RAQOBAT TO‘G‘RISIDA O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING QONUNI DDD 3.07.2023 y. O‘RQ-850-son.

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING

QONUNI

3.07.2023 y.

O‘RQ850son  

.

RAQOBAT TO‘G‘RISIDA

.

Qonunchilik palatasi tomonidan 2023-yil 14-fevralda qabul qilingan

Senat tomonidan 2023-yil 2-martda ma’qullangan

.

1-BOB. UMUMIY QOIDALAR

1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi

Ushbu Qonunning maqsadi tovar yoki moliya bozorlarida raqobatning cheklanishiga, shuningdek raqobat yoki tabiiy monopoliya sharoitlarida iste’molchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlari kamsitilishiga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlarni nazorat qilishni amalga oshirish hamda ularga chek qo‘yish bilan bog‘liq bo‘lgan, raqobat sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

2-modda. Raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik

Raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.

Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining raqobat to‘g‘risidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.

3-modda. Ushbu Qonunning qo‘llanilish sohasi

Ushbu Qonun jismoniy va yuridik shaxslarning, shu jumladan davlat organlarining O‘zbekiston Respublikasi hududida va (yoki) undan tashqarida sodir etiladigan, O‘zbekiston Respublikasidagi tovar yoki moliya bozorida raqobatning cheklanishiga, shuningdek raqobat yoki tabiiy monopoliya sharoitlarida iste’molchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlari kamsitilishiga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlariga (harakatsizligiga) nisbatan tatbiq etiladi.

Ushbu Qonun intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan mutlaq huquqlar bilan bog‘liq munosabatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

4-modda. Asosiy tushunchalar

Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:

davlat ishtirokidagi korxona — xo‘jalik faoliyatini amalga oshiradigan, ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) davlat ulushi miqdori 25 foizdan ortiq bo‘lgan yuridik shaxs, shuningdek davlat unitar korxonasi yoki o‘ziga xo‘jalik faoliyatini amalga oshirish huquqi berilgan davlat muassasasi;

davlat ishtirokidagi korxonalarning affillangan shaxslari — ustav fondining (ustav kapitalining) 20 foizi va undan ortig‘i bevosita yoxud bilvosita davlat ishtirokidagi korxonalarga tegishli bo‘lgan yuridik shaxslar;

insofsiz raqobat — xo‘jalik yurituvchi subyektning yoki shaxslar guruhining iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishda afzalliklarga ega bo‘lishga qaratilgan, qonunchilikka, ish muomalasi odatlariga zid bo‘lgan hamda boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarga (raqobatchilarga) zarar yetkazadigan yoki zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan yoxud ularning ishchanlik obro‘siga putur yetkazadigan yoki putur yetkazishi mumkin bo‘lgan harakatlari;

iste’molchi — xo‘jalik yurituvchi subyektdan tovarni oluvchi, tovarga buyurtma beruvchi yoxud tovarni olish yoki unga buyurtma berish niyatida bo‘lgan jismoniy yoki yuridik shaxs;

iqtisodiy konsentratsiya — xo‘jalik yurituvchi subyektning yoki shaxslar guruhining ustunligiga olib keladigan, tovar yoki moliya bozorida raqobatning holatiga ta’sir ko‘rsatadigan bitimlar tuzish va (yoki) boshqa harakatlarni bajarish;

kamsituvchi shart-sharoitlar — tovar yoki moliya bozoriga kirish, tovarni ishlab chiqarish, iste’mol qilish, olish, realizatsiya qilish yoki o‘zgacha tarzda boshqa shaxsga o‘tkazish shart-sharoitlari bo‘lib, ular boshqa teng shart-sharoitlarda bitta yoki bir nechta xo‘jalik yurituvchi subyektni o‘zga xo‘jalik yurituvchi subyektga (raqobatchiga) nisbatan teng bo‘lmagan holatga solib qo‘yadi;

moliya bozori — banklar, kredit, sug‘urta va boshqa moliya tashkilotlari tomonidan ko‘rsatiladigan moliyaviy xizmatning, shuningdek qimmatli qog‘ozlar bozori professional ishtirokchilari xizmatlarining O‘zbekiston Respublikasi hududidagi yoki uning bir qismidagi muomalasi doirasi bo‘lib, u O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy-hududiy tuzilishiga mos kelmasligi mumkin va mazkur muomala doirasi chegaralarida bunday xizmatlarni ko‘rsatish imkoniyati mavjud bo‘ladi;

muvofiqlashtirilgan harakatlar — ikki yoki undan ortiq xo‘jalik yurituvchi subyektlarning ulardan har birining manfaatlarini qanoatlantiradigan, birining harakatlari boshqasiga ma’lum bo‘lgan yoki ulardan har birining harakatlaridan kelib chiqqan holda bajariladigan, raqobatni cheklaydigan yoxud cheklashga va (yoki) raqobat sharoitlarida iste’molchilarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlari kamsitilishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan o‘zaro kelishilmagan harakatlari;

raqobat — xo‘jalik yurituvchi subyektlarning (raqobatchilarning) musobaqalashuvi bo‘lib, bunda ularning mustaqil harakatlari ulardan har birining tovar yoki moliya bozoridagi tovar muomalasining umumiy shart-sharoitlariga bir tomonlama tartibda ta’sir ko‘rsatish imkoniyatini istisno etadi yoki cheklaydi;

raqamli platforma — raqamli mahsulotlardan Internet jahon axborot tarmog‘i orqali haq evaziga yoki bepul foydalanilishini ta’minlovchi axborot tizimi;

tabiiy monopoliya — tovar bozorining holati bo‘lib, unda texnologik o‘ziga xos xususiyatlar tufayli tovarlarning muayyan turiga bo‘lgan talabni qanoatlantirishning raqobatli sharoitlarini yaratish mumkin emas yoki iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiq bo‘lmaydi;

tabiiy monopoliya subyekti — tabiiy monopoliya sharoitlarida tovarlarni ishlab chiqarish va (yoki) realizatsiya qilish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiradigan xo‘jalik yurituvchi subyekt yoki shaxslar guruhi;

tovar — faoliyatning olish va realizatsiya qilish uchun mo‘ljallangan mahsuli, shu jumladan ishlar va xizmatlar;

tovar bozori — tovarning, shu jumladan bir-birining o‘rnini bosadigan tovarning (o‘zining belgilangan maqsadi, qo‘llanilishi, sifati va texnik xususiyatlari, narxi hamda boshqa ko‘rsatkichlari bo‘yicha taqqoslanishi mumkin bo‘lgan, iste’molchi almashtirishga tayyor bo‘lgan tovarning) O‘zbekiston Respublikasi hududidagi yoki uning bir qismidagi muomalasi doirasi bo‘lib, u O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy-hududiy tuzilishiga mos kelmasligi mumkin va mazkur muomala doirasi chegaralarida tovarni olish yoki realizatsiya qilish imkoniyati mavjud bo‘ladi;

xo‘jalik yurituvchi subyekt — tovarlarni ishlab chiqarish, olish va realizatsiya qilish bo‘yicha faoliyat bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxs, shu jumladan davlat ishtirokidagi korxona va xo‘jalik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi muassasa, yuridik shaxs tashkil etmasdan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi jismoniy shaxs.

5-modda. Raqobat sohasidagi asosiy prinsiplar

Raqobat sohasidagi asosiy prinsiplar quyidagilardan iborat:

insofli raqobat;

qonuniylik;

iste’molchilar huquqlari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi;

shaffoflik;

tenglik.

6-modda. Raqobat sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari

Raqobat sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:

iste’molchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlari ustuvorligini inobatga olgan holda raqobatni himoya qilish, raqobatga qarshi harakatlarning oldini olish va ularni to‘xtatish;

jamiyatda raqobatga qarshi har qanday xatti-harakatlarga nisbatan murosasizlikni shakllantirish;

raqobat muhitini rivojlantirish hamda tovar va moliya bozorlarining samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun shart-sharoitlar yaratish;

tovar va moliya bozorlari ishtirokchilarining iqtisodiy faoliyati erkinligini hamda tovarlarning erkin harakatlanishini ta’minlash;

tabiiy monopoliyalar subyektlari faoliyatni amalga oshiradigan sohalarda raqobat muhitini shakllantirish;

tovar va moliya bozorlarining ishtirokchilari uchun teng shart-sharoitlarni belgilash hamda davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini qisqartirish;

raqobat muhitini yaxshilash va rivojlantirish uchun respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining javobgarligini oshirish.

7-modda. Raqobat sohasidagi vakolatli davlat organi va uning faoliyatini moliyalashtirish manbalari

O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raqobat sohasidagi vakolatli davlat organi (monopoliyaga qarshi organ) hisoblanadi (bundan buyon matnda vakolatli davlat organi deb yuritiladi).

Vakolatli davlat organi o‘z faoliyatida bevosita O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga hisobdor bo‘lib, u o‘z faoliyatini davlat organlari, boshqa tashkilotlar va mansabdor shaxslardan mustaqil ravishda amalga oshiradi.

Vakolatli davlat organining markaziy apparati va hududiy organlari faoliyatini moliyalashtirish O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining mablag‘lari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

8-modda. Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining raqobatga ta’sirini baholash

Vakolatli davlat organi normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining raqobatga ta’sirini baholaydi, shuningdek tovar yoki moliya bozorida raqobatni bevosita yoxud bilvosita cheklashga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin bo‘lgan normalarni bartaraf etishga qaratilgan takliflar va tavsiyalar ishlab chiqadi.

Raqobatga ta’sirni baholash uchun vakolatli davlat organiga quyidagilarni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari kiritiladi:

xo‘jalik yurituvchi subyektlar uchun yangi cheklovlar, litsenziyalarning, ruxsat berish tartib-taomillarining yangi turlari joriy etilishini yoki amaldagi cheklovlar, ruxsat berish tartib-taomillari, faoliyatning litsenziyalanadigan turlari bozor ishtirokchilarining yanada kengroq doirasiga nisbatan tatbiq etilishini;

litsenziyalar yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni olish uchun qo‘shimcha talablar va shartlar joriy etilishini;

yuridik shaxslar ustav fondining (ustav kapitalining) eng kam miqdoriga doir talablar oshirilishini;

xo‘jalik yurituvchi subyektlarning belgilangan huquqlari cheklanishini (kamaytirilishini) yoki ular uchun qo‘shimcha majburiyatlar yoxud qo‘shimcha xarajatlar joriy etilishini;

xo‘jalik yurituvchi subyektlar uchun har qanday turdagi imtiyozlar, kafolatlar, preferensiyalar belgilanishini, shuningdek ularga yangi huquqlar, shu jumladan eksklyuziv huquqlar berilishini.

Ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari faqat vakolatli davlat organining ularning raqobatga ta’sirini baholash natijalari bo‘yicha xulosalari mavjud bo‘lgan taqdirda, belgilangan tartibda qabul qilinadi.

Vakolatli davlat organi normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining raqobatga ta’sirini baholash natijalari bo‘yicha ishlab chiqilgan hisobotlarni ko‘rib chiqadi.

Vakolatli davlat organi va uning hududiy organlari amaldagi qonunchilik hujjatlarini hamda davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan qabul qilingan hujjatlarni ularning raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiqligi yuzasidan o‘rganishdan o‘tkazadi.

O‘rganish vakolatli davlat organining tashabbusiga ko‘ra jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga, jamoatchilik nazorati subyektlarining takliflari va tavsiyalariga, shuningdek ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan materiallarni o‘rganish natijalariga asosan o‘tkaziladi.

Raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikka zid bo‘lgan qonunchilik hujjatlari aniqlangan taqdirda, vakolatli davlat organi:

Qonunlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari yuzasidan — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga belgilangan tartibda takliflar kiritadi;

boshqa davlat organlari (bundan mahalliy davlat hokimiyati organlari mustasno) tomonidan qabul qilingan qonunchilik hujjatlari yuzasidan — raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikning buzilishlarini belgilangan muddatlarda bartaraf etish to‘g‘risida ularga taqdimnoma kiritadi.

Mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qabul qilingan va raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikka zid bo‘lgan qonunchilik hujjatlari aniqlangan taqdirda, vakolatli davlat organi raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikning buzilishlarini belgilangan muddatlarda bartaraf etish to‘g‘risida ularga taqdimnoma kiritadi.

Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining raqobatga ta’sirini baholash tartibi qonunchilikda belgilanadi.

9-modda. Monopoliyaga qarshi komplayens

Monopoliyaga qarshi komplayens faoliyatning raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga muvofiqligini ta’minlash, ularning buzilishi xatarlarini aniqlash va mazkur xatarlarning oldini olish bo‘yicha ichki tashkiliy tartib-taomillar tizimidan iboratdir.

Monopoliyaga qarshi komplayensning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, shu jumladan faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalashni, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar berishni amalga oshiruvchi, maxsus elektron tizim vositasida xabarnomalarni qabul qiluvchi, ro‘yxatdan o‘tkazish yoki akkreditatsiya qilish vakolatlari berilgan davlat unitar korxonalari yoki muassasalari, shuningdek davlat maqsadli jamg‘armalari (bundan buyon matnda respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlar deb yuritiladi), xo‘jalik yurituvchi subyektlar hamda yuridik shaxslar birlashmalari faoliyatining raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga muvofiqligini ta’minlash hamda monitoring qilish;

raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik talablarining buzilishi xatarlarini boshqarish;

respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlar, xo‘jalik yurituvchi subyektlar hamda yuridik shaxslar birlashmalari tomonidan raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik talablarining buzilishlarini aniqlash va ularning oldini olish;

insofli raqobatni shakllantirish va tartibga solish.

Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlarda, xo‘jalik yurituvchi subyektlarda va yuridik shaxslar birlashmalarida monopoliyaga qarshi komplayensni joriy etish, uning ishlashini ta’minlash hamda monitoring qilish maqsadida mas’ul shaxs tayinlanadi.

Monopoliyaga qarshi komplayens majburiy tartibda:

respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlarda;

tovar yoki moliya bozorida ustun mavqega ega bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi subyektlarda;

oxirgi uch yilda tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan tushumining o‘rtacha yillik miqdori bazaviy hisoblash miqdorining yuz ming baravaridan oshadigan hamda ustav fondining (ustav kapitalining) 50 foizi va undan ortig‘i davlatga tegishli bo‘lgan yuridik shaxslarda;

oxirgi uch yilda tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan tushumining o‘rtacha yillik miqdori bazaviy hisoblash miqdorining yuz ming baravaridan oshadigan hamda ustav fondining (ustav kapitalining) 50 foizi va undan ortig‘i ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) davlat ulushi 50 foizni va undan ortiqni tashkil etadigan yuridik shaxsga tegishli bo‘lgan yuridik shaxslarda;

yuridik shaxslarning birlashmalarida joriy etiladi.

Ushbu moddaning to‘rtinchi qismida ko‘rsatilmagan xo‘jalik yurituvchi subyektlarda monopoliyaga qarshi komplayensni joriy etish tavsiyaviy xususiyatga ega.

Monopoliyaga qarshi komplayensni tashkil qilish va joriy etish tartibi qonunchilikda belgilanadi.

10-modda. Shaxslar guruhi

Quyidagi shartlardan biriga yoki bir nechtasiga muvofiq bo‘lgan, yagona (umumiy) iqtisodiy manfaatga ega bo‘lgan shaxslar yig‘indisi shaxslar guruhi deb e’tirof etiladi:

ikki va undan ortiq xo‘jalik yurituvchi subyektning biri bevosita yoki bilvosita, shuningdek boshqa shaxslardan olingan vakolatlarga muvofiq boshqa xo‘jalik yurituvchi subyekt ustav fondining (ustav kapitalining) 50 foizidan ortig‘iga egalik qiladi;

ikki va undan ortiq xo‘jalik yurituvchi subyektda ayni bir jismoniy shaxs, shuningdek uning eri (xotini), ota-onasi (farzandlikka oluvchilari), bolalari (farzandlikka olingan bolalari), tug‘ishgan va o‘gay aka-ukalari hamda opa-singillari (bundan buyon matnda yaqin qarindoshlari deb yuritiladi) ushbu xo‘jalik yurituvchi subyektlardagi o‘z ishtiroki tufayli bevosita va (yoki) bilvosita yoxud boshqa shaxslardan olingan vakolatlarga muvofiq mazkur xo‘jalik yurituvchi subyektlardan har birining ustav fondining (ustav kapitalining) 50 foizidan ortig‘iga egalik qiladi (ega bo‘ladi);

ikki va undan ortiq xo‘jalik yurituvchi subyektda ayni bir yuridik shaxs ushbu xo‘jalik yurituvchi subyektlardagi o‘z ishtiroki tufayli bevosita va (yoki) bilvosita yoxud boshqa shaxslardan olingan vakolatlarga muvofiq mazkur xo‘jalik yurituvchi subyektlardan har birining ustav fondining (ustav kapitalining) 50 foizidan ortig‘iga egalik qiladi (ega bo‘ladi);

ikki va undan ortiq yuridik shaxsning ijro etuvchi organi tarkibiga ayni bir jismoniy shaxs hamda uning yaqin qarindoshlari kiradi;

ikki va undan ortiq yuridik shaxsning kollegial ijro etuvchi organi va (yoki) kuzatuv kengashi son tarkibining 50 foizidan ortig‘ini ayni bir jismoniy shaxs va uning yaqin qarindoshlari tashkil etadi;

ikki va undan ortiq yuridik shaxslardan biri qonunchilikka yoki ushbu yuridik shaxslarning ta’sis hujjatlariga yoxud ular bilan tuzilgan shartnomalarga asosan ushbu yuridik shaxslarga ijro etilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berishga haqli bo‘ladi;

ikki va undan ortiq xo‘jalik yurituvchi subyektda ayni bir jismoniy shaxs yoki ayni bir yuridik shaxs qonunchilikka va (yoki) ushbu yuridik shaxslarning ta’sis hujjatlariga yoxud ular bilan tuzilgan shartnomalarga asosan ularga ijro etilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berishga haqli bo‘ladi.

Ushbu Qonunda shaxslar guruhiga tovar yoki moliya bozorining yagona subyekti sifatida qaraladi.

11-modda. Tovarning monopol yuqori narxi

Agar tovarni realizatsiya qilish narxi hamda uni ishlab chiqarish va (yoki) realizatsiya qilish uchun zarur bo‘lgan xarajatlar o‘rtasidagi tafovut juda yuqori bo‘lsa yoki tovarning sifatini pasaytirish hisobidan qo‘shimcha foyda olishga qaratilgan bo‘lsa, tovarning tovar yoki moliya bozorida ustun mavqega ega bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi subyekt tomonidan belgilanadigan narxi tovarning monopol yuqori narxidir.

Tovarning narxi tovar-xomashyo birja savdolari yakunlariga ko‘ra shakllangan taqdirda, u monopol yuqori narx deb e’tirof etilmaydi, bundan ustun mavqega ega bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar ishtirokidagi hiyla-nayranglardan iborat harakatlar natijasida shakllangan narx mustasno.

Mazkur moddaning talablari eksport narxlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Tovarning monopol yuqori narxi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda aniqlanadi.

12-modda. Tovarning monopol past narxi

Tovar yoki moliya bozorida ustun mavqega ega bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi subyekt tomonidan tovarning tannarxidan past darajada va mazkur tovarni sotishdan zarar keltiradigan darajada belgilanadigan, natijada raqobat cheklanishiga olib keladigan narx tovarning monopol past narxidir.

Mazkur moddaning talablari eksport narxlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Tovarning monopol past narxi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda aniqlanadi.

13-modda. Ustun mavqe

Tovar yoki moliya bozoridagi xo‘jalik yurituvchi subyektning yoxud shaxslar guruhining unga o‘z faoliyatini raqobatlashuvchi xo‘jalik yurituvchi subyektlarga bog‘liq bo‘lmagan holda amalga oshirish va raqobatning holatiga hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatish, tegishli bozorga boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarning kirishini qiyinlashtirish yoxud ushbu boshqa subyektlarning iqtisodiy faoliyat erkinligini boshqacha tarzda cheklash imkoniyatini beradigan holati ustun mavqedir.

Tovar yoki moliya bozorida quyidagilar ustun mavqe deb e’tirof etiladi:

agar xo‘jalik yurituvchi subyektning yoki shaxslar guruhining raqobatchilari mavjud bo‘lmasa;

agar xo‘jalik yurituvchi subyektning yoxud shaxslar guruhining bozordagi ulushi 40 foizni va undan ortiqni tashkil etsa;

agar xo‘jalik yurituvchi subyekt yoki shaxslar guruhi tabiiy monopoliya subyekti deb e’tirof etilsa;

agar xo‘jalik yurituvchi subyektga yoki shaxslar guruhiga muayyan tovarlarni ishlab chiqarish yoki realizatsiya qilish yoxud olish uchun qonunchilikda belgilangan tartibda mutlaq va (yoki) eksklyuziv huquq berilgan bo‘lsa.

Oxirgi kalendar yilda tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan tushumi bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz ming baravaridan kamroqni tashkil etuvchi xo‘jalik yurituvchi subyektning yoki shaxslar guruhining (bundan tabiiy monopoliya subyektlari, mahsulotlarining narxlari davlat tomonidan tartibga solinadigan xo‘jalik yurituvchi subyektlar mustasno) tovar yoki moliya bozoridagi holati ustun mavqe deb e’tirof etilmaydi.

Xo‘jalik yurituvchi subyektning yoki shaxslar guruhining tovar yoki moliya bozoridagi ustun mavqeyi e’tirof etilgan kundan e’tiboran uch kunlik muddatda vakolatli davlat organi bu haqda ularga xabarnoma yuboradi, mazkur xo‘jalik yurituvchi subyektning yoki shaxslar guruhining tovarlariga nisbatan narxlar davlat tomonidan tartibga solingan taqdirda esa bu haqda narxni tartibga soluvchi organga ham xabar beradi.

Tovar yoki moliya bozorida xo‘jalik yurituvchi subyektning yoxud shaxslar guruhining, raqamli platforma operatorining ustun mavqeyini aniqlash va e’tirof etish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

14-modda. Ustun muzokara kuchi

Ustun mavqega ega bo‘lmagan xo‘jalik yurituvchi subyekt yoki shaxslar guruhi tomonidan bitim shartlarini, tovarlar realizatsiya qilinadigan hududni va narxni belgilashga bir tomonlama ta’sir ko‘rsatish imkoniyatining mavjudligi ustun muzokara kuchi deb e’tirof etiladi.

15-modda. Tovarning monopol turiga nisbatan qo‘llaniladigan narxlarni (tariflarni) e’lon qilish

Xo‘jalik yurituvchi subyekt va shaxslar guruhi ustun mavqega ega deb e’tirof etilgan paytdan e’tiboran tovarning monopol turiga nisbatan qo‘llaniladigan yangi narxlarni (tariflarni) joriy narxlar (tariflar) o‘zgartirilishidan kamida o‘n besh kun oldin e’lon qilishi shart.

2-BOB. TABIIY MONOPOLIYA SUBYEKTLARI FAOLIYATINI TARTIBGA SOLISH

16-modda. Tabiiy monopoliya subyektlari tovarlarining narxlarini (tariflarini) tartibga solish

Tabiiy monopoliya subyektlari tovarlarining narxlarini (tariflarini) tartibga solish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi vakolat bergan organ tomonidan amalga oshiriladi.

Tabiiy monopoliya subyektlari tovarlarining narxlarini (tariflarini) belgilash uchun tabiiy monopoliya subyektlari o‘z tovarlari narxlarining (tariflarining) loyihalarini hamda ular bo‘yicha hisob-kitoblarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan vakolat berilgan organga taqdim etadi.

Tabiiy monopoliya subyektlari tovarlari narxlarining (tariflarining) loyihalari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi vakolat bergan organ tomonidan bir oylik muddatda ko‘rib chiqiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi vakolat bergan organning tabiiy monopoliya subyektlari tovarlarining narxlari (tariflari) bo‘yicha qarori tabiiy monopoliya subyektlari tomonidan mazkur qaror kuchga kirguniga qadar o‘n besh kundan kechiktirmay ommaviy axborot vositalarida hamda o‘z rasmiy veb-saytlarida e’lon qilinadi.

Vakolatli davlat organi tabiiy monopoliya subyektlari tovarlarining narxlarini (tariflarini) tartibga solishda ishtirok etmaydi.

17-modda. Tabiiy monopoliya subyektlarining huquq va majburiyatlari

Tabiiy monopoliya subyektlari quyidagi huquqlarga ega:

realizatsiya qilingan tovarlar uchun haq to‘lanishini ta’minlamayotgan iste’molchilarga xizmat ko‘rsatishni qonunchilikda belgilangan tartibda rad etish;

tabiiy monopoliya sharoitlarida realizatsiya qilinadigan tovarlarning narxlarini (tariflarini) vakolatli davlat organini xabardor qilgan holda barcha iste’molchilar uchun bir vaqtda pasaytirish.

Tabiiy monopoliya subyektlari:

o‘z tovarlarining sotib olinishida iste’molchilar uchun teng shart-sharoitlar yaratib berishi, barcha iste’molchilarga xizmat ko‘rsatish uchun quvvatlar yetarli bo‘lmagan taqdirda, tovarlar iste’molchilar o‘rtasida adolatli taqsimlanishini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlariga muvofiq tartibga solishi;

o‘z faoliyati to‘g‘risidagi hisobotni vakolatli davlat organiga qonunchilikda belgilangan tartibda taqdim etishi;

tovarlarning narxlarini (tariflarini) belgilash uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan vakolat berilgan organga ishonchli axborotni taqdim etishi;

tabiiy monopoliya sharoitlarida amalga oshiriladigan tovarlar ishlab chiqarishga (realizatsiya qilishga) doir to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarajatlarning alohida-alohida hisobini yuritishi shart.

Tabiiy monopoliya subyektlari qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi va ularning zimmasida o‘zga majburiyatlar bo‘lishi mumkin.

3-bob. Raqobatga qarshi harakatlarni taqiqlash

18-modda. Ustun mavqeni va ustun muzokara kuchini suiiste’mol qilishni taqiqlash

Ustun mavqega yoki ustun muzokara kuchiga ega bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi subyektning yoki bir guruh shaxslarning pirovard natijada raqobatni cheklashga va (yoki) iste’molchilarning, boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini kamsitishga olib keladigan harakatlari, shu jumladan quyidagi harakatlari ustun mavqeni yoki ustun muzokara kuchini suiiste’mol qilish deb e’tirof etiladi hamda taqiqlanadi:

tovarlarning muomalasi hajmini tovar yoki moliya bozorida taqchillikni keltirib chiqarish yoki saqlab turish maqsadida narxlarning oshishiga va (yoki) iste’molchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga zarar yetkazilishiga olib keladigan tarzda qisqartirish;

iste’molchilarning zarur hajmdagi tovarni va lozim darajadagi sifatli tovarni olishga bo‘lgan huquqlari kamsitilishiga yo‘l qo‘yish;

tovarning monopol yuqori yoki monopol past narxlarini belgilash;

shartnoma predmetiga taalluqli bo‘lmagan shartlarni, shu jumladan moliyaviy mablag‘larni, boshqa mol-mulkni, mulkiy huquqlarni o‘zga shaxsga o‘tkazishga doir asossiz talablarni majburan qabul qildirish;

tovarni realizatsiya qilishda yoki olishda kamsituvchi shart-sharoitlarni belgilash, shu jumladan tovardan foydalanish shartlarini majburan qabul qildirish;

shartnoma tuzishga faqat kontragent tomonidan boshqa tovarni olish yoki realizatsiya qilish yoxud kontragentning tovarni o‘zga xo‘jalik yurituvchi subyektlardan olishdan yoki boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarga realizatsiya qilishdan o‘zini tiyishi sharti bilan rozilik berish;

tegishli tovarni ishlab chiqarish yoki realizatsiya qilish imkoniyati bo‘la turib, shartnoma tuzishni asossiz ravishda rad etish;

tovar yoki moliya bozoriga boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarning kirishi uchun to‘siqlar yaratish;

narxlarni davlat tomonidan tartibga solish qo‘llaniladigan tovarlar uchun belgilangan narxdan ortiq haq olish yoki narxlarni davlat tomonidan tartibga solish tartibini buzish, shuningdek ko‘rsatilmagan xizmatlar yoki bepul ko‘rsatilishi kerak bo‘lgan xizmatlar uchun haq olish;

boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlar (raqobatchilar) tomonidan ishlab chiqarilgan tovarlarni olishni yoki realizatsiya qilishni taqiqlash yoxud cheklash.

Ustun mavqega ega bo‘lgan deb e’tirof etilgan raqamli platforma operatoriga ma’lumotlar, texnologiyalar va raqamli mahsulotlardan foydalanish haqidagi talablarni belgilash orqali raqobatni cheklaydigan harakatlarni bajarish taqiqlanadi.

Ustun mavqega ega bo‘lgan deb e’tirof etilgan raqamli platforma operatorining raqobatning cheklanishiga olib keladigan harakatlarini aniqlash tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

19-modda. Raqobatga qarshi kelishuvlarni va muvofiqlashtirilgan harakatlarni taqiqlash

Tovar yoki moliya bozorida ikki va undan ortiq tarafning raqobatni cheklashga yoki iste’molchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga zarar yetkazilishiga olib keladigan yoxud olib kelishi mumkin bo‘lgan, bitta yoki bir nechta hujjatda aks ettirilgan yozma shakldagi shartlashuvi, shuningdek og‘zaki shakldagi shartlashuvi raqobatga qarshi kelishuvdir.

Raqobatlashayotgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar, shu jumladan potensial raqobatchilar o‘rtasidagi raqobatni cheklashga va (yoki) iste’molchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga zarar yetkazilishiga olib keladigan hamda quyidagilarga qaratilgan raqobatga qarshi kelishuvlar va muvofiqlashtirilgan harakatlar taqiqlanadi hamda o‘z-o‘zidan haqiqiy emas deb topiladi:

narxlarni (tariflarni), chegirmalarni, ustamalarni, qo‘shimcha to‘lovlarni yoki ustama narxlarni sun’iy ravishda belgilash yoki saqlab turish, erkin bozor narxlarining qaror topishiga to‘sqinlik qilish;

taklif hajmini sun’iy ravishda o‘zgartirish maqsadida ishlab chiqarish hajmlarini kelishib olish, tovarlarni ishlab chiqarishni iqtisodiy yoki texnologik jihatdan asossiz ravishda kamaytirish va (yoki) tugatish yoxud texnologiyalar va investitsiyalarni cheklashni kelishib olish;

eng yaxshi takliflarni tanlashda, tenderlarda, auksionlarda, birjalarda va boshqa savdolarda (bundan buyon matnda savdolar deb yuritiladi) narxlarni oshirish, pasaytirish yoki saqlab turish;

tovar yoki moliya bozorini hududiy prinsip bo‘yicha, realizatsiya qilish yoki xaridlar hajmi bo‘yicha, tovarlarning xillari bo‘yicha yoxud tovarlarni sotuvchilar yoki sotib oluvchilar, tovar buyurtmachilari doirasi bo‘yicha bo‘lib olish yoxud mahsulot sotiladigan bozorlar ustidan nazorat o‘rnatish;

boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarning muayyan tovarlarni sotuvchilar yoki sotib oluvchilar, buyurtmachilar sifatida tovar yoki moliya bozoriga kirishini cheklash yoki ularni bozordan chetlashtirish yoxud xo‘jalik yurituvchi subyektlarni muayyan bozorga kiritmaslik;

ayrim sotuvchilar yoki sotib oluvchilar bilan shartnomalar tuzishda shartnoma predmetiga taalluqli bo‘lmagan shartlarni, shu jumladan moliyaviy mablag‘larni, boshqa mol-mulkni, mulkiy huquqlarni o‘zga shaxsga o‘tkazishga doir asossiz talablarni majburan qabul qildirish yo‘li bilan shartnomalar tuzish.

Raqobatlashmayotgan xo‘jalik yurituvchi subyektlarning, shuningdek xo‘jalik yurituvchi subyektlarning yuridik shaxslar birlashmasi, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlar bilan raqobatga qarshi kelishuvlariga hamda muvofiqlashtirilgan harakatlariga, agar bunday kelishuvlar va harakatlar pirovard natijada ushbu moddaning ikkinchi qismida ko‘rsatilgan oqibatlarga olib kelsa yoki olib kelishi mumkin bo‘lsa, yo‘l qo‘yilmaydi, shu jumladan quyidagi kelishuvlari va harakatlariga yo‘l qo‘yilmaydi:

sotuvchining yoki sotib oluvchining hududni yoki sotib oluvchilar doirasini tovarni keyinchalik qayta sotish maqsadida mustaqil ravishda belgilashini cheklaydigan kelishuvlari va harakatlariga;

tovarlarni qayta sotish uchun narxlarga cheklovlar belgilaydigan kelishuvlari va harakatlariga;

boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan ishlab chiqariladigan tovarlarni xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan realizatsiya qilishni taqiqlaydigan kelishuvlari va harakatlariga.

Xo‘jalik yurituvchi subyektlarning iqtisodiy faoliyatini ushbu xo‘jalik yurituvchi subyektlarga aloqador bo‘lmagan yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan tashqi muvofiqlashtirish, agar bunday muvofiqlashtirish ushbu moddaning ikkinchi va uchinchi qismlarida ko‘rsatilgan oqibatlardan biriga olib kelsa, taqiqlanadi.

Agar raqobatga qarshi kelishuvlar va harakatlar ishlab chiqarishni takomillashtirishga, texnika taraqqiyotini yuksaltirishga, innovatsiyalarni joriy etishni rag‘batlantirishga, ishlab chiqarish va tovarlarni realizatsiya qilish hajmlarini ko‘paytirishga yoki iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirishga yoxud tovarlarning jahon tovar yoki moliya bozoridagi raqobatbardoshliligini oshirishga qaratilgan bo‘lsa, ushbu moddada nazarda tutilgan taqiqlar mazkur kelishuvlar va harakatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Raqobatga qarshi kelishuvlarni va muvofiqlashtirilgan harakatlarni aniqlash tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

20-modda. Raqobatga qarshi kelishuvlar va muvofiqlashtirilgan harakatlar uchun javobgarlikdan ozod qilish

Raqobatga qarshi kelishuv yoki muvofiqlashtirilgan harakat ishtirokchisi bo‘lgan, mazkur kelishuv yoki harakat sodir etilganligi haqida vakolatli davlat organiga birinchi bo‘lib ixtiyoriy ravishda ariza bilan murojaat qilgan jismoniy shaxs, xo‘jalik yurituvchi subyekt, yuridik shaxslar birlashmasi tegishincha ma’muriy va moliyaviy javobgarlikdan ozod qilinadi.

21-modda. Insofsiz raqobatni taqiqlash

Xo‘jalik yurituvchi subyektlar yoki ularning manfaatlarini ko‘zlab boshqa shaxslar tomonidan raqobatchilarga nisbatan insofsiz raqobatni amalga oshirish, shu jumladan quyidagi harakatlarni amalga oshirish taqiqlanadi:

raqobatchini obro‘sizlantirish, ya’ni raqobatchi xo‘jalik yurituvchi subyektning faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi yoki uning ishchanlik obro‘siga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan, u sotuvga taklif qilayotgan tovarning sifati va iste’mol xossalari to‘g‘risida, mazkur tovarni tayyorlash hamda undan foydalanish usullari va sharoitlari haqida, undan foydalanishdan kutilayotgan natijalar to‘g‘risida, tovarning muayyan maqsadlarga yaroqliligi haqida, tovarni sotuvga taklif etish shartlari, shu jumladan uning narxi to‘g‘risida yolg‘on, noaniq yoki buzib ko‘rsatilgan ma’lumotlarni tarqatish;

noto‘g‘ri taqqoslash, ya’ni raqobatchi xo‘jalik yurituvchi subyektni yoki uning tovarini tovarning ustunligi haqida tasavvur hosil qiluvchi so‘zlardan yoki ramzlardan tovarning xolisona tasdiqqa ega bo‘lgan tavsifini yoki taqqoslash parametrlarini ko‘rsatmagan holda foydalanib taqqoslash;

tovarning xususiyati, ishlab chiqarilish usuli va joyi, iste’mol xossalari, narxi va sifati, ishlab chiqaruvchining (bajaruvchining) kafolat majburiyatlari xususida iste’molchilarni chalg‘itish;

tijorat sirini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni, shu jumladan fan-texnikaga, ishlab chiqarishga yoki savdoga oid axborotni egasining roziligisiz olish, undan foydalanish, uni oshkor etish;

tovar yoki moliya bozoriga raqobatchi xo‘jalik yurituvchi subyektning kirishiga to‘sqinlik qilishga yoki uni bozordan chetlashtirishga olib keluvchi harakatlarni sodir etish.

22-modda. Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlar, yuridik shaxslarning birlashmalari tomonidan raqobatni cheklaydigan hujjatlar qabul qilinishini hamda harakatlar amalga oshirilishini (harakatsizlikni) taqiqlash

Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlariga va boshqa tashkilotlarga, yuridik shaxslarning birlashmalariga tovar yoki moliya bozorida raqobatni cheklashga hamda iste’molchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini kamsitishga olib keluvchi hujjatlarni qabul qilish hamda harakatlarni amalga oshirish (harakatsizlik), shu jumladan quyidagilar taqiqlanadi:

faoliyatning biron-bir sohasida yangi xo‘jalik yurituvchi subyektlarni tashkil etishga, faoliyatning ayrim turlarini amalga oshirishga yoki muayyan tovarlarni ishlab chiqarishga nisbatan taqiq belgilash yoki cheklovlar joriy etish;

xo‘jalik yurituvchi subyektlarning tovar yoki moliya bozoriga kirishini cheklash yoki ularni undan chiqarib yuborish;

shartnomalar tuzishda ustunlik berish, sotib oluvchilarning muayyan doirasiga tovarlarni birinchi navbatda realizatsiya qilish, moliyaviy mablag‘larning manbalarini tanlash va ulardan foydalanish yo‘nalishlarining afzalligi to‘g‘risida xo‘jalik yurituvchi subyektga ko‘rsatmalar berish;

xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatiga asossiz ravishda to‘sqinlik qilish, shu jumladan tovarlarga yoki xo‘jalik yurituvchi subyektlarga nisbatan qonunchilikda nazarda tutilmagan talablarni belgilash yo‘li bilan to‘sqinlik qilish;

tovarlarning erkin harakatlanishi va realizatsiya qilinishini qonunga xilof ravishda cheklash, xo‘jalik yurituvchi subyektlarning tovarlarni yoki boshqa fuqarolik huquqlari obyektlarini tasarruf etish hamda ulardan foydalanish huquqlariga nisbatan taqiqlar yoki cheklovlar belgilash;

xo‘jalik yurituvchi subyektlarga tovarlarni sotib olish to‘g‘risida ko‘rsatmalar berish yoki tovarlarni sotib oluvchilarga bunday tovarlarni realizatsiya qiladigan xo‘jalik yurituvchi subyektlarni tiqishtirish yoxud ushbu subyektlarni tanlashda cheklovlar belgilash;

xo‘jalik yurituvchi subyektlarga axborotdan o‘z raqobatchilarining tovar yoki moliya bozorida kamsitilishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan tarzda ustuvor foydalanish imkoniyatini berish;

ayrim xo‘jalik yurituvchi subyektlarga ularni tovar yoki moliya bozorida faoliyat ko‘rsatayotgan boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarga nisbatan afzal holatga qo‘yadigan imtiyozlar, preferensiyalar, yengilliklar va eksklyuziv huquqlarni asossiz ravishda berish;

xo‘jalik yurituvchi subyektlarning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aksiyalarni (ulushlarni) olish, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno;

xo‘jalik yurituvchi subyektlarning iqtisodiy faoliyatiga oqibatda raqobat cheklanishi mumkin bo‘lgan tarzda aralashish;

respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining va boshqa tashkilotlarning, yuridik shaxslar birlashmalarining vazifalarini xo‘jalik yurituvchi subyektlarning vazifalari bilan qo‘shib bajarish, bundan qonunchilikda belgilangan hollar mustasno;

ayrim xo‘jalik yurituvchi subyektlarning faoliyati uchun boshqa kamsituvchi yoki imtiyozli shart-sharoitlar yaratish.

Alohida hollarda, tabiiy ofatlar, halokatlarning oqibatlarini tugatish va epidemiyalarning oldini olish maqsadida hamda favqulodda vaziyatlar davrida respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlar ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan hujjatlarni qabul qilishi va harakatlarni amalga oshirishi mumkin.

Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining va boshqa tashkilotlarning, yuridik shaxslar birlashmalarining tovar yoki moliya bozorida narxlarni sun’iy ravishda oshirishga, pasaytirishga, saqlab turishga olib keladigan harakatlariga yo‘l qo‘yilmaydi.

4-BOB. DAVLAT YORDAMI BERILISHIGA VA TADBIRKORLIK FAOLIYATIDA DAVLATNING ISHTIROK ETISHIGA NISBATAN RAQOBATNI CHEKLASHGA QARSHI TALABLAR

23-modda. Davlat yordamining raqobatga ta’sirini baholash

Davlat xo‘jalik yurituvchi subyektlarga soliq va bojxona imtiyozlari, subsidiyalar, grantlar, davlat kafolatlari, imtiyozli kreditlar, eksklyuziv huquqlar, davlat mulkini imtiyozli narxlarda sotish va ijaraga berish, yer resurslaridan va yerosti boyliklaridan foydalanish huquqlarini imtiyozli shartlar asosida berish hamda boshqa preferensiyalar va afzalliklar tarzida davlat yordamini berishi mumkin.

Ayrim xo‘jalik yurituvchi subyektlarga sog‘lom raqobat muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan tarzda yakka tartibda davlat yordami berilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Davlat yordami berilishini nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ularning raqobatga ta’sirini baholash uchun vakolatli davlat organiga majburiy tartibda kiritiladi.

Raqobatga ta’sirni baholash natijalari yuzasidan vakolatli davlat organining xulosasi davlat yordami ko‘rsatilishini nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish chog‘ida majburiy tartibda ko‘rib chiqiladi.

Ushbu moddaning ikkinchi qismida ko‘rsatilgan talablar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlarida nazarda tutilgan hollarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

24-modda. Davlat ishtirokidagi korxonalarning raqobatga ta’sirini cheklash

Davlatning tadbirkorlik faoliyatida ishtirok etishi davlat ishtirokidagi korxonalarni tashkil etish, xo‘jalik yurituvchi subyektlarning ustav fondida (ustav kapitalida) bevosita yoki bilvosita ishtirok etish orqali, shuningdek davlat-xususiy sheriklik loyihasida davlat sherigi sifatida ishtirok etish orqali amalga oshiriladi.

Quyidagilarga yo‘l qo‘yilmaydi:

besh va undan ortiq xususiy tadbirkorlik subyekti tovar yoki moliya bozorida faoliyat yuritib kelayotgan, raqobat rivojlangan sohalarda davlat ishtirokidagi korxonani va uning affillangan shaxslarini tashkil etishga;

respublika ijro etuvchi hokimiyat organlariga va boshqa tashkilotlarga faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalashni amalga oshirish, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berish, maxsus elektron tizim vositasida xabarnomalarni qabul qilish, shuningdek ro‘yxatdan o‘tkazish yoki akkreditatsiya qilish vakolatlari berilgan sohalarda ushbu organlar va boshqa tashkilotlar tomonidan ular ishtirokidagi korxonalarni tashkil etishga;

yagona yetkazib beruvchi bo‘lgan yoki o‘ziga mazkur huquq berilgan yoxud ustun mavqega ega bo‘lgan davlat ishtirokidagi korxona tomonidan faoliyati muassisning tovarlaridan (resurslaridan) yoki tarmoq infratuzilmasidan foydalanishga bog‘liq bo‘lgan hamda xususiy tadbirkorlik subyektlari bilan raqobatlashadigan faoliyat bilan shug‘ullanadigan, ushbu korxonaga affillangan shaxslarni tashkil etishga, bundan mazkur affillangan shaxslarning ularni raqobatchilar bilan teng faoliyat shart-sharoitlari bilan ta’minlagan holda bo‘lib yuborish natijasida tashkil etilishi hollari mustasno;

davlat ishtirokidagi korxonalarning raqobat rivojlangan sohalarda o‘z asosiy faoliyatiga bog‘liq bo‘lmagan qo‘shimcha faoliyat bilan shug‘ullanishiga;

davlat ishtirokidagi korxonalarning raqobat rivojlangan sohalarda xo‘jalik yurituvchi subyektlarning ustav fondida (ustav kapitalida) ishtirok etishiga yoki undagi ulushni olishiga.

Ushbu modda ikkinchi qismining beshinchi va oltinchi xatboshilarida ko‘rsatilgan talablar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlarida nazarda tutilgan hollarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Davlat ishtirokidagi korxonalarni va ularning affillangan shaxslarini tashkil etish (qayta tashkil etish) vakolatli davlat organining oldindan roziligi olinganidan keyin amalga oshiriladi.

Vakolatli davlat organining oldindan roziligini olish quyidagi hollarda talab etiladi:

davlat ishtirokidagi korxonalarni yoki ularning affillangan shaxslarini tashkil etish chog‘ida;

davlat ishtirokidagi korxonalarni yoki ularning affillangan shaxslarini qayta tashkil etish chog‘ida (qo‘shib yuborish va qo‘shib olish shaklida);

xo‘jalik yurituvchi subyektlarning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aksiyalar (ulushlar) respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlar, davlat ishtirokidagi korxonalar tomonidan olinganda;

davlat ishtirokidagi korxonalarning, shuningdek ushbu korxonalar affillangan shaxslarining faoliyat turi o‘zgarganda.

Ushbu moddaning beshinchi qismida ko‘rsatilgan talablar O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlarida nazarda tutilgan hollarda davlat ishtirokidagi korxonalarni va ularning affillangan shaxslarini tashkil etishga (qayta tashkil etishga), ularning faoliyat turini o‘zgartirishga, shuningdek aksiyalar (ulushlar) olishga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Agar davlat ishtirokidagi korxonalar yoki ularning affillangan shaxslari ushbu moddaning talablarini buzgan holda tashkil etilgan (qayta tashkil etilgan) bo‘lsa yoki faoliyat turini o‘zgartirgan bo‘lsa, shuningdek aksiyalar (ulushlar) olgan bo‘lsa, bunday holda davlat ishtirokidagi mazkur korxonalar yoki ularning affillangan shaxslari vakolatli davlat organining ko‘rsatmasiga binoan yoxud sud tartibida tegishincha tugatiladi yoki ularning faoliyat turi o‘zining avvalgi faoliyat turiga o‘zgartiriladi yoxud aksiyalarni (ulushlarni) olishga doir bitimlar haqiqiy emas deb topiladi.

25-modda. Davlat ishtirokidagi korxonalarni va ularning affillangan shaxslarini tashkil etish (qayta tashkil etish), ularning faoliyat turini o‘zgartirish, shuningdek ular tomonidan aksiyalar (ulushlar) olinishi uchun oldindan rozilik olish tartibi

Davlat ishtirokidagi korxonalarni yoki ularning affillangan shaxslarini tashkil etishga (qayta tashkil etishga) va (yoki) ularning faoliyat turini o‘zgartirishga, shuningdek ular tomonidan aksiyalar (ulushlar) olinishiga oldindan rozilik olish uchun tegishincha respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlar, davlat ishtirokidagi korxonalar yoki ularning affillangan shaxslari vakolatli davlat organiga ariza bilan murojaat qiladi.

Vakolatli davlat organi davlat ishtirokidagi korxonalarni yoki ularning affillangan shaxslarini tashkil etish (qayta tashkil etish) va (yoki) ularning faoliyat turini o‘zgartirish, shuningdek ular tomonidan aksiyalar (ulushlar) olish masalasi yuzasidan ariza kelib tushgan kundan e’tiboran ikki oy muddatda qaror qabul qiladi.

Agar vakolatli davlat organi tomonidan tovar yoki moliya bozorida xususiy tadbirkorlik subyektlari mavjud emasligining obyektiv sabablari aniqlanmagan bo‘lsa, davlat ishtirokidagi korxonalarga, shuningdek ularning affillangan shaxslariga uch yil muddat mazkur tovar yoki moliya bozorida faoliyat yuritishga ruxsat beriladi.

Vakolatli davlat organi davlat ishtirokidagi korxonalarni va (yoki) ularning affillangan shaxslarini tashkil etishni (qayta tashkil etishni) va (yoki) ularning faoliyat turini o‘zgartirishni, shuningdek ular tomonidan aksiyalar (ulushlar) olinishini ushbu Qonun 24-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollarda rad etadi.

Davlat ishtirokidagi korxonalarni yoki ularning affillangan shaxslarini tashkil etish (qayta tashkil etish) va (yoki) ularning faoliyat turini o‘zgartirish, shuningdek ular tomonidan aksiyalar (ulushlar) olinishi bo‘yicha harakatlar tovar yoki moliya bozorida raqobat muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligini isbotlovchi dalillar va (yoki) hujjatlar taqdim etilgan taqdirda, vakolatli davlat organi ushbu arizani qanoatlantirishi mumkin.

Vakolatli davlat organi davlat ishtirokidagi korxonalarni yoki ularning affillangan shaxslarini tashkil etish (qayta tashkil etish) va (yoki) ularning faoliyat turini o‘zgartirish, shuningdek ular tomonidan aksiyalar (ulushlar) olinishi uchun oldindan rozilik berish to‘g‘risida qarorlar qabul qilish chog‘ida raqobatni ta’minlashga qaratilgan talablarni belgilashi mumkin.

Vakolatli davlat organining davlat ishtirokidagi korxonalarni yoki ularning affillangan shaxslarini tashkil etish (qayta tashkil etish) va (yoki) ularning faoliyat turini o‘zgartirish, shuningdek ular tomonidan aksiyalar (ulushlar) olinishi uchun oldindan rozilik berish to‘g‘risidagi qarori, agar qaror bir yil ichida ijro etilmasa, o‘z kuchini yo‘qotadi.

Ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organlar davlat ishtirokidagi korxonalarni va ularning affillangan shaxslarini, shuningdek ta’sis hujjatlariga kiritilayotgan o‘zgartishlarni hamda ular tomonidan aksiyalar olinishini ro‘yxatdan o‘tkazish (qayta ro‘yxatdan o‘tkazish) chog‘ida vakolatli davlat organining oldindan roziligi mavjudligini qonunchilikda belgilangan tartibda tekshirishi va vakolatli davlat organining oldindan rozilik berish to‘g‘risidagi qarori arizachi tomonidan taqdim etilmagan taqdirda, ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etishi shart, bundan O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlarida nazarda tutilgan hollarda tashkil etilgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar mustasno.

5-BOB. RAQOBATNI CHEKLASHGA YO‘L QO‘YMASLIK MAQSADIDA IQTISODIY KONSENTRATSIYANI VA SAVDOLARNI TARTIBGA SOLISH

26-modda. Iqtisodiy konsentratsiya ustidan davlat nazorati

Iqtisodiy konsentratsiya ustidan davlat nazorati iqtisodiy konsentratsiyaga oldindan rozilik berish orqali vakolatli davlat organi tomonidan quyidagi hollarda amalga oshiriladi:

xo‘jalik yurituvchi subyektni qo‘shib olish yoki qo‘shib yuborish orqali qayta tashkil etishda;

shaxs yoki shaxslar guruhi O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatga olingan aksiyadorlik jamiyati ovoz beruvchi aksiyalarining 25 foizidan ortig‘ini tasarruf etish yoxud mas’uliyati cheklangan jamiyatning yoki qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlarning uchdan bir qismidan ortig‘ini tasarruf etish huquqini olganda.

Agar ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan bitimlarda ishtirok etayotgan xo‘jalik yurituvchi subyektlardan biri aktivlarining balans qiymati yoki oxirgi kalendar yilda tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan tushumi bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz ellik ming baravari miqdoridan ortiq yoxud ularning aktivlarining jami balans qiymati yoki oxirgi kalendar yilda tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan jami tushumi bazaviy hisoblash miqdorining besh yuz ming baravari miqdoridan ortiq bo‘lsa, iqtisodiy konsentratsiya ustidan davlat nazorati amalga oshiriladi.

Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risidagi qonunchilik iqtisodiy konsentratsiyaga vakolatli davlat organining oldindan roziligini olish bilan bog‘liq munosabatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Ushbu moddaning talablari quyidagilarga nisbatan tatbiq etilmaydi:

davlat ishtirokidagi korxonalarning qo‘shib yuborilishiga yoki qo‘shib olinishiga yoxud ularning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aksiyalarning (ulushlarning) olinishiga doir bitimlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga binoan amalga oshirilgan hollarga;

xo‘jalik yurituvchi subyektni tashkil etish chog‘ida uning muassislariga;

xo‘jalik yurituvchi subyekt tomonidan ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) o‘z aksiyalarini (ulushlarini) olishga doir bitimlarga;

aksiyadorlik jamiyati (mas’uliyati cheklangan jamiyat yoki qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyat) o‘z ustav fondining (ustav kapitalining) miqdorini saqlab qolgan holda boshqa tashkiliy-huquqiy shaklga o‘zgartirilishiga;

aksiyalar (ulushlar) keyinchalik qayta sotish maqsadida investitsiya vositachilari tomonidan olinishiga;

xo‘jalik yurituvchi subyektning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aksiyalarni (ulushlarni) jismoniy shaxs tomonidan olishga doir bitimlarga, agar ariza bilan murojaat etilgan paytda bunday jismoniy shaxs biron-bir xo‘jalik yurituvchi subyektning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aksiyalarning (ulushlarning) 25 foizidan ko‘prog‘ini tasarruf etmagan bo‘lsa.

27-modda. Iqtisodiy konsentratsiyaga oldindan rozilik olish

Oldindan rozilik olish talab etiladigan iqtisodiy konsentratsiyani amalga oshirish chog‘ida shaxslar yoki shaxslar guruhi bu harakatlar bajarilguniga (bitimlar tuzilguniga) qadar vakolatli davlat organiga quyidagilarni qonunchilikda belgilangan tartibda taqdim etadi:

iqtisodiy konsentratsiyaga oldindan rozilik berish to‘g‘risidagi arizani;

norezident bo‘lgan jismoniy shaxs uchun — pasportning ko‘chirma nusxasini;

norezident bo‘lgan yuridik shaxs uchun — davlat ro‘yxatidan o‘tganligi to‘g‘risidagi hujjatning ko‘chirma nusxasini yoki uning o‘rnini bosuvchi hujjatni;

bitim taraflarining ariza berilgan kundan avvalgi ikki yil davomidagi yoxud agar faoliyat ikki yildan kam muddatni tashkil etsa, faoliyat amalga oshirilgan muddat davomidagi faoliyati turlari, ishlab chiqarilgan va realizatsiya qilingan tovar turlarining nomlari hamda ularning hajmlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni;

o‘tgan ikki kalendar yilga doir moliyaviy va statistika hisobotlarini;

shaxslar guruhining tarkibi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni, bunday shaxslarning ushbu shaxslar guruhiga kirish asoslari ko‘rsatilgan holda;

shaxslar yoki bir guruh shaxslarning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aksiyalarining (ulushlarining) 25 foizdan ko‘prog‘iga bevosita yoki bilvosita egalik qilish orqali haqiqatda nazorat qiladigan jismoniy shaxslar — asosiy benefitsiar mulkdorlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni.

Iqtisodiy konsentratsiyaga oldindan rozilik berish to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqqanlik uchun qonunchilikda belgilangan tartibda yig‘im undiriladi.

Iqtisodiy konsentratsiyaga oldindan rozilik berish to‘g‘risidagi ariza quyidagi tarzda ko‘rib chiqiladi:

agar harakat (bitim) raqobatga ta’sir qilmasa, ariza va unga ilova qilingan hujjatlar ro‘yxatga olingan paytdan e’tiboran o‘ttiz kalendar kundan kechiktirmay arizachi qabul qilingan qaror to‘g‘risida yozma shaklda xabardor qilinadi;

agar harakat (bitim) raqobatning cheklanishiga olib kelishi mumkin bo‘lsa, qo‘shimcha o‘rganish o‘tkazish uchun arizani ko‘rib chiqish muddati ikki oydan ko‘p bo‘lmagan muddatga uzaytirilishi mumkin.

Iqtisodiy konsentratsiyaning raqobatga ta’sirini baholash uchun ekspertlar va mutaxassislar jalb etilishi mumkin.

Iqtisodiy konsentratsiyaga oldindan rozilik berish to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha vakolatli davlat organi quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:

iqtisodiy konsentratsiyaga oldindan rozilik berish to‘g‘risida;

iqtisodiy konsentratsiyaga oldindan rozilik berishni rad etish haqida.

Vakolatli davlat organi arizachiga oldindan rozilik berishni quyidagi hollarda rad etishga haqli, agar:

iqtisodiy konsentratsiyaga oldindan rozilik berish to‘g‘risidagi arizaning qanoatlantirilishi tovar yoki moliya bozorida tegishli xo‘jalik yurituvchi subyektning yoki shaxslar guruhining ustun mavqeyi yuzaga kelishiga yoxud kuchayishiga va (yoki) raqobatning cheklanishiga olib kelishi mumkin bo‘lsa;

taqdim etilgan hujjatlarda noto‘g‘ri yoki buzib ko‘rsatilgan ma’lumotlarning mavjudligi.

Vakolatli davlat organi hatto tovar yoki moliya bozorida xo‘jalik yurituvchi subyektning yoki shaxslar guruhining ustun mavqeyi yuzaga kelishiga yoxud kuchayishiga va raqobatning cheklanishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan taqdirda ham, agar iqtisodiy konsentratsiya to‘g‘risida qaror qabul qiluvchi yuridik va (yoki) jismoniy shaxslar o‘z harakatlari (bitimlari) iste’molchilarga sezilarli tarzda naf keltirishini isbotlab bersa, iqtisodiy konsentratsiyaga oldindan rozilik berish haqidagi arizani qanoatlantiradi.

Vakolatli davlat organi iqtisodiy konsentratsiyaga oldindan rozilik berishga va buni raqobatni ta’minlashga qaratilgan talablarni bajarish bilan bog‘liq qilib qo‘yishga haqli. Bunda mazkur talablar, shuningdek ularni bajarish muddatlari vakolatli davlat organining iqtisodiy konsentratsiyaga oldindan rozilik berish to‘g‘risidagi qarorida ko‘rsatilishi kerak.

Tovar yoki moliya bozorida tegishli xo‘jalik yurituvchi subyektning yoki shaxslar guruhining ustun mavqeyi yuzaga kelishiga yoki kuchayishiga va (yoki) raqobatning cheklanishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlarni bajarish (bitimlar tuzish) to‘g‘risida qaror qabul qilgan yuridik va (yoki) jismoniy shaxslar vakolatli davlat organining talabiga ko‘ra raqobatning zarur shart-sharoitlarini tiklash bo‘yicha choralar ko‘rishi shart.

Vakolatli davlat organining oldindan berilgan roziligisiz tuzilgan, tovar yoki moliya bozorida raqobatning cheklanishiga olib keladigan iqtisodiy konsentratsiyaga doir bitimlar sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.

Iqtisodiy konsentratsiyani amalga oshirish uchun vakolatli davlat organidan oldindan rozilik olish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

28-modda. Xo‘jalik yurituvchi subyektlarni majburiy tarzda bo‘lish yoki ajratib chiqarish

Tovar yoki moliya bozorida ustun mavqega ega bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi subyektga nisbatan raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikning buzilishlarini bartaraf etish yuzasidan ilgari qo‘llanilgan choralar samarasiz bo‘lgan taqdirda, vakolatli davlat organi xo‘jalik yurituvchi subyektni majburiy tarzda bo‘lish yoki ajratib chiqarish haqidagi da’vo bilan sudga murojaat qiladi, bo‘lish yoki ajratib chiqarish mazkur xo‘jalik yurituvchi subyekt negizida ikki yoxud bir nechta alohida xo‘jalik yurituvchi subyektni tashkil etish orqali amalga oshiriladi.

Xo‘jalik yurituvchi subyektni majburiy tarzda bo‘lish yoki ajratib chiqarish quyidagi shartlarning barchasi jam bo‘lganda amalga oshirilishi mumkin:

bo‘linayotgan yoki ajratib chiqarilayotgan tarkibiy bo‘linmalarning tashkiliy va hududiy jihatdan alohida ajralib chiqish imkoniyati mavjud bo‘lganda;

uning tarkibiy bo‘linmalari o‘rtasida uzviy texnologik bog‘lanish mavjud bo‘lmaganda;

bo‘lish yoki ajratib chiqarish natijasidagi tarkibiy bo‘linmalarning tovar yoki moliya bozorida mustaqil ravishda faoliyat ko‘rsatish imkoniyati mavjud bo‘lganda.

29-modda. Savdolarda raqobatni cheklashga qarshi talablar

Savdolar boshlang‘ich narxni pasaytirish yoki oshirish yo‘li bilan tashkil etilishi mumkin.

Savdolarda raqobatni cheklashga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlar, shu jumladan quyidagilar taqiqlanadi:

savdolarni o‘tkazishning qonunchilikda belgilangan tartibini buzish;

savdolar ishtirokchilarining faoliyatini muvofiqlashtirish;

savdolarning bitta yoki bir nechta ishtirokchisiga savdolarda ishtirok etish uchun imtiyozli shart-sharoitlar yaratish, shu jumladan axborotdan foydalanish orqali imtiyozli shart-sharoitlar yaratish;

savdolarga oid hujjatlarga va qoidalarga, shu jumladan e’lonning matniga ishtirokchilar o‘rtasida raqobatni cheklaydigan yoki cheklashga olib kelishi mumkin bo‘lgan talablarni kiritish;

savdolarning o‘tkazilish jarayoniga va natijalariga ta’sir ko‘rsatish;

savdolarda talabning o‘zgarishiga, narxlarning sun’iy ravishda oshirilishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan yolg‘on, asossiz ma’lumotlarni tarqatish;

savdolarning operatorlari va (yoki) tashkilotchilari va (yoki) buyurtmachilari va (yoki) savdolar ishtirokchilari tomonidan raqobatga qarshi kelishuvlarni hamda muvofiqlashtirilgan harakatlarni amalga oshirish;

elektron tarzda o‘tkaziladigan savdolarda narxlarning sun’iy ravishda shakllantirilishiga olib keladigan narx algoritmidan, ya’ni tovarlar narxini oldindan belgilangan parametrlarga asosan monitoring qilish, hisob-kitob qilish, belgilash va nazorat qilish imkoniyatini beruvchi dasturiy ta’minotdan foydalanish;

savdolarda savdo shartlarini bir necha marta bajarmaslik natijasida tovarning narxlarini raqobat mavjud bo‘lganda shakllangan narxlardan (talab, taklif yoki ishlar hajmidan) ancha oshirish;

buyurtmachining yoki sotuvchining savdolar natijalariga ko‘ra shartnoma tuzishdan asossiz ravishda bo‘yin tovlashi.

Birja savdolarini o‘tkazish chog‘ida raqobatni cheklaydigan yoki cheklashga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlar, shu jumladan quyidagilar taqiqlanadi:

birja savdolarini o‘tkazish jarayoniga ta’sir ko‘rsatadigan, shu jumladan hiyla-nayrang hisoblanadigan harakatlar, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno;

birja savdolari ishtirokchilarining muvofiqlashtirilgan harakatlari natijasida joriy birja narxlarining keskin oshishiga yoki qat’iy belgilanishiga olib keladigan harakatlar;

birja shartnomasi bo‘yicha barcha xaridorlarga savdolarda teng ishtirok etish imkoniyatini cheklaydigan lotlarni belgilash;

to‘lovning va yetkazib berishning asoslanmagan muddatlarini, shuningdek o‘xshash mahsulotni sotuvchilar tomonidan belgilangan shartlardan jiddiy farq qiluvchi alohida shartlarni joriy etish;

birja shartnomalarida ishtirokchilar sonini cheklaydigan alohida shartlarni ko‘rsatish;

tovarlarni savdoga qo‘yish jadvallarini birjaning rasmiy veb-saytiga joylashtirmaslik;

yuqori likvidli va (yoki) monopol mahsulotni jadvallarda nazarda tutilgan muddatlarda birjaga qo‘ymaslik yoki uni kam hajmda yoxud muvofiq bo‘lmagan hajmda qo‘yish;

birja savdolari davomida birjaning muayyan ishtirokchisi tomonidan boshqa ishtirokchilarning buyurtmalariga nisbatan narxi noodatiy tarzda katta farq qiluvchi buyurtmalar berish, keyinchalik mazkur buyurtmalarni savdolar tugaguniga qadar olib tashlash yoki tuzilgan bitimni jarima to‘lamasdan asossiz ravishda bekor qilish;

narxi qonunchilik bilan tartibga solinadigan mahsulotning boshlang‘ich narxini shakllantirishning belgilangan tartibiga rioya etmaslik;

birja shartnomasi bo‘yicha muayyan xaridor ishtirokida bekor qilingan bitimning bahosi ayni shu xaridor bilan mazkur birja shartnomasi bo‘yicha keyingi ikki savdoda amalga oshirilgan bitimning eng past bahosidan past bo‘lishiga olib keluvchi harakatlarni bajarish;

faqat birja savdolariga qo‘yish yo‘li bilan sotilishi lozim bo‘lgan yuqori likvidli va (yoki) monopol mahsulotlar hajmlarini birja savdolariga qo‘ymasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha sotish;

birja savdolarida realizatsiya qilinmagan yuqori likvidli va (yoki) monopol mahsulotlarning bir qismini takroran savdolarga qo‘ymaslik;

mahsulotni transportning muqobil turi bilan jo‘natish imkoni bo‘lgani holda, uni transportning muayyan turi bilan asossiz ravishda jo‘natishni nazarda tutuvchi shartnomalar bo‘yicha savdolarga qo‘yish;

birjada tuzilgan bitimlar va shartnomalarni jarima sanksiyalarisiz asossiz ravishda yoki muntazam asosda bekor qilish, bundan bir tarafning yengib bo‘lmas kuch holatlari munosabati bilan majburiyatlarini bajarish imkoniyati yo‘qligi isbotlangan hollar, ya’ni favqulodda va oldini olib bo‘lmaydigan (fors-major) holatlar mustasno;

tovarni yuklab jo‘natish navbatining izchilligiga rioya etmaslik;

birja shartnomalarida tovarlarning sifat ko‘rsatkichlari (turi, navi, markasi va boshqalar) to‘g‘risidagi yetarlicha axborotni ko‘rsatmaslik yoki ularning ko‘rsatkichlari to‘g‘risidagi chalg‘ituvchi axborotni kiritish;

savdolar tashkilotchilari tomonidan birja savdolarining ishtirokchilari uchun teng bo‘lmagan sharoitlar yaratish;

savdolar tashkilotchilari tomonidan birja savdolarining natijalarini asossiz ravishda bekor qilish;

sotuvchi va xaridor o‘rtasida ayni bir shaxsiy hisobvaraqda bitim tuzish;

tovarning narxi xususida chalg‘itish maqsadida bahosi raqobat muhitida tarkib topgan darajadan jiddiy farq qiladigan bir nechta bitimni bir kunda bir ishtirokchi tomonidan yoki bir ishtirokchining manfaati uchun tuzish.

Eng yaxshi takliflarning tanlovlarida, tenderlarda, auksionlarda va boshqa savdolarda raqobatni cheklaydigan yoki cheklashga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlar, shu jumladan quyidagilar taqiqlanadi:

savdolarda ishtirok etish uchun xo‘jalik yurituvchi subyektlardan hujjatlar qabul qilishni asossiz ravishda rad etish yoki savdolarda ishtirok etish uchun hujjatlarni taqdim etishga to‘sqinlik qilish;

savdolar ishtirokchilarini asossiz ravishda chetlashtirish yoki ularning sonini asossiz ravishda cheklash;

savdolar predmetiga texnologik va funksional jihatdan aloqador bo‘lmagan qo‘shimcha tovarlarni lotlar tarkibiga kiritish;

tovarning aniq ishlab chiqaruvchisini ko‘rsatish, bundan tovarlarning bir-biriga to‘g‘ri kelmasligi hollari va qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa hollar mustasno;

boshqa ishtirokchi g‘olibga aylanishi uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida savdolarda takliflar bilan ishtirok etish;

savdolar ishtirokchilariga asossiz talablar qo‘yish, shu jumladan ularning malakasiga nisbatan raqobatni cheklaydigan yoki cheklashga olib kelishi mumkin bo‘lgan talablar qo‘yish;

savdolar predmetining narxlarini takliflar kiritish yo‘li bilan, savdolar tugaguniga qadar ushbu takliflarni olib tashlagan holda oshirish yoki pasaytirish;

savdolarda ayni bir lotda faqat affillangan shaxslarning yoki o‘zaro manfaatdor shaxslarning ishtirok etishi;

savdolarning operatorlari va (yoki) buyurtmachilari va (yoki) tashkilotchilari va (yoki) komissiya a’zolari bilan o‘zaro manfaatdor bo‘lgan yoxud ular bilan affillangan shaxslarning savdolarda ishtirok etishi.

Savdolarni o‘tkazish chog‘ida raqobatga zid bo‘lgan manfaatlar to‘qnashuviga olib keladigan hollar, shu jumladan quyidagi hollar o‘zaro manfaatdorlik deb e’tirof etiladi:

savdolarning ikki va undan ortiq o‘zaro affillanmagan yoki boshqacha tarzda o‘zaro bog‘liq bo‘lmagan ishtirokchilarining takliflari ayni bir qonuniy vakil tomonidan berilganda;

savdolar ishtirokchilarining bir-biridan bevosita yoki bilvosita subsidiya va boshqa moliyaviy yordam olish to‘g‘risidagi kelishuvi mavjud bo‘lganda yoxud shunday yordam olinganda;

ayni bir lotda ishtirok etayotgan savdolar ishtirokchilarining ta’sischilari o‘rtasida yoki buyurtmachining vakili yoki tashkilotchi yoxud operator o‘rtasida yoxud savdolar komissiyasining a’zosi o‘rtasida va mazkur savdolar ishtirokchisining vakili yoki muassisi o‘rtasida yaqin qarindoshlik aloqalari mavjud bo‘lganda;

shaxsda (savdolar ishtirokchisida, buyurtmachisida, tashkilotchisida, operatorida, komissiyasi a’zosida) takliflar to‘g‘risidagi axborotni olish yoki takliflarga va (yoki) boshqa shaxs bilan (savdolar ishtirokchisi, buyurtmachisi, tashkilotchisi, operatori, komissiya a’zosi bilan) o‘zaro munosabatlarga ega bo‘lgan uchinchi taraf orqali qarorlar qabul qilinishiga ta’sir o‘tkazish imkoniyati mavjud bo‘lganda.

Ushbu moddaning ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi qismlarida belgilangan raqobatni cheklashga qarshi talablarning buzilishi savdolar natijalari bo‘yicha qabul qilingan qarorlarni va tuzilgan shartnomalarni haqiqiy emas deb topish uchun asos bo‘ladi.

6-BOB. VAKOLATLI DAVLAT ORGANI

30-modda. Vakolatli davlat organining vakolatlari

Vakolatli davlat organi:

1) raqobatni himoya qilish va rivojlantirishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlarni o‘z vakolatlari doirasida ishlab chiqadi hamda qabul qiladi;

2) tovar yoki moliya bozoridagi raqobat va iqtisodiy konsentratsiyaning holatini, ustun mavqening, shu jumladan tabiiy monopoliya subyektlarining, shuningdek ustun muzokara kuchining mavjudligini aniqlaydi;

3) xo‘jalik yurituvchi subyektlarning, yuridik shaxslar birlashmalarining raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etishini tekshiruvdan o‘tkazib, bu haqda nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha maxsus vakolatli organni qonunchilikda belgilangan tartibda xabardor qiladi;

4) raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikning buzilishlarini aniqlaydi, ular bo‘yicha ishlar qo‘zg‘atadi va ishlarni ko‘rib chiqadi, ularning natijalariga ko‘ra raqobatni tiklash, raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikning buzilishlarini bartaraf etish, shu jumladan xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan asossiz ravishda olingan daromadni (foydani) ixtiyoriy ravishda qaytarish haqida qaror qabul qiladi;

5) respublika ijro etuvchi hokimiyat organlariga va boshqa tashkilotlarga xo‘jalik yurituvchi subyektlarga, yuridik shaxslarning birlashmalariga, shuningdek ularning mansabdor shaxslariga va jismoniy shaxslarga raqobatni tiklash, raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikning buzilishlarini hamda ularning oqibatlarini bartaraf etish haqida ijro etish uchun majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar va ko‘rib chiqilishi lozim bo‘lgan taqdimnomalar beradi;

6) xo‘jalik yurituvchi subyektlarni, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarini va boshqa tashkilotlarni, yuridik shaxslarning birlashmalarini, ularning mansabdor shaxslarini va boshqa jismoniy shaxslarni raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganligi uchun tegishli javobgarlikka tortadi;

7) raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikning buzilishi bilan bog‘liq jinoyatlar alomatlari bo‘yicha jinoyat ishini qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi masalani hal qilish uchun materiallarni tegishli organlarga yuboradi;

8) raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikning qo‘llanilishi va buzilishi bilan bog‘liq ishlarning sudda ko‘rib chiqilishida ishtirok etadi;

9) sudga raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikning buzilishlarini tugatish, ularga yo‘l qo‘ymaslik va ularni bartaraf etish to‘g‘risidagi murojaatlarni, shu jumladan:

respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining va boshqa tashkilotlarning, yuridik shaxslar birlashmalarining raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikka to‘liq yoki qisman muvofiq bo‘lmagan hujjatlarini haqiqiy emas va harakatlarini qonunga xilof deb topish haqidagi;

raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq bo‘lmagan bitimlarni (shartnomalarni) o‘zgartirish, ularni to‘liq yoki qisman haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi;

raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikning buzilishi oqibatida olingan daromadni (foydani) undirish, shuningdek jarima solish va uni undirish haqidagi;

savdolarning natijalarini va mazkur savdolarning natijalari bo‘yicha tuzilgan bitimlarni (shartnomalarni) ushbu Qonunning 29-moddasida nazarda tutilgan asoslarga ko‘ra haqiqiy emas deb topish haqidagi;

xo‘jalik yurituvchi subyektlarni majburiy tarzda bo‘lish yoki ajratib chiqarish to‘g‘risidagi;

raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikning buzilishiga yo‘l qo‘ygan shaxslarga nisbatan huquqiy ta’sir ko‘rsatish choralarini qo‘llash haqidagi murojaatlarni yuboradi;

10) narxlari davlat tomonidan tartibga solinishi lozim bo‘lgan tovarlar uchun narxlarning (tariflarning) qo‘llanilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;

11) oziq-ovqat mahsulotlarining asosiy turlariga, shuningdek tovarlarning yuqori likvidli va (yoki) monopol turlariga bo‘lgan narxlarning keskin tebranishlari davrida respublika ijro etuvchi hokimiyat organlariga va boshqa tashkilotlarga, xo‘jalik yurituvchi subyektlarga, yuridik shaxslarning birlashmalariga omborxonalarni inventarizatsiya qilish chog‘ida aniqlangan oziq-ovqat mahsulotlarining ortiqcha hajmlarini realizatsiya qilish va (yoki) ular raqobatni cheklaydigan harakatlar sodir etganligi natijasida asossiz ravishda oshirilgan narxlarni pasaytirish bo‘yicha ijro etilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar va ko‘rib chiqilishi lozim bo‘lgan taqdimnomalar beradi;

12) respublika ijro etuvchi hokimiyat organlariga va boshqa tashkilotlarga, xo‘jalik yurituvchi subyektlarga, yuridik shaxslarning birlashmalariga va jismoniy shaxslarga raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikning buzilishiga olib keladigan harakatlarga (harakatsizlikka) yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida ogohlantirishlar beradi;

13) amalga oshirilishi uchun litsenziya olish talab qilinadigan faoliyat turlarining hamda amalga oshirilishi uchun ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni olish talab qilinadigan faoliyat (harakatlar) turlari sonini zarur hujjatlar ro‘yxatini kamaytirish, ma’muriy tartib-taomillarning muddatlarini va qiymatini maqbullashtirish, ularning raqobat muhitiga ta’sirini tahlil etish yo‘li bilan qisqartirish bo‘yicha takliflar kiritadi;

14) normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarining raqobatga ta’sirini baholash natijalariga ko‘ra xulosa beradi;

15) imtiyozlar, preferensiyalar va faoliyatni amalga oshirish uchun eksklyuziv huquqlar tarzida ko‘rsatilayotgan davlat yordamining samaradorligi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi hamda ular raqobat muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan taqdirda, ularni bekor qilish to‘g‘risida takliflar kiritadi;

16) xalqaro tashkilotlar va boshqa davlatlarning monopoliyaga qarshi organlari bilan xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi, shuningdek xalqaro shartnomalarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda, O‘zbekiston Respublikasining raqobatni himoya qilish masalalariga doir xalqaro dasturlari va loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni muvofiqlashtiruvchi hukumatlararo yoki idoralararo komissiyalar ishida ishtirok etadi.

Vakolatli davlat organi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

31-modda. Vakolatli davlat organining boshqa davlat organlari bilan hamkorligi

Vakolatli davlat organining boshqa davlat organlari bilan hamkorligi raqobatni rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqishga qaratilgan o‘zaro yordam to‘g‘risida, raqobatni cheklaydigan harakatlarning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilash haqida, raqobat sohasida axborot almashishni amalga oshirish to‘g‘risida memorandumlar tuzish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Vakolatli davlat organi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq boshqa davlatlarning monopoliyaga qarshi organlariga xabarnomalar, axborot olish uchun so‘rovlar yuboradi, ular bilan o‘zaro maslahatlashuvlar o‘tkazadi, axborot almashishni amalga oshiradi.

32-modda. Vakolatli davlat organining axborot olishga doir huquqi

Vakolatli davlat organining mansabdor shaxslari raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish, raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik buzilganligi haqidagi arizalar va ishlarni ko‘rib chiqish, shuningdek raqobatning holatini aniqlash uchun respublika ijro etuvchi hokimiyat organlaridan va boshqa tashkilotlardan, xo‘jalik yurituvchi subyektlardan, yuridik shaxslarning birlashmalaridan hamda jismoniy shaxslardan qonunchilikda belgilangan tartibda ularning hujjatlarini va axborotini olish hamda ularning hududiga kirish huquqiga ega. Bunda talab qilib olingan hujjat, axborot va ma’lumotlar vakolatli davlat organiga bepul taqdim etiladi.

Vakolatli davlat organi axborotni savdolar o‘tkazish vakolatiga ega bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi subyektlarning va yuridik shaxslar birlashmalarining elektron ma’lumotlar bazalariga integratsiyalashish orqali real vaqt rejimida olishga haqli.

Vakolatli davlat organi ushbu Qonunga muvofiq o‘ziga berilgan vakolatlarni amalga oshirishi munosabati bilan ma’lum bo‘lib qolgan tijorat sirini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi ma’lumotlarni va shaxsga doir ma’lumotlarni oshkor qilishga haqli emas.

7-BOB. RAQOBAT TO‘G‘RISIDAGI QONUNCHILIKNI BUZISH

33-modda. Raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish oqibatlari

Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlar, xo‘jalik yurituvchi subyektlar, yuridik shaxslarning birlashmalari va ularning mansabdor shaxslari hamda boshqa jismoniy shaxslar raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikni buzgan taqdirda:

vakolatli davlat organining raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik buzilishlarini bartaraf etish to‘g‘risidagi ko‘rsatmasini belgilangan muddatda bajarishi yoki taqdimnomasini ko‘rib chiqishi;

yetkazilgan zararning o‘rnini qoplashi;

asossiz ravishda olingan daromadni qaytarishi;

jarimalarni to‘lashi shart.

Raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik buzilganligi natijasida huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilgan shaxslar da’vo arizasi bilan sudga murojaat etish huquqiga ega.

34-modda. Yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash

Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlar, ularning mansabdor shaxslari tomonidan raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikni buzuvchi hujjat qabul qilinganligi natijasida xo‘jalik yurituvchi subyektga yoxud boshqa shaxsga yetkazilgan zararning o‘rni qonunchilikda belgilangan tartibda qoplanadi.

Agar respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining va boshqa tashkilotlarning, ular mansabdor shaxslarining raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikni buzadigan harakati (harakatsizligi) tufayli xo‘jalik yurituvchi subyektga yoxud boshqa shaxsga zarar yetkazilgan bo‘lsa, mazkur zararning o‘rni qonunchilikda belgilangan tartibda qoplanadi.

8-BOB. RAQOBAT TO‘G‘RISIDAGI QONUNCHILIKNI BUZGANLIK HAQIDAGI ISHLARNI QO‘ZG‘ATISH VA KO‘RIB CHIQISH, SHUNINGDEK VAKOLATLI DAVLAT ORGANINING QARORLARI VA KO‘RSATMALARINI IJRO ETISH HAMDA ULAR YUZASIDAN SHIKOYAT QILISH

35-modda. Raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik haqidagi ishlarni qo‘zg‘atish va ko‘rib chiqish

Raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik haqidagi ishlarni qo‘zg‘atish va ko‘rib chiqish vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshiriladi.

Vakolatli davlat organi tomonidan o‘tkaziladigan tekshiruvlar va o‘rganishlar natijalari, jismoniy va yuridik shaxslarning, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining murojaatlari, tegishli organlarning taqdimnomalari raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik haqidagi ishlarni qo‘zg‘atish va ko‘rib chiqish uchun asos bo‘ladi.

Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining va boshqa tashkilotlarning, xo‘jalik yurituvchi subyektlarning hamda yuridik shaxslar birlashmalarining mansabdor shaxslari va jismoniy shaxslar tomonidan sodir etilgan raqobat sohasidagi ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar tegishli sudlarda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga muvofiq ko‘rib chiqiladi.

36-modda. Raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik haqidagi ishda ishtirok etuvchi shaxslar

Raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik haqidagi ishda ishtirok etuvchi shaxslar quyidagilardan iboratdir:

vakolatli davlat organi;

raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik buzilganligi haqida o‘ziga nisbatan ish yuritilayotgan shaxs;

raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik haqidagi ish ko‘rib chiqilishi munosabati bilan huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxl qilinayotgan manfaatdor shaxslar;

Raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik haqidagi ishda guvohlar, ekspertlar, mutaxassislar, tarjimonlar, ommaviy axborot vositalari vakillari va boshqa ko‘maklashuvchi shaxslar ham ishtirok etishi mumkin.

Raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik haqidagi ishda ishtirok etuvchi shaxslar ish qo‘zg‘atish to‘g‘risida ajrim chiqarilgan kundan e’tiboran og‘zaki va yozma tushuntirishlar berishga, dalillar taqdim etishga, iltimosnomalar kiritishga, shuningdek qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa huquqlardan foydalanishga haqli.

37-modda. Raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik haqidagi ishlarni ko‘rib chiqish tartibi

Raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik haqidagi ishni ko‘rib chiqish keyinga qoldirilishi yoki to‘xtatib turilishi mumkin. Vakolatli davlat organi ishni ko‘rib chiqishni keyinga qoldirish, to‘xtatib turish va tiklash to‘g‘risida tegishli ajrim chiqaradi, mazkur ajrimning ko‘chirma nusxasi ishda ishtirok etuvchi shaxslarga yuboriladi.

Raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik haqidagi ishlarni qo‘zg‘atish va ko‘rib chiqish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

38-modda. Raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik buzilganligi haqidagi ish yuzasidan vakolatli davlat organining qarori

Vakolatli davlat organi raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik buzilganligi haqidagi ishni mohiyatiga ko‘ra ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha quyidagilar haqida qaror qabul qiladi:

raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik buzilganligi fakti aniqlanganligi va tegishli huquqiy ta’sir choralari ko‘rilishi haqida;

ish yuritishni tugatish to‘g‘risida.

Vakolatli davlat organi:

raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik buzilganligi faktlari tasdiqlanmagan;

o‘ziga nisbatan ish yuritilayotgan yuridik shaxs tugatilgan yoki jismoniy shaxs vafot etgan;

raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik buzilishi o‘ziga nisbatan ish qo‘zg‘atilgan xo‘jalik yurituvchi subyekt, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlar, yuridik shaxslarning birlashmalari tomonidan ixtiyoriy ravishda bartaraf etilgan;

vakolatli davlat organi ko‘rib chiqayotgan raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik buzilganligi haqidagi ish yuzasidan sud tomonidan qaror qabul qilingan taqdirda, raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik buzilganligi haqidagi ishni yuritishni tugatadi.

Vakolatli davlat organining raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik buzilganligi haqidagi ish yuzasidan qarori darhol e’lon qilinishi kerak.

O‘ziga nisbatan qaror qabul qilingan shaxsga vakolatli davlat organining raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik buzilganligi haqidagi ish yuzasidan qaroriga asosan ko‘rsatma beriladi.

39-modda. Vakolatli davlat organining ko‘rsatmasini ijro etish

Vakolatli davlat organining ko‘rsatmasi unda belgilangan muddatda ijro etilishi lozim. Ko‘rsatmani muddatida ijro etmaganlik qonunda nazarda tutilgan javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Vakolatli davlat organining ko‘rsatmasini ijro etmaganlik deganda ko‘rsatmani ijro etishdan bo‘yin tovlash yoki ko‘rsatmani qisman ijro etish yoxud o‘z vaqtida ijro etmaslik tushuniladi.

Vakolatli davlat organi tomonidan o‘ziga ko‘rsatma berilgan shaxslar ko‘rsatmani ijro etish muddatini uzaytirish to‘g‘risida iltimosnoma berishi mumkin. Iltimosnomada ko‘rsatilgan holat uzrli deb topilgan taqdirda, vakolatli davlat organi ko‘rsatmani ijro etish muddatini ko‘pi bilan uch oyga uzaytirishga haqli.

Vakolatli davlat organi o‘z ko‘rsatmalarining ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.

40-modda. Vakolatli davlat organining qarori (ko‘rsatmasi) ustidan shikoyat qilish

Raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik buzilganligi haqidagi ishda ishtirok etuvchi shaxslar vakolatli davlat organining qarori (ko‘rsatmasi) ustidan bevosita sudga yoki bo‘ysunuv tartibida yuqori turuvchi organga yoxud mansabdor shaxsga shikoyat qilishga haqli.

Vakolatli davlat organining qarorlari (ko‘rsatmalari) ustidan bo‘ysunuv tartibida yuqori turuvchi organga yoki mansabdor shaxsga shikoyat qilinishi sudga shikoyat qilish huquqini istisno etmaydi.

Vakolatli davlat organining qarorlari (ko‘rsatmalari) ustidan sudga yoki bo‘ysunuv tartibida yuqori turuvchi organga yoxud mansabdor shaxsga shikoyat qilinishi ularning ijro etilishini tegishincha sudning hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirguniga, yuqori turuvchi organning yoxud mansabdor shaxsning qarori qabul qilinguniga qadar to‘xtatib turadi, bundan favqulodda vaziyatlarning, epidemiyalarning hamda aholi hayoti va sog‘lig‘i uchun boshqa haqiqiy xavf-xatarning oldini olish bilan bog‘liq bo‘lgan qarorlar (ko‘rsatmalar) mustasno.

41-modda. Raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazorati

O‘z ustavlariga muvofiq raqobatni rivojlantirishga ko‘maklashish hamda iste’molchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini raqobatga qarshi harakatlardan himoya qilish maqsadiga ega bo‘lgan jamoat birlashmalari raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishga haqli.

9-BOB. YAKUNLOVCHI QOIDALAR

42-modda. Raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun moliyaviy sanksiyalar

Raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun moliyaviy sanksiyalar pul undirish (jarimalar) tarzida qo‘llaniladi va qonunchilikning bunday buzilishlari quyidagi miqdorlarda jarimalar solishga sabab bo‘ladi:

1) tovar yoki moliya bozorida raqobatni cheklashga olib keluvchi raqobatga qarshi kelishuvlar tuzganlik, muvofiqlashtirilgan harakatlarni sodir etganlik, xo‘jalik yurituvchi subyektlarning iqtisodiy faoliyatini ushbu xo‘jalik yurituvchi subyektlarga aloqador bo‘lmagan yuridik yoki jismoniy shaxslar tomonidan chetdan muvofiqlashtirganlik uchun — tovar yoki moliya bozorida raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik buzilgan davrda, biroq oxirgi uch yildan ortiq bo‘lmagan davrda:

xo‘jalik yurituvchi subyektlarga — raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikni buzgan har bir xo‘jalik yurituvchi subyektning tovarni realizatsiya qilishdan olingan tushumi summasining 5 foizi miqdorida;

yuridik shaxslarning birlashmalariga — kelib tushgan a’zolik badallari summasining 5 foizi miqdorida;

2) tovar yoki moliya bozoridagi ustun mavqeni hamda ustun muzokara kuchini suiiste’mol qilganlik, ijtimoiy va strategik ahamiyatga ega bo‘lgan mahsulotlar narxlarini asossiz ravishda oshirganlik uchun — xo‘jalik yurituvchi subyektlarga tovar yoki moliya bozorida raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik buzilgan davrda, biroq oxirgi uch yildan ortiq bo‘lmagan davrda tovarni realizatsiya qilishdan olingan tushum summasining 5 foizi miqdorida;

3) xo‘jalik yurituvchi subyektlarni qo‘shib yuborish, qo‘shib olish va xo‘jalik yurituvchi subyektlarning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aksiyalarni (ulushlarni) olish bo‘yicha bitimlarni (harakatlarni) vakolatli davlat organining oldindan roziligini olmasdan turib tuzganlik (sodir etganlik) uchun, xo‘jalik yurituvchi subyektlarga bunday rozilik olish talab etiladigan hollarda — bazaviy hisoblash miqdorining ming baravari miqdorida;

4) insofsiz raqobatni sodir etganlik uchun — xo‘jalik yurituvchi subyektlarga tovar yoki moliya bozorida raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik buzilgan davrda, biroq oxirgi uch yildan ortiq bo‘lmagan davrda, raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik buzilgan tovar yoki moliya bozorida tovarni realizatsiya qilishdan olingan tushum summasining 2 foizi miqdorida;

5) raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik talablarining savdolarga oid qismini buzganlik uchun — savdolarning xo‘jalik yurituvchi subyekt bo‘lgan ishtirokchilariga, davlat xaridlari doirasidagi korporativ buyurtmachilarga, elektron savdolar operatorlariga, tashkilotchilarga — savdolar predmeti boshlang‘ich narxining 3 foizi miqdorida;

6) vakolatli davlat organining oldindan roziligini olmasdan turib davlat ishtirokidagi korxonalarni va ularning affillangan shaxslarini tashkil etganlik (qayta tashkil etganlik, faoliyatini o‘zgartirganlik) uchun — ularni tashkil etish (qayta tashkil etish, faoliyatini o‘zgartirish) tashabbuskori bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi subyektga bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravari miqdorida;

7) vakolatli davlat organiga axborotni taqdim etmaganlik yoki o‘z vaqtida taqdim etmaganlik, noto‘g‘ri yoki yolg‘on ma’lumotlar taqdim etganlik uchun — xo‘jalik yurituvchi subyektlarga bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravari miqdorida.

Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan jarima tarzidagi moliyaviy sanksiyalar sud tartibida qo‘llaniladi, bundan huquqbuzar sodir etilgan huquqbuzarlikdagi aybini tan olgan va jarimani ixtiyoriy ravishda to‘lagan hollar mustasno.

Jarimani to‘lash raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikning buzilishiga yo‘l qo‘ygan shaxsni vakolatli davlat organining qarorini (taqdimnomasini, ko‘rsatmasini) bajarish yoki raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa harakatlarni amalga oshirish majburiyatidan ozod etmaydi.

43-modda. Nizolarni hal etish

Raqobat sohasidagi nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.

44-modda. Raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik

Raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.

45-modda. O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish

Quyidagilar o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilsin:

1) O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 24-aprelda qabul qilingan “Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida”gi 398-I-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-yil, № 4-5, 106-modda);

2) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1997-yil 24-aprelda qabul qilingan “Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga kiritish haqida”gi 399-I-sonli Qarori (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-yil, № 4-5, 107-modda);

3) O‘zbekiston Respublikasining 1998-yil 25-dekabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi 729-I-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-yil, № 1, 20-modda) XVI bo‘limi;

4) O‘zbekiston Respublikasining 1999-yil 19-avgustda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining “Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida”gi Qonuniga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi 815-I-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-yil, № 9, 212-modda);

5) O‘zbekiston Respublikasining 2006-yil 10-oktabrda qabul qilingan “Tadbirkorlik subyektlarini huquqiy himoya qilish tizimi takomillashtirilganligi hamda ularning moliyaviy javobgarligi erkinlashtirilganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-59-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-yil, № 10, 536-modda) 17-moddasi;

6) O‘zbekiston Respublikasining 2007-yil 7-dekabrda qabul qilingan “Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘RQ-120-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-yil, № 12, 591-modda);

7) O‘zbekiston Respublikasining 2010-yil 14-dekabrda qabul qilingan “Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 4-moddasiga o‘zgartish kiritish haqida”gi O‘RQ-266-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2010-yil, № 12, 466-modda);

8) O‘zbekiston Respublikasining 2012-yil 6-yanvarda qabul qilingan “Raqobat to‘g‘risida”gi O‘RQ-319-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2012-yil, № 1, 5-modda);

9) O‘zbekiston Respublikasining 2013-yil 30-aprelda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-352-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2013-yil, № 4, 98-modda) 19-moddasi;

10) O‘zbekiston Respublikasining 2013-yil 7-oktabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi O‘RQ-355-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2013-yil, № 10, 263-modda) 13 va 30-moddalari;

11) O‘zbekiston Respublikasining 2014-yil 20-yanvarda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-365-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2014-yil, № 1, 2-modda) 25-moddasi;

12) O‘zbekiston Respublikasining 2014-yil 11-dekabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-381-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2014-yil, № 12, 343-modda) 11-moddasi;

13) O‘zbekiston Respublikasining 2015-yil 20-avgustda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xususiy mulkni, tadbirkorlik subyektlarini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-391-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2015-yil, № 8, 312-modda) 38-moddasi;

14) O‘zbekiston Respublikasining 2016-yil 25-aprelda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-405-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2016-yil, № 4, 125-modda) 11-moddasi;

15) O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 18-aprelda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-429-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2017-yil, № 4, 137-modda) 16-moddasi;

16) O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 16-oktabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-448-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2017-yil, № 10, 605-modda) 7-moddasi;

17) O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 3-yanvarda qabul qilingan “Ayrim davlat organlari faoliyati takomillashtirilishi, shuningdek fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-456-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2018-yil, № 1, 1-modda) 32-moddasi;

18) O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 9-yanvarda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-459-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2018-yil, № 1, 4-modda) 23-moddasi;

19) O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 23-iyulda qabul qilingan “Ba’zi davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-486-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2018-yil, № 7, 431-modda) 29-moddasi;

20) O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 8-yanvarda qabul qilingan “Ba’zi davlat organlarining faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-512-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-yil, № 1, 1-modda) 18-moddasi;

21) O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 3-dekabrda qabul qilingan “Mehnatga haq to‘lash, pensiyalar va boshqa to‘lovlar miqdorlarini aniqlash tartibi takomillashtirilganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-586-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-yil, № 12, 880-modda) 44-moddasi;

22) O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-aprelda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-683-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2021-yil, 4-songa ilova) 74 va 211-moddalari;

23) O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 14-martda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-759-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2022-yil, № 3, 216-modda) 17-moddasi.

46-modda. O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish

1. O‘zbekiston Respublikasining 1994-yil 22-sentabrda qabul qilingan 2015-XII-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1995-yil, № 3, 6-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-yil, № 9, 193-modda, № 12, 269-modda; 1996-yil, № 5-6, 69-modda, № 9, 144-modda; 1997-yil, № 2, 56-modda, № 4-5, 126-modda, № 9, 241-modda; 1998-yil, № 3, 38-modda, № 5-6, 102-modda, № 9, 181-modda; 1999-yil, № 1, 20-modda, № 5, 124-modda, № 9, 229-modda; 2000-yil, № 5-6, 153-modda, № 7-8, 217-modda; 2001-yil, № 1-2, 23-modda, № 9-10, 165, 182-moddalar; 2002-yil, № 1, 20-modda, № 9, 165-modda; 2003-yil, № 1, 8-modda, № 5, 67-modda, № 9-10, 149-modda; 2004-yil, № 1-2, 18-modda, № 5, 90-modda, № 9, 171-modda; 2005-yil, № 1, 18-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2005-yil, № 9, 312-modda, № 12, 413, 417, 418-moddalar; 2006-yil, № 6, 261-modda, № 9, 498-modda, № 10, 536-modda, № 12, 656, 659-moddalar; 2007-yil, № 4, 158, 159, 164, 165-moddalar, № 9, 416, 421-moddalar, № 12, 596, 604, 607-moddalar; 2008-yil, № 4, 181, 189, 192-moddalar, № 9, 486, 488-moddalar, № 12, 640, 641-moddalar; 2009-yil, № 1, 1-modda, № 9, 334, 335, 337-moddalar, № 10, 380-modda, № 12, 462, 468, 470, 472, 474-moddalar; 2010-yil, № 5, 175, 179-moddalar, № 6, 231-modda, № 9, 335, 339, 341-moddalar, № 10, 380-modda, № 12, 468, 473, 474-moddalar; 2011-yil, № 1, 1-modda, № 4, 104, 105-moddalar, № 9, 247, 252-moddalar, № 12/2, 365-modda; 2012-yil, № 4, 108-modda, № 9/1, 242-modda, № 12, 336-modda; 2013-yil, № 4, 98-modda, № 10, 263-modda; 2014-yil, № 1, 2-modda, № 5, 130-modda, № 9, 244-modda, № 12, 341, 343-moddalar; 2015-yil, № 6, 228-modda, № 8, 310, 312-moddalar, № 12, 452-modda; 2016-yil, № 1, 2-modda, № 4, 125-modda, № 9, 276-modda, № 12, 383, 385-moddalar; 2017-yil, № 4, 137-modda, № 6, 300-modda, № 9, 510-modda, № 10, 605-modda; 2018-yil, № 1, 1, 4, 5-moddalar, № 4, 224-modda, № 7, 430, 431, 432-moddalar, № 10, 671, 673, 679-moddalar; 2019-yil, № 1, 1, 3, 5-moddalar, № 2, 47-modda, № 3, 161, 165, 166-moddalar, № 5, 259, 261, 267, 268-moddalar, № 7, 386-modda, № 8, 469, 471-moddalar, № 9, 591, 592-moddalar, № 10, 674, 676-moddalar, № 11, 787, 791-moddalar, № 12, 880, 891-moddalar; 2020-yil, № 1, 4-modda, № 3, 203, 204-moddalar, № 7, 449-modda, № 9, 539, 540-moddalar, № 10, 593, 596-moddalar, № 11, 651-modda, № 12, 691-modda; 2021-yil, № 1, 5, 7, 12, 13, 14-moddalar, № 2, 142-modda, № 3, 217-modda, № 4, 290, 293-moddalar, 4-songa ilova, № 8, 800, 802, 803-moddalar, № 9, 903-modda, № 10, 966, 967, 968, 973-moddalar, № 11, 1066-modda; 2022-yil, № 1, 1, 2-moddalar, № 2, 80, 81-moddalar, № 3, 215, 216-moddalar, № 4, 337-modda, № 5, 464, 465, 466, 467-moddalar, № 8, 787-modda, № 10, 981, 984-moddalar, № 12, 1189-modda) quyidagi o‘zgartishlar kiritilsin:

1) 178-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“178-modda. Raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikni va iste’molchilarning huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish

Iste’molchilarning huquqlarini himoya qiluvchi organlarga axborot taqdim etmaslik yoki o‘z vaqtida taqdim etmaslik yoxud ularga bila turib noto‘g‘ri ma’lumotlarni taqdim etish, —

fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Raqobat sohasidagi vakolatli davlat organining qoidabuzarliklarni tugatish to‘g‘risidagi, dastlabki holatni tiklash haqidagi, iste’molchilarning huquqlari buzilishlarini bartaraf etish to‘g‘risidagi ko‘rsatmalarini bajarishdan bo‘yin tovlash, o‘z vaqtida yoki lozim darajada bajarmaslik, —

fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Tayyorlovchining tovarlar (ishlar, xizmatlar) xavfsizligi va sifati ustidan nazoratni amalga oshiruvchi davlat boshqaruvi organlarining ko‘rsatmalarini bajarishdan bo‘yin tovlashi, ularni o‘z vaqtida yoki lozim darajada bajarmasligi, —

fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xo‘jalik yurituvchi subyektlarni qo‘shib yuborish, qo‘shib olish hamda aksiyalarni (ulushlarni) olish bo‘yicha bitimlar tuzish chog‘ida raqobatni cheklashga qarshi talablarni buzish, —

bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Raqobatga qarshi kelishuvlar tuzish va muvofiqlashtirilgan harakatlarni sodir etish, shuningdek tovar yoki moliya bozoridagi ustun mavqeni suiiste’mol qilish, xuddi shuningdek savdolarga doir raqobatni cheklashga qarshi talablarni buzish, —

fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Normativ hujjatlar talablariga javob bermaydigan tovar (ish, xizmat) tufayli iste’molchilarga zarar yetkazish, shuningdek iste’molchilarga tovarlar (ishlar, xizmatlar) to‘g‘risidagi axborotni taqdim etmaganlik yoki bila turib noto‘g‘ri ma’lumotlar taqdim etganlik, shu jumladan iste’molchilarni tovarning iste’molga oid xususiyatlari yoki sifati xususida chalg‘itish, tovarni unga o‘xshash boshqa mahsulotlar bilan almashtirib qo‘yish, mahsulotning xususiyatlari va sifatini qasddan o‘zgartirish, xuddi shuningdek qalbakilashtirilgan oziq-ovqat mahsulotini ishlab chiqarish, olib kirish va realizatsiya qilish, —

huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan yetti baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yetti baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Yaroqlilik muddati o‘tgan tovarlarni, shuningdek ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko‘rsatilishi shartligi qonunchilikda nazarda tutilgan tovarlarni ularning ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddatini ko‘rsatmagan holda realizatsiya qilish hamda sotish uchun qabul qilganlik, —

huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan o‘n baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yetti baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Raqobat sohasidagi vakolatli davlat organiga axborot taqdim etmaslik yoki o‘z vaqtida taqdim etmaslik yoxud unga bila turib noto‘g‘ri ma’lumotlarni taqdim etganlik, —

fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan o‘n baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — o‘n baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining mansabdor shaxsi tomonidan xomashyo, tovarlar erkin harakatlanishini va realizatsiya qilinishini hamda xizmatlar ko‘rsatilishini qonunga xilof ravishda cheklash, —

bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalashni amalga oshirish, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berish yoki maxsus elektron tizim vositasida xabarnomalarni qabul qilish vakolatlari yoki ro‘yxatga olish yoxud akkreditatsiyadan o‘tkazish vakolatlari berilgan davlat unitar korxonalari yoki muassasalari yoxud yuridik shaxslarning birlashmalari tomonidan raqobatni cheklaydigan qarorlar qabul qilish, —

bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Ushbu moddaning birinchi — yettinchi qismlarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil ichida takroran sodir etish, —

huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — o‘n baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Ushbu moddaning sakkizinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil ichida takroran sodir etish, —

fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan yigirma baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yigirma baravaridan o‘ttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Ushbu moddaning to‘qqizinchi va o‘ninchi qismlarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil ichida takroran sodir etish, —

bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi”;

2) 271-moddaning 11-bandidagi “birinchi, uchinchi — sakkizinchi” degan so‘zlar “birinchi — sakkizinchi” degan so‘zlar bilan almashtirilsin.

2. O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 10-mayda qabul qilingan “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi O‘RQ-537-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-yil, № 5, 262-modda; 2021-yil, № 1, 16-modda, 4-songa ilova; 2022-yil, № 6, 570-modda) 24-moddasining ikkinchi qismidagi “Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining” degan so‘zlar chiqarib tashlansin.

3. O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 14-iyulda qabul qilingan “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi O‘RQ-701-sonli Qonuniga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2021-yil, № 7, 661-modda; 2022-yil, № 4, 340-modda, № 5, 461-modda) quyidagi o‘zgartishlar kiritilsin:

1) 2-ilovaning 98 va 99-pozitsiyalari chiqarib tashlansin;

2) 4-ilova II bo‘limining 89 va 90-pozitsiyalari chiqarib tashlansin.

47-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini ta’minlash

O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.

48-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;

respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.

49-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi

Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi.

O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Hujjat “S VERENIN’S LEGAL GROUP” advokatlik firmasining maʼlumotlar bazasidan taqdim etilgan;

Hujjat ___1.05____2024 yil holatiga ko’ra taqdim etilgan.