O‘zbekiston Bosh konsulligi tomonidan Xitoyning 6 ta maxsus iqtisodiy zonalaridan biri – Shantou shahrida bir qator tadbirlar tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.
Xususan, Shantou shahri meri Zen Fenbao, Sanoat va axborot texnologiyalari, investitsiyalar va savdo byurosi rahbarlari, shuningdek, toʻqimachilik sanoati vakillari bilan uchrashuvlar oʻtkazildi.
Uchrashuvlarda Xitoy tomoni mamlakatimizda yaratilgan imkoniyatlar, investitsiyaviy muhit va savdo-iqtisodiy salohiyat bilan tanishdi.
Tomonlar ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar O‘zbekiston va Xitoy hududlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish uchun katta imkoniyatlar yaratishini ta’kidladilar.
“Shantu” maxsus iqtisodiy zonasi, bu yerda faoliyat yuritayotgan ishlab chiqarish korxonalari va mamlakatimizning erkin iqtisodiy zonalari o‘rtasida tajriba almashish, hududlararo hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari ham muhokama qilindi.
O‘z navbatida, Xitoy tomoni mamlakatimizning sayyohlik salohiyati va bu boradagi islohotlar bilan yaqindan tanishib, Xitoy tomoni III Toshkent xalqaro investitsiya forumi va Namanganda bo‘lib o‘tadigan hududlararo forum uchun O‘zbekistonga taklif etildi.
Shuningdek, Chenxay oʻyinchoqlar assotsiatsiyasi raisi Sem Chiu bilan birgalikda tomonlar mintaqadagi oʻyinchoq sanoati bilan yaqindan tanishib, Oʻzbekiston korxonalari bilan aloqa oʻrnatish, oʻyinchoqlar sohasidagi yirik koʻrgazmada ishtirok etish boʻyicha kelishuvga erishildi.