06 Oktyabr 2022

Janubiy Koreya delegatsiyasi poytaxt hokimi o‘rinbosari bilan uchrashuvda Toshkentda yirik loyihani amalga oshirishdan manfaatdor ekanligini bildirdi

O‘zbekistonning Seuldagi elchixonasi ko‘magida Janubiy Koreyaning «Daewoo Engineering & Construction Co., Ltd» kompaniyasi raisi Jung Von Ju boshchiligidagi delegatsiya yurtimizga tashrif buyurdi, deb xabar beradi “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.


Kuni kecha Janubiy Koreya delegatsiyasi Toshkent shahar hokimining arxitektura, kapital qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonov bilan uchrashdi.

Toshkent shahar hokimligidan ma’lum qilishlaricha, muzokaralar chog‘ida bugungi kunda “Bomi Engineering & Construction Co. Ltd.» va «Evergreen Motors Group» kompaniyasi Tashkent City va Seul ko‘chasida yirik biznes markazlarini qurmoqda. Bundan tashqari, Janubiy Koreyaning bir qator boshqa kompaniyalari ham turli sohalarda hamkorlik qiladi.

Shahar hokimligi nomidan hokim o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonov “Daewoo Construction Group” kompaniyasining poytaxt bilan hamkorlikka qiziqishidan mamnunligini bildirib, Toshkent shahrida amalga oshirilishi rejalashtirilgan yirik loyihalardan birini taqdim etdi.

Loyiha Yangixayot va Bektemir tumanlarida turar-joy binolari, yirik savdo majmualari, ishlab chiqarish va ijtimoiy soha obyektlarini qurishni nazarda tutadi. Mehmonlarga loyiha haqida videorolik namoyish etildi va ularni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi.

«Daewoo Construction Group» rahbari Jung Von Ju samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Toshkentdagi o‘zgarish va yangilanish jarayonlarini, O‘zbekiston xalqining mehmondo‘stligini ta’kidladi.

Jung Von Ju kompaniya tomonidan AQSh, Vyetnam va Filippinda amalga oshirilayotgan yirik “Aqlli shahar” loyihalari haqida gapirar ekan, Toshkent bilan kelishuvga erishgach, xuddi shunday keng ko‘lamli loyihani amalga oshirishdan manfaatdor ekanini va Janubiy Koreya kompaniyalarining O‘zbekiston bozoriga investitsiya kiritishga tayyorligi bildirildi.

Tomonlar amaliy muloqot va o‘zaro manfaatli hamkorlik davom etishini ma’lum qildi.