Oʻzbekiston elchixonasi diplomatlari Malayziyaning eng yirik zargarlik kompaniyalari rahbarlari bilan muzokaralar oʻtkazdilar, deb xabar beradi “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.
Uchrashuvlar davomida Habib Jewels bosh menejeri Helen Mak va Tomei Consolidated Berhad guruhi ijrochi direktori Ng Yi Ping bilan istiqbolli rejalar muhokama qilindi.
Malayziya tomoniga Oʻzbekiston zargarlik sanoatida, xususan, mahalliy brendli mahsulotlar ishlab chiqarish va ularning eksport salohiyati boʻyicha tizimli islohotlar haqida batafsil maʼlumot berildi.
Helen Mak bir qator sohalarda yetakchi oʻzbek zargarlik kompaniyalari bilan amaliy hamkorlikni oʻrnatishga qiziqish bildirdi. Uchrashuv davomida tomonlar Malayziya bozori talablariga javob beradigan maxsus dizaynlarni birgalikda ishlab chiqish, shuningdek, OEM (Original Equipment Manufacturer) ishlab chiqarishga buyurtma berish imkoniyatlarini oʻrganishga kelishib oldilar.
Bundan tashqari, xorijiy tadbirkor oʻzbek zargarlarini kompaniyaning Malayziyadagi chakana savdo faoliyati bilan tanishtirish va xalqaro koʻrgazmalarda muzokaralar olib borishga tayyorligini bildirdi. Ng Yi Ping, oʻz navbatida, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston zargarlik sanoatining jadal rivojlanishini yuqori baholadi. Uning so’zlariga ko’ra, Malayziya bozorida 20 va 22 karatli oltin taqinchoqlar (833 va 916 karat) eng katta talabga ega. Shuning uchun kompaniya O’zbekistondan mahalliy bozor didiga mos dizayndagi yuqori karatli taqinchoqlarni import qilish imkoniyatlarini har tomonlama o’rganish niyatida.
Habib Jewels Malayziyadagi eng yirik va eng taniqli zargarlik kompaniyalaridan biri hisoblanadi. 1958-yilda tashkil etilgan bo’lib, hozirda mamlakat bo’ylab 40 dan ortiq zargarlik do’konlarini boshqaradi. Malayziyada Habib Jewels eng mashhur va keng namoyish etilgan zargarlik brendi hisoblanadi.
Tomei Consolidated Berhad 1968-yilda tashkil etilgan. Hozirda u zargarlik buyumlari ishlab chiqarishdan tortib chakana savdogacha faoliyat yuritadigan to’liq integratsiyalashgan xolding kompaniyasidir. Kompaniyaning Malayziya bo’ylab 50 dan ortiq chakana savdo shoxobchalari mavjud va Tomei, MyDiamond, Goldheart va Le Lumiere brendlariga egalik qiladi.