20 Iyul 2022

O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari oshdi

Iyun oyida O‘zbekiston xalqaro zaxiralarining valyuta qismi 157,5 million dollarga, oltin qismi esa 39,8 million dollarga oshgan.

Markaziy bank O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni e’lon qildi.

2022-yil 1-iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari 35,58 milliard dollarni tashkil qildi. Taqqoslash uchun, 2022-yil 1-iyun holatiga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 35,4 milliard dollarni tashkil qilgan. Raqamlar O‘zbekistonning rasmiy zaxiralari so‘nggi bir oy ichida qariyb 180 million dollarga oshganini ko‘rsatadi.

Iyun oyi davomida oltinning fizik hajmi sezilarli darajada oshib, 11,4 million troya untsiyasidan 11,7 million troya untsiyasiga (taxminan 9,33 tonna), qiymati esa 21,18 milliard dollardan 21,22 milliard dollargacha oshgan.

Shuningdek, zaxira aktivlari tarkibidagi valyuta zaxiralari 13,15 milliard dollardan 13,3 milliard dollarga yoki 157,5 million dollarga oshgan.

“O‘zbekiston Respublikasining yalpi xalqaro zaxiralari 2022-yil boshidan buyon 444,3 million dollarga yoki 1,3 foizga oshdi. Oltin narxining yil boshida 1799,25 dollardan 1813,6 dollargacha oshishi samarasi 168 million dollarni tashkil qildi”, — deyiladi Markaziy bank xabarida.