11 oktabr 2023

Senat Raisi Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili bilan muzokara o‘tkazdi

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Terxi Xakala bilan uchrashdi, deb xabar beradi O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati matbuot xizmati.

Uchrashuvda O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarining turli yo‘nalishlari, xususan, savdo-iqtisodiy, inson huquq va erkinliklarini taʼminlash hamda parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

“Yevropa Ittifoqi – O‘zbekiston” parlament hamkorligi qo‘mitasi doirasida tashkil etilayotgan samarali muloqotlar parlamentlararo aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishda muhim mexanizm ekani alohida taʼkidlandi. 2024-yil uchun Oliy Majlis Senati va Yevropa parlamenti o‘rtasida amaliy chora-tadbirlarning alohida rejasini ishlab chiqish va qabul qilish taklifi ilgari surildi.

Suhbat davomida iqtisodiy hamkorlik masalalariga asosiy ustuvor yo‘nalish sifatida eʼtibor qaratildi. Ayni paytda savdo aylanmasi barqaror o‘sishda davom etmoqda. Yil boshidan buyon bu boradagi ko‘rsatkich 35 foizga oshdi. Yevropaning yetakchi kompaniyalari bilan yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. “GSP+” rejimi sifatli o‘zbek mahsulotlarini Yevropa bozoriga eksport qilishning rag‘batlantiruvchi omiliga aylandi. Shu nuqtai nazardan  mazkur rejimni yangi muddatga uzaytirish yuzasidan fikr almashildi.

Mintaqaviy darajada yo‘lga qo‘yilgan muloqot, xususan, “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” hamkorlik formati munosabatlarni yana-da rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash uchun muhim platformaga aylangani qayd etildi.

Markaziy Osiyo davlatlari yetakchi ayollari muloqoti va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish kabi takliflar muhokama qilindi. Bunda BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi bilan hamkorlikda Bryusselda o‘tkazilishi rejalashtirilgan muloqotning navbatdagi yig‘ilishi muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi. Mazkur tadbir gender tengligi, ayollar huquq va manfaatlarini ilgari surish kabi yo‘nalishlarda Yevropa Ittifoqining tajribasi bilan yaqindan tanishish imkoniyatini berishi bilan birga,  hamkorlikning yangi bosqichiga turtki vazifasini o‘tashi aytib o‘tildi.

Uchrashuv yakunida ko‘p qirrali hamkorlikni amaliy mazmun bilan boyitish, o‘zaro muloqotlar izchilligini taʼminlashga kelishib olindi.