26-noyabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Yevroosiyo taraqqiyot banki (YOTB) Boshqaruvi raisi Nikolay Podguzov bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda ISSV matbuot xizmati.
Tomonlar hamkorlikning jadal rivojlanayotganini qayd etdilar: birgalikda qiymati 4 mlrd dollardan ortiq loyihalar portfeli shakllantirildi, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha imzolangan bitimlar hajmi 200 mln dollarga yetdi. Bankning 2027–2031-yillarga mo‘ljallangan mamlakat strategiyasi doirasida kelgusi yilning o‘zidayoq O‘zbekistonda moliyalashtirish hajmini 500 mln dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
Hamkorlikning yangi yo‘nalishlari, jumladan, transport infratuzilmasi, energetika, xususan, gidroenergetika va kimyo sanoati sohalaridagi loyihalar, shuningdek, Bankning Yangi Toshkent qurilishidagi ishtiroki muhokama qilindi.
«ISSV sun’iy intellekt klasteri» loyihasini amalga oshirish bo‘yicha memorandum imzolandi. YOTB raqamli infratuzilmani yaratish va sun’iy intellektga asoslangan yechimlarni joriy etishda texnik ko‘mak ko‘rsatadi.
YOTB tashrifi doirasida, shuningdek UzAirports va Ozarbayjon–O‘zbekiston investitsiya kompaniyasi bilan memorandumlar imzolandi. Ular qo‘shma loyihalarni moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.