Call Center:
(+998) 78 150 38 38

23 Iyul 2020

Mas’uliyati cheklangan jamiyatlarga obligatsiyalar chiqarish huquqi berildi

O‘zbekiston prezidenti mas’uliyati cheklangan jamiyatlarga obligatsiyalar chiqarish huquqini berishni nazarda tutuvchi qonunni imzoladi. Bu haqda Kapital bozorini rivojlantirish agentligi xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, joriy yilning 22 iyul kuni O‘zbekiston prezidenti “Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risida”gi, “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi va boshqa bir qator qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi.

Ushbu qonunning qabul qilinishi obligatsiyalar chiqarish talablarini sezilarli darajada yengillashtirdi va mas’uliyati cheklangan jamiyatlarga bank kreditlariga muqobil sifatida korporativ obligatsiyalar chiqarish orqali moliyalashtirishni jalb qilish uchun yangi imkoniyatlarni ochib berdi. 

Bildirilishicha, mazkur cheklovlar so‘nggi yillarda muomaladagi korporativ obligatsiyalar soni va hajmining keskin kamayishiga sabab bo‘lgan.

Qonunning qabul qilinishi mamlakatda biznes yuritish muhitini yanada yaxshilash, respublika iqtisodiyotiga aholi va investorlar bo‘sh mablag‘larini keng va faol jalb qilish, shu tariqa real sektor korxonalarining davlat kafolati va bank kreditlariga bog‘liqligini (bank sektoriga yuk kamayadi), shuningdek, davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini kamaytirish imkonini beradi, deyiladi xabarda.