27 noyabr 2026

O‘zbekiston va Iroq o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi

O‘zbekistonning Iroqdagi elchixonasi xodimlari Bag‘dod va Erbil shaharlarida bir qator uchrashuv va muzokaralar o‘tkazdi. Ularda mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlarini Iroq bozoriga olib chiqish hamda hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilash masalalari muhokama qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Bag‘dod shahrida Iroqning tegishli vazirliklari rahbariyati bilan “O‘zeltexsanoat” uyushmasi vakili ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuvlarda elektrotexnika mahsulotlari eksportini kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.

Iroq energetika vaziri o‘rinbosari Muhammad at-Tufayliy bilan muzokaralarda O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan transformatorlar, elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilish uskunalari, shuningdek, tashqi yoritishni boshqarishning avtomatlashtirilgan tizimlarini Iroq bozoriga yetkazib berish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Bundan tashqari, o‘zbekistonlik kompaniyalarning Iroq davlat tenderlarida ishtirok etish imkoniyatlari o‘rganildi.

Qurilish, uy-joy va kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Ali Abdel Amir bilan uchrashuvda Iroqdagi binolarga O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan liftlarni o‘rnatish, shuningdek, aholini ichimlik suvi bilan ta’minlashda zamonaviy texnologiyalar va uskunalarni joriy etish sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Suv ta’minoti masalalari yuzasidan qo‘shimcha uchrashuv tashkil etishga kelishib olindi.

Iroq Neft vazirligi vakillari bilan muzokaralarda mamlakatning neft-gaz sohasi ehtiyojlari uchun mahalliy elektrotexnika mahsulotlarini yetkazib berish, davlat xaridlarida ishtirok etish, gaz hisoblagichlarini eksport qilish hamda ularni mahalliy bozorda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

O‘zbekiston mahsulotlarini Iroq bozorida keng targ‘ib qilish maqsadida Erbil shahrida ham muhim tadbirlar tashkil etildi. Savdoni rivojlantirish kompaniyasi ko‘magida mahalliy korxonalarning “Agro Pack Food Iraq 2026” xalqaro oziq-ovqat va ichimliklar ko‘rgazmasida ishtirok etishi ta’minlandi.

Elchixona ko‘magida 90 kvadrat metr maydonda O‘zbekiston milliy pavilyoni tashkil etilib, unda o‘z brendlari ostida mahsulot ishlab chiqaruvchi oziq-ovqat sanoatining 10 ta mahalliy korxonasi mahsulotlari namoyish etildi.

Ko‘rgazmada jami 400 ta kompaniya ishtirok etdi. Ularning 60 foizini 20 dan ortiq mamlakatdan kelgan xorijiy kompaniyalar tashkil etdi. Tadbirga soha mutaxassislaridan 15 800 nafardan ortiq kishi tashrif buyurgani o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilarga o‘z mahsulotlarini yangi xaridorlar va potensial hamkorlarga taqdim etish uchun keng imkoniyat yaratdi.

Erbil shahrida Kurdiston Savdo-sanoat palatalari federatsiyasi prezidenti Said Aziz G‘iloniy bilan ham uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Savdo uyini ochish bilan bog‘liq tashkiliy masalalar muhokama qilindi.

Mazkur tashabbus kelgusida o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar va iroqlik tadbirkorlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, shuningdek, mahalliy mahsulotlarning Iroq bozoriga kirib borishini yengillashtirishga xizmat qilishi kutilmoqda.