tashkil etiladi. Kongressni o’tkazish jarayonida xorijlik ishtirokchilar uchun O’zbekistonning tarixiy shaharlari bo’ylab info-turlar tashkil etiladi, unda mehmonlar mamlakatimizning sayyohlik salohiyati haqida hujjatli filmlar suratga olishadi.