07 dekabr 2022

Guanchjou shahrida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni Xitoyga eksport qilish uchun qo‘shimcha sayt tashkil etildi

Mamlakatimizning Xitoydagi elchixonasi va O‘zbekistonning Guanchjou shahridagi Bosh konsulligi ko‘magida onlayn o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi, unda Xitoy oziq-ovqat mahsulotlarini import qilish assotsiatsiyasi (IFA) va 20 ta mahalliy eksport qiluvchi korxonalar vakillari ishtirok etdi, deb xabar beradi «Dunyo» axborot agentligi muxbiri.

Tadbirdan ko‘zlangan maqsad O‘zbekiston mahsulotlarining Xitoyga eksportini oshirish masalalarini muhokama qilish edi.

Eslatib o‘tamiz, 2016-yilda tashkil etilgan IFA XXRning yirik mintaqaviy tashkiloti bo‘lib, uning tarkibiga Janubiy Xitoyning 400 dan ortiq yirik importyorlari kiradi. O’tgan yillar davomida IFA Xitoy bozorini rivojlantirishda xorijiy brendlar/eksportchilar va ishlab chiqaruvchilarga maqsadli yordam ko’rsatib, bir qator sohalarda importerlar/distribyutorlar/supermarketlar/zanjirlar va yangi chakana kanallarning keng resurs bazasini to’pladi.

Tadbirda Bosh konsul Otabek Valiev ishtirokchilarni mamlakatimizning savdo-iqtisodiy imkoniyatlari, sarmoyaviy salohiyati, biznes yuritish uchun yaratilgan qulay sharoitlar bilan tanishtirdi. Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda ikki davlat rahbarlarining muntazam uchrashuvlari va O‘zbekistonning ochiq pragmatik siyosati barcha biznes vakillari uchun katta imkoniyatlarni ochib berdi.

Onlayn tadbir davomida O‘zbekiston eksportyorlar uyushmasi va Guangdong import oziq-ovqat mahsulotlari assotsiatsiyasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolandi. Hujjatni O‘zbekiston eksportchilar uyushmasi raisi Yorqin Malikov va IFA prezidenti Volfgang Chi imzoladi.

Mazkur shartnoma orqali tomonlar ishtirokida mamlakatimiz eksport qiluvchi korxonalari uchun Xitoy hududi importyorlari bilan aloqalar o‘rnatish va O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan va qayta ishlangan mahsulotlar eksporti hajmini oshirish uchun yana bir muhim platforma yaratildi.

XFA prezidenti o‘z nutqi davomida Xitoy tomoni O‘zbekiston eksportchilar assotsiatsiyasi bilan birgalikda B2B va B2C kabi muhim tadbirlarni muntazam o‘tkazishga tayyorligini bildirdi. – Assotsiatsiyamiz Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va madaniy hamkorlikni rivojlantirishga hissa qo‘shish katta sharafdir, – dedi Volfgang Chi.

O‘quv-seminar davomida o‘zbekistonlik tadbirkorlar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob oldilar, shuningdek, IFA doirasida import qiluvchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatish va Xitoyning janubidagi Guangdong, Futszyan, Guansi, Xunan va Xaynan provinsiyalari bozorlariga chiqish imkoniyatlari haqida foydali ma’lumotlar oldilar.