25 aprel 2024

Misr kompaniyasi O‘zbekistonda maishiy elektr jihozlarini ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirishdan manfaatdor

“O‘zeltexsanoat” uyushmasi mutaxassislari Misrning maishiy elektr jihozlari ishlab chiqaruvchi “ElAraby” yirik kompaniyasi rahbariyati bilan onlayn uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

Tadbirda Misr tomonidan kompaniyaning marketing bo‘yicha menejeri Marvan Elkott va savdo bo‘yicha menejeri Hasan Asqar, o‘zbek tomonidan “O‘zeltexsanoat” uyushmasi xorijiy investitsiyalar bo‘limi bosh menejeri Bahodir G‘ulomov, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining investitsiyalar bo‘yicha menejeri Javohir Muhammadjonov, shuningdek, mamlakatimizning Misrdagi elchixonasi vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuvda “ElAraby” kompaniyasi tomonidan qiymati 10 million dollarlik maishiy elektr jihozlarini ishlab chiqarish loyihasining O‘zbekistonda amalga oshirilishi holati va uning istiqbollari muhokama qilindi.

Misr tomoni kompaniyaning O‘zbekistonning shu kabi korxona va firmalari bilan elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarish sohasida hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanligini bildirdi. Yuqorida tilga olingan loyiha Misr tomoni uchun istiqbolli ekanligi, uni amalga oshirishga qiziqish katta ekani qayd etildi.

Kompaniya vakillari 2-3-may kunlari boʻlib oʻtadigan III Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etadi.