03 Dekabr 2019

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining ikkinchi Maslahat uchrashuvi bo’lib o’tdi

Toshkent shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining ikkinchi Maslahat uchrashuvi bo’lib o’tdi. Sammit ishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev,  Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboev, Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sooronboy Jeenbekov,  Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari hamkasblarini samimiy qutlab, ushbu uchrashuv hayot talabi, tomonlarning yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash va sheriklikni kengaytirishga intilishi ifodasi ekanini ta’kidladi. 

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining siyosiy irodasi va birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli oxirgi yillarda ko‘plab murakkab masalalarga yechim topildi. Bu ijobiy o‘zgarishlar xalqlarimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlandi hamda butun dunyoda yuqori baholandi.

Davlatimiz rahbari Markaziy Osiyoda ko‘p tomonlama hamkorlik bo‘yicha yagona nuqtai nazarni kelishish zarurligini ta’kidlab, uning asosiy yo‘nalishlari haqida o‘z fikrlarini bildirdi, qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi.

Bu, avvalo, savdo-iqtisodiy va investisiyaviy aloqalarni rivojlantirishdir. Katta bozorga ega, tabiiy xomashyo va inson resurslari salmoqli bo‘lgan mintaqamizning raqobatdosh ustunliklarini imkon qadar to‘liq ishga solish muhim. Qo‘shilgan qiymat zanjirini shakllantirish, mintaqa ichidagi savdoni kengaytirish, ish o‘rinlarini yaratish maqsadida iqtisodiyotning turli tarmoqlarida yangi imkoniyatlarni aniqlash va kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish lozim.

Ikkinchi muhim yo‘nalish – mintaqaning transport jihatidan o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlash va tranzit salohiyatini ro‘yobga chiqarish.

Markaziy Osiyoning transport tizimi yaratilayotgan zamonaviy logistika infratuzilmasidan foydalangan holda mintaqa ichida uzluksiz kommunikasiyani ta’minlashi, shuningdek, tobora ortib borayotgan tranzit oqimlariga samarali xizmat qilishi lozimligi ta’kidlandi.

Transport kommunikasiyalari bo‘yicha mintaqaviy kengash tuzilishini, Markaziy Osiyo transport tizimini birgalikda rivojlantirish bo‘yicha dastur va bitimning kelishilishini tezlashtirish muhimligi qayd etildi.

Uchinchidan, mintaqamizning uzoq muddatli manfaatlarini hisobga olgan holda energetika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish zarurligi, O‘zbekiston qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ulushini oshirish, zamonaviy energetika infratuzilmasini yaratish borasidagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekani ta’kidlandi.

Mamlakatlarimizning ulkan turizm salohiyatini amalga oshirish yana bir istiqbolli yo‘nalishdir. Davlatimiz rahbari buning uchun Markaziy Osiyoning yagona, ko‘pchilik taniydigan turizm brendi, mintaqa uchun umumiy bo‘lgan jozibador turizm mahsulotlarini shakllantirish lozimligiga e’tibor qaratdi.

Shu maqsadda Prezidentimiz “Markaziy Osiyo bo‘ylab sayohat” xalqaro turizm konferensiyasini o‘tkazish taklifini bildirdi.