Joriy yilning 6-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Toshkent shahrida o‘tkazilgan “O‘zbekistonda investitsiya siyosatini barqaror isloh qilish bo‘yicha yo‘l xaritasi” loyihasining ochilish marosimida ishtirok etdi, deb xabar beradi ISSV matbuot xizmati. Loyiha Osiyo taraqqiyot banki (OTB), Yevropa Ittifoqi, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) ishtirokida amalga oshirilmoqda.
Tadbirda, Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston Respublikasidagi elchisi Sharlotta Adrian, OTBning O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Kanokpan Lao-Araya, IHTT, XMK (Xalqaro moliya korporatsiyasi), OTB hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashi ekspertlari ishtirok etdi.
Ma’lumot uchun: O‘zbekiston hukumatining so‘roviga binoan, Yevropa Ittifoqi va OTBning moliyaviy ko‘magida IHTT OTB bilan birgalikda investitsiya muhitini, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar samaradorligini va ularning barqaror rivojlanish, savdo va investitsiyalar o‘rtasidagi munosabatlarga ta’sirini baholash va tahlil qilish loyihasini amalga oshirmoqda. Shuningdek, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar qiymat qo‘shilishining zanjirlari, infratuzilmani rivojlantirish, “yashil rivojlanish” va raqamlashtirishga investitsiyalar oqimini kengaytirish imkoniyatlariga ta’siri, imtiyozlar va preferensiyalar tizimi samaradorligi va boshqa yo‘nalishlar tahlil qilinadi.
O‘z nutqida Laziz Kudratov O‘zbekistonda investitsiya muhitini yaxshilash va investorlar manfaatlarini himoya qilishni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar samaralarini ta’kidladi.
Tadqiqot natijalari investitsiya muhitini yaxshilash, islohotlarni amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash va to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning uzoq muddatli istiqbolda mamlakat iqtisodiy rivojlanishiga maksimal ta’sirini ta’minlash bo‘yicha dalillarga asoslangan tahlil va moslashtirilgan tavsiyalar bo‘lishi kutilmoqda.
Xususan, loyiha mamlakatimizga investitsiyaviy jozibadorlik indeksidagi o‘rnini yaxshilash, IHTTning “Xalqaro investitsiyalar va ko‘pmillatli korxonalar to‘g‘risida”gi deklaratsiyasiga qo‘shilish va IHTTning davlatlarining ilg‘or tajribalarini joriy etgan holda investitsiyalar sohasidagi me’yoriy-huquqiy bazani uyg‘unlashtirish imkonini beradi.
Mazkur loyihani amalga oshirish uchun masʼul vazirlik va idoralar, jumladan, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Energetika vazirligi, Atrof-muhitni muhofaza qilish vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Statistika agentligi bilan birgalikda ishchi guruh tashkil etiladi.