10 sentabr 2024

Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Ozarbayjon Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi bilan uchrashdi

Joriy yilning 10-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Ozarbayjon Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Huseyn Guliyev bilan uchrashdi, deb xabar beradi vazirlik matbuot xizmati.

Suhbatda tomonlar ikki davlat rahbarlari oʻrtasidagi ishonchga asoslangan munosabatlari sababli savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy munosabatlarni rivojlantirishdagi ijobiy dinamikani olqishladilar.

Xususan, 2023-yil yakuniga ko‘ra o‘zaro tovar ayirboshlash 26,5 foizga o‘sdi. Oʻzbekiston hududida Ozarbayjon kapitali ishtirokida savdo, mashinasozlik va metallga ishlov berish, moliyalashtirish va sugʻurtalash, koʻchmas mulk bilan bogʻliq operatsiyalar, energetika, xizmat koʻrsatish, zargarlik buyumlari ishlab chiqarish, oziq-ovqat va yengil sanoat sohalarida 230 ta korxona faoliyat yuritmoqda. O‘zaro manfaatli yirik sarmoyaviy loyihalar birgalikda amalga oshirilmoqda.

Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning joriy yil avgust oyida O‘zbekistonga davlat tashrifi chog‘ida shahar infratuzilmasini, ishlab chiqarish, kimyo sanoati va axborot texnologiyalarini rivojlantirish kabi sohalarda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishni jadallashtirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.

Ikki davlat ishbilarmon doiralari o‘rtasida sheriklik aloqalarini mustahkamlash, hududlararo hamkorlikni rivojlantirish muhimligi haqida yakdil fikrlar bildirildi. Shu nuqtai nazardan, ishbilarmon doiralarni qo‘llab-quvvatlash, ustuvor tarmoqlarda hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishga kelishib olindi.