XALQARO ISSIQXONA GAZI SAVDOSI BO‘YICHA LOYIHALARNI AMALGA OSHIRISH TARTIBI TO‘G‘RISIDAGI VAQTINCHALIK NIZOMNI TASDIQLASH HAQIDA O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING QARORI DD 7 – MART, 2024-y. VMQ 117-son

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING

QARORI

7 – MART, 2024-y.

VMQ 117-son

.

XALQARO ISSIQXONA GAZI SAVDOSI BO‘YICHA LOYIHALARNI AMALGA OSHIRISH TARTIBI TO‘G‘RISIDAGI VAQTINCHALIK NIZOMNI TASDIQLASH HAQIDA

.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sanoat va uning bazaviy tarmoqlarini jadal rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2023-yil 12-oktabrdagi PF-169-son Farmoni va “2030-yilgacha O‘zbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga o‘tishiga qaratilgan islohotlar samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2022-yil 2-dekabrdagi PQ-436-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:

1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2030-yilgacha O‘zbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga o‘tishiga qaratilgan islohotlar samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2022-yil 2-dekabrdagi PQ-436-son qaroriga muvofiq Iqtisodiyot va moliya vazirligi:

Parij bitimining (Parij, 2015-yil 12-dekabr) 6-moddasiga muvofiq Barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash mexanizmi bo‘yicha chora-tadbirlarning amalga oshirilishini muvofiqlashtiruvchi vakolatli milliy organ etib;

xalqaro va respublika darajasida issiqxona gazi savdosini tartibga solish, amalga oshirishni muvofiqlashtirish va boshqarish, shuningdek, ushbu sohadagi loyihalarni amalga oshirish doirasida monitoring va hisobotlarni yuritish uchun mas’ul bo‘lgan ijro etuvchi organ sifatida faoliyat olib borishi belgilanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

2. Xalqaro issiqxona gazi savdosini tashkil qilish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Energetika vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda energetika sohasida, jumladan, davlat-xususiy sheriklik asosida xorijiy investorlar ishtirokida amalga oshiriladigan loyihalardan yuzaga keladigan uglerod birliklarini xalqaro standartlar bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ushbu loyihalar doirasida zarur moliyaviy va texnik ma’lumotlarni milliy organ bilan samarali almashish mexanizmi yo‘lga qo‘yilsin.

3. Belgilansinki:

2024-yil 10-martdan boshlab xorijiy va mahalliy investorlar bilan davlat-xususiy sherikligi yoki boshqa shaklda davlat tashkilotlari va korxonalari ishtirokida (buyurtmachiligida) amalga oshirilgan loyihalardan yuzaga keladigan qisqartirilgan issiqxona gazlari hajmi to‘liq O‘zbekiston Respublikasi hukumati tomonidan tasarruf qilinadi;

issiqxona gazlarini qisqartirish va uglerod birliklarini ishlab chiqish bo‘yicha barcha loyihalar Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishiladi;

mamlakat hududida ishlab chiqilgan uglerod birliklari takroriy hisoblanishining (double counting) oldini olish maqsadida uglerod birliklari ixtiyoriy bozori loyihalarini bittadan ortiq milliy, xalqaro yoki mustaqil uglerod birliklari standartlari talablari bo‘yicha va bozorlarida ro‘yxatga olish taqiqlanadi.

4. Iqtisodiyot va moliya vazirligi:

Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda 2024-yil 1-mayga qadar uglerod birliklari ixtiyoriy bozori loyihalari bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqish, tasdiqlash va monitoring qilish tizimini to‘liq raqamlashtirsin hamda ushbu loyihalar amalga oshirilishining har bir bosqichini kuzatib borish imkoniyatini ta’minlasin;

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bilan birgalikda 2024-yil 1-oktabrga qadar Parij bitimining 6-moddasi 2 va 4-bandlariga muvofiq kooperatsion yondashuv mexanizmi hamda Barqaror rivojlanish mexanizmi qoidalari, usullari va tartiblarini mamlakatda qo‘llash yo‘riqnomalarini nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasida xalqaro uglerod bozorlari va nobozor vositalarini joriy qilish dasturini ishlab chiqsin;

uglerod birliklari ixtiyoriy bozoriga oid loyihalar, qisqartirilgan issiqxona gazlari emissiyasi hajmi va ishlab chiqiladigan verifikatsiyalangan uglerod birliklari hisobini yuritish uchun Milliy uglerod birliklari reyestri yuritilishini yo‘lga qo‘ysin;

iqlim o‘zgarishi sohasida monitoring, hisobot berish va tekshirish (MRV) elektron axborot tizimi yo‘lga qo‘yilganidan keyin unga Milliy uglerod birliklari tizimini integratsiya qilsin.

5. Iqtisodiyot va moliya vazirligi:

uglerod birliklari ixtiyoriy bozori loyihalari bo‘yicha takliflarning o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishi va amalga oshirilishi, verifikatsiyalangan uglerod birliklari realizatsiya qilinishi hamda tushumlarning Davlat budjetiga yo‘naltirilishini muvofiqlashtirib borsin;

har oyda uglerod birliklari ixtiyoriy bozoriga investitsiya loyihalarini jalb qilish va ularni amalga oshirish natijadorligi to‘g‘risidagi tahliliy axborotni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritib borsin.

6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV

.

Vazirlar Mahkamasining

2024-yil 7-martdagi 117-son qaroriga

ILOVA

Xalqaro issiqxona gazi savdosi bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish tartibi to‘g‘risida vaqtinchalik

NIZOM

1-BOB. UMUMIY QOIDALAR

1. Ushbu Nizom Xalqaro issiqxona gazi savdosini tashkil qilish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish tartibini belgilaydi hamda Parij bitimining (Parij, 2015-yil 12-dekabr) 6-moddasiga muvofiq Barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash mexanizmini amalga oshirish bo‘yicha milliy tartib tasdiqlangunga qadar amal qiladi.

2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:

issiqxona gazlari — Parij bitimi doirasida nazorat qilinadigan gazlar guruhlaridan biri — karbonat angidrid (CO2), metan (CN4), azot oksidi (N2O), xloroftoruglerod (NFC5), perftoruglerod (PFC5), va oltingugurt ftoridi (SF6);

uglerod birliklari (uglerod ofseti, uglerod krediti) — bir tonna karbonad angidrid (SO2) yoki boshqa issiqxona gazining ekvivalent miqdorida emissiya qisqarishini ifodalovchi sotuv sertifikati;

uglerod birliklari ixtiyoriy bozori — xo‘jalik yurituvchi subyektlari tomonidan ixtiyoriy ravishda uglerod birliklari sotib olinadigan yoki sotiladigan bozor;

Uglerod birliklari ixtiyoriy bozori loyihasi — issiqxona gazlarining emissiyasini kamaytirish asosida uglerod birliklarini ishlab chiqish va uglerod birliklari ixtiyoriy bozorida sotishga qaratilgan loyihalar;

Idoralararo kengash — O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-dekabrdagi PQ-436-son qarori bilan tuzilgan O‘zbekiston Respublikasida “yashil” iqtisodiyotga o‘tish choralarini muvofiqlashtirish bo‘yicha idoralararo kengash;

milliy organ (keyingi o‘rinlarda — Milliy organ) — O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi;

ishchi organ (keyingi o‘rinlarda — Ishchi organ) — O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi “Yashil iqtisodiyot loyihalari markazi” loyiha ofisi;

uglerod birliklari ixtiyoriy bozori loyihasining tashabbuskori (keyingi o‘rinlarda — Loyiha tashabbuskori) — O‘zbekiston Respublikasi hududida uglerod birliklari ixtiyoriy bozori loyihasini amalga oshirish yuzasidan tashabbus taklifini kiritgan davlat organi va tashkilotlari, xususiy tashkilotlar, rezident xorijiy tashkilotlar, xalqaro moliyaviy tashkilotlar;

verifikatsiyalangan uglerod birliklarini ishlab chiqishga ko‘maklashuvchi tashkilot (keyingi o‘rinlarda — Xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot) — uglerod birliklari ixtiyoriy bozori loyihasi tashabbuskorlariga verifikatsiyalangan uglerod birliklarini ishlab chiqish, marketing va sotish faoliyatlarini tashkil etishga shartnoma asosida ko‘maklashuvchi yuridik shaxs;

validatsiya — Parij bitimi va (yoki) xalqaro uglerod birliklari standartlari qoidalari asosida uglerod birliklari ixtiyoriy bozori loyihasining xalqaro uglerod birliklari standartlari mezonlariga muvofiqligini, shu jumladan loyiha-texnik hujjatlarning belgilangan talablarga muvofiqligini Validator tomonidan baholash;

validatsiya hisoboti — Parij bitimi va (yoki) xalqaro uglerod birliklari standartlari qoidalariga muvofiq o‘tkazilgan validatsiya yakuni bo‘yicha validator tomonidan tayyorlangan hisobot;

validator — Loyiha tashabbuskori va Xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotning o‘zaro kelishuvi bilan tayinlangan hamda Parij bitimi va (yoki) xalqaro uglerod birliklari standartlarida akkreditatsiyadan o‘tgan tashkilot;

verifikatsiya — Parij bitimi va (yoki) xalqaro uglerod birliklari standartlari qoidalariga muvofiq loyiha bo‘yicha har bir monitoring davrida loyiha natijasida issiqxona gazlari emissiyasini kamaytirish bo‘yicha amalda erishilgan natijani verifikator tomonidan davriy tekshirish va tasdiqlash;

verifikatsiya hisoboti — Parij bitimi va (yoki) xalqaro uglerod birliklari standartlari qoidalariga muvofiq o‘tkazilgan verifikatsiya yakuni bo‘yicha verifikator tomonidan tayyorlangan hisobot;

verifikator — loyiha tashabbuskori va xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotning o‘zaro kelishuvi bilan tayinlangan hamda Parij bitimi va (yoki) xalqaro uglerod birliklari standartlarida akkreditatsiyadan o‘tgan tashkilot;

davlat-xususiy sherikligi — davlat nomidan sherik va xususiy sherikning muayyan muddatga yuridik jihatdan rasmiylashtirilgan, davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirish maqsadida o‘z resurslarini birlashtirishiga asoslangan hamkorligi;

davlat sherigi — O‘zbekiston Respublikasi va (yoki) respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan vakolat berilgan boshqa yuridik shaxslar yoki ularning birlashmalari;

xususiy sherik — O‘zbekiston Respublikasining yoki chet davlatning qonunchiligiga muvofiq ro‘yxatdan o‘tkazilgan, davlat sherigi bilan davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida bitim tuzgan yuridik shaxs yoki yuridik shaxslarning birlashmasi;

milliy uglerod birliklari reyestri — verifikatsiyalangan uglerod birliklari ro‘yxatdan o‘tkaziladigan, ular bilan bog‘liq operatsiyalar hisobi qayd etiladigan hamda Milliy organ tomonidan yuritiladigan reyestr.

3. Uglerod birliklarini takroriy hisoblashning (double counting) oldini olish maqsadida uglerod birliklari ixtiyoriy bozori loyihalarini bittadan ortiq milliy, xalqaro yoki mustaqil uglerod birliklari standartlari talablari bo‘yicha va bozorlarida ro‘yxatga olish taqiqlanadi.

4. Mazkur Nizomga muvofiq:

O‘zbekiston Respublikasi hududida amalga oshiriladigan barcha investitsion loyihalar — 1-toifa loyihalari natijasida hosil bo‘lgan issiqxona gazlari emissiyasi qisqarishiga olib keluvchi va verifikatsiyalangan uglerod birliklari ishlab chiqarishga qaratilgan loyihalar ushbu nizomning 4-bobiga asosan;

davlat-xususiy sheriklik shartlarida yoki davlat tashkilotlari va korxonalari ishtirokida (buyurtmachiligida) amalga oshirilgan loyihalar — 2-toifa loyihalarni natijasida davlat tomonidan tasarruf etiladigan qisqartiriladigan issiqxona gazlari emissiyasi asosida verifikatsiyalangan uglerod birliklari ishlab chiqarishga qaratilgan loyihalar ushbu nizomning 5-bobiga asosan amalga oshiriladi.

5. Uglerod birliklari ixtiyoriy bozori loyihasi ushbu Nizomga 1-ilovada keltirilgan Uglerod birliklari ixtiyoriy bozori loyihalarini ishlab chiqish, kelishish, amalga oshirish va monitoringini olib borish sxemasiga muvofiq amalga oshiriladi.

2-BOB. UGLEROD BIRLIKLARI IXTIYORIY BOZORI LOYIHALARIGA QO‘YILADIGAN TALABLAR

6. Uglerod birliklari ixtiyoriy bozori loyihalari quyidagi yo‘nalishlarda amalga oshiriladi:

qayta tiklanuvchi energiya loyihalari: quyosh, shamol, gidro, chiqindilar va biomassa energiyasi kabi qayta tiklanadigan energiya manbalaridan milliy yoki hududiy tarmoqlarni energiya bilan ta’minlash, shuningdek kichik tarmoq yoki tarmoqdan tashqari manbalarga ulangan qayta tiklanuvchi energiya manbalarini kengaytirish;

energiya samaradorligi loyihalari: xizmatlar yoki mahsulotlar hajmi va sifatiga ta’sir qilmasdan energiya sarflarini kamaytiradigan texnologiya va yechimlarni joriy qilish;

yashil” va past uglerodli sanoat sohasini rivojlantirish loyihalari: sanoat sohasida resurslar sarfini, issiqxona gazlari emissiyasini kamaytiradigan va kam chiqindili innovatsion texnologiyalarni hamda samarali “yashil” investitsiyalarni jalb qilish;

o‘rmonlarni qayta tiklash loyihalari: daraxtlarni ekish va barqaror o‘stirish, barcha o‘rmonchilik tizimlari, agroo‘rmonchilik yoki yaylovlar faoliyatini yaxshilash va kengaytirish;

chiqindilarni boshqarish va qayta ishlash: energiya yoki foydali mahsulotlarni ishlab chiqishning (kompostlash, biogaz va boshqalar) barqaror amaliyotlarini yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq chiqindilarni boshqarish;

suv, sanitariya, gigiyena va “yashil” binolar: iqlim o‘zgarishini yumshatish va/yoki unga moslashishga qaratilgan loyihalar.

7. Loyiha natijasida qisqartirilgan issiqxona gazlari emissiyasi hajmining Milliy miqyosda belgilanadigan hissalari (NDC) doirasida Yangilangan ma’lumotlar bo‘yicha ikki yillik hisobotga eng oxirgi yildagi mamlakat bo‘yicha ko‘rsatilgan yillik issiqxona gazlari emissiyasi hajmining 1 foizidan oshmagan qismi miqdorida verifikatsiyalangan emissiya birliklari ishlab chiqarish va ixtiyoriy bozorlarga yo‘naltirilishiga ruxsat beriladi.

8. Milliy organ verifikatsiyalangan uglerod birliklari hajmining 1 foizini zaxiraga oladi va undan Parij bitimi doirasida milliy majburiyatga nisbatan me’yoridan ortiq sotish xavfini (overselling risk) kamaytirish uchun foydalanadi. Milliy organ har yili umumiy zaxira birliklaridan foydalanish to‘g‘risidagi ma’lumotlarni e’lon qilib boradi.

9. Loyihalar natijasida ishlab chiqilgan verifikatsiyalangan uglerod birliklari boshqa mamlakatlarning Milliy miqyosda belgilanadigan hissalar (NDC) maqsadlari uchun o‘tkaziladigan Xalqaro yumshatish natijalari (ITMO) sifatida yo‘naltirilmaydi va foydalanilmaydi.

3-BOB. UGLEROD BIRLIKLARI IXTIYORIY BOZORI LOYIHALARINI ISHLAB CHIQISH, AMALGA OSHIRISH VA MONITORINGI METODOLOGIYASI

10. Loyihalarni ishlab chiqish, amalga oshirish va monitoringida amalda bo‘lgan quyidagi Xalqaro uglerod birliklari standartlari metodologiyalari qo‘llaniladi:

“Gold Standard” standarti;

“Verra’s Verified Carbon Standard” standarti;

“Clean Development Mechanism” standartlari;

“ISO 14064 standartlari” — issiqxona gazlari emissiyasini kamaytirish (yoki olib tashlash) bo‘yicha miqdorni aniqlash, monitoring qilish va hisobot berish bo‘yicha loyiha darajasidagi ko‘rsatmalar.

11. Iqlim o‘zgarishi ta’sirini yumshatishga doir chora-tadbirlarning natijadorlik salohiyatini aniqlash bo‘yicha mamlakat uchun maqbul bo‘lgan mavjud Xalqaro uglerod birliklari standartlari metodologiyalari ro‘yxati Milliy organi tomonidan doimiy yangilab boriladi.

4-BOB. UGLEROD BIRLIKLARI IXTIYORIY BOZORI LOYIHALARINI AMALGA OSHIRISH TARTIBI

12. 1-toifadagi loyihalar O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 10-maydagi “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi Qonuni (keyingi o‘rinlarda — Qonun) doirasida davlat-xususiy sheriklik (keyingi o‘rinlarda — DXSh) tamoyillari asosida amalga oshiriladi.

Milliy organ tomonidan tashabbus taklifi sifatida kiritiladigan 2-toifa loyihalar mazkur Nizomning 5-bobida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.

13. Loyiha DXSh tamoyili asosida davlat yoki xususiy sherik tomonidan tashabbus qilinishi mumkin. Xususiy sherik tomonidan tashabbus qilingan Loyiha Qonunning 17-moddasida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

14. Xususiy subyekt boshqaruvida bo‘lgan obyektlarda amalga oshiriladigan loyihalar doirasida Milliy organ huzuridagi “Yashil iqtisodiyot loyihalari markazi” davlat muassasasi davlat sherigi sifatida ishtirok etadi.

15. Xususiy tashabbuskor loyihaning konsepsiyasini davlat sherigi bilan kelishadi hamda kelishilgan loyiha konsepsiyasini Milliy organga quyidagilarni ilova qilgan holda kiritadi:

ushbu Nizomga 2-ilovada keltirilgan Uglerod birliklari ixtiyoriy bozori loyiha taklifi namunasiga muvofiq ma’lumotlarni;

“Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUK tomonidan belgilangan tartibda o‘tkazilgan loyiha ekspertizasi xulosasi.

16. Milliy organ ariza taqdim etilgan vaqtdan boshlab o‘n ish kuni muddatda loyiha taklifining issiqxona gazlari emissiyasini qisqartirish salohiyatini hamda ushbu Nizom talablarga muvofiqligini baholaydi.

Quyidagi holatlar ariza rad qilinishiga asos bo‘ladi:

loyiha konsepsiyasining mazkur Nizom talablariga muvofiq emasligi;

mazkur Nizom talablaridan kelib chiqib, loyiha konsepsiyasida ma’lumotlarning to‘liq emasligi yoki noto‘g‘ri ma’lumot berilishi;

loyiha mazkur Nizomning 3-bobida keltirilgan standartlar metodologiyalariga muvofiq emasligi.

Milliy organ tomonidan beriladigan xulosa salbiy bo‘lgan taqdirda, Milliy organ loyiha tashabbuskoriga rad qilish asoslarini ko‘rsatgan holda yigirma ish kuni muddatda qayta ishlash uchun yuboradi.

17. Loyiha konsepsiyasi ma’qullangan taqdirda, Milliy organ ushbu Nizomga 3-ilovada keltirilgan namunaga muvofiq shaklda Uglerod birliklari ixtiyoriy bozori loyiha taklifi bo‘yicha dastlabki kelishuv xatini yuboradi hamda Qonunning 17-moddasiga muvofiq DXSh tamoyili asosida xususiy sherikni tanlab olish jarayonini boshlashga ruxsat beradi.

Bunda, tender g‘olibini tanlab olish bosqichida foydalaniladigan mezonlar qatorida mazkur Nizom 25-bandining uchinchi xatboshida ko‘rsatilgan to‘lovlar miqdori kiritiladi.

18. Davlat-xususiy sherikligi to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda xususiy sherik tanlab olinganidan so‘ng g‘olib bilan davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida bitim tuziladi hamda uch ish kuni muddatda Milliy organga taqdim qilinadi.

19. Milliy organ DXSh bitimini olganidan keyin uch ish kunida loyiha tashabbuskoriga loyihani amalga oshirish bo‘yicha Milliy organ va loyiha tashabbuskori o‘rtasida tuziladigan kelishuv loyihasini hamda ushbu bandning to‘rtinchi xatboshisida nazarda tutilgan to‘lovni amalga oshirish bo‘yicha xabarnoma yuboradi.

Loyiha tashabbuskori o‘n ish kunidan kechiktirmagan holda:

Milliy organ bilan loyihani amalga oshirish bo‘yicha kelishuvni imzolaydi;

o‘rmonlashtirishga doir loyihalar uchun bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravari va o‘rmonlashtirishga doir bo‘lmagan loyihalar uchun bazaviy hisoblash miqdorining 40 baravariga teng summada to‘lovni amalga oshiradi.

20. Loyiha tashabbuskori loyihani ushbu Nizomning 3-bobida keltirilgan xalqaro standartlardan birida ro‘yxatdan o‘tkazadi hamda ro‘yxatdan o‘tkazuvchi xalqaro standart ma’muriyati tomonidan Milliy organ elektron pochta orqali belgilangan shaklda xabardor qilinishini ta’minlaydi.

21. Milliy organ ro‘yxatdan o‘tkazuvchi xalqaro standart ma’muriyatidan loyiha ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risida xabarnomani olganidan keyin uch ish kunida loyihani Milliy uglerod birliklari reyestriga kiritadi.

22. Loyiha tashabbuskori loyihani amalga oshirish davrida loyiha-texnik hujjatlarida ko‘rsatilgan metodologiyaga muvofiq monitoring olib boradi hamda har yarim yil yakuni bo‘yicha keyingi oyning 15 sanasiga qadar ushbu Nizomga 4-ilovada keltirilgan Uglerod birliklari ixtiyoriy bozori loyihasi monitoringi hisoboti namunasiga muvofiq shaklda loyiha monitoringi hisobotini Milliy organga kiritib boradi.

23. Loyiha-texnik hujjatlarida ko‘rsatilgan reja-jadvalga muvofiq Loyiha tashabbuskori mustaqil verifikatsiya tashkilotini jalb qilish orqali loyihani verifikatsiyadan o‘tkazadi.

Verifikatsiya yakunlanganidan keyin Loyiha tashabbuskori besh ish kuni muddatda Milliy organni verifikatsiya natijalari to‘g‘risida yozma shaklda xabardor qiladi.

24. Loyiha tashabbuskori xalqaro standart tomonidan xos (unikal) seriya raqamli va markirovkali verifikatsiyalangan uglerod birliklari chiqarilishini hamda Milliy organ elektron pochta orqali belgilangan shaklda xabardor qilinishini ta’minlaydi.

25. Verifikatsiyalangan uglerod birliklari sotilgandan so‘ng loyiha tashabbuskori o‘n ish kuni muddatda Milliy organga sotuv hajmi va qiymati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni asoslovchi hujjatlar bilan birgalikda taqdim qiladi hamda bir oy muddatda quyidagi to‘lovlarni amalga oshiradi:

verifikatsiyalangan uglerod birliklari sotuv hajmining 5 foizi miqdorida Milliy miqyosda belgilanadigan hissalar (NDC) maqsadlarini bajarishning muqobil qiymati (opportunity cost) to‘lovini;

verifikatsiyalangan uglerod birliklari sotuv hajmidan (shu jumladan, texnologiyalar shaklida) kiritilgan investitsiyalar hajmi chegirilgan holda qolgan mablag‘larning 50 foizdan kam bo‘lmagan qismini.

26. Mazkur Nizomning 25 va 31-bandlarida nazarda tutilgan to‘lovlar quyidagi tartibda taqsimlanadi:

O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetiga — 90 foiz;

Yashil iqtisodiyot loyihalari markazi (Ishchi organ)ga — 10 foiz.

27. Loyiha tashabbuskori loyiha-texnik hujjatlarida ko‘rsatilgan muddatda loyiha amalga oshirilishi davrida har yil yakuni bo‘yicha yigirma ish kuni muddatda Milliy organga loyiha amalga oshirilishi va sotuvi bo‘yicha yillik hisobot kiritib boradi.

28. Milliy organ har yil yakuni bo‘yicha uglerod bozorlarida mamlakatning ishtiroki to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘zining va Ishchi organ rasmiy veb-sahifalarida e’lon qilib boradi.

5-BOB. MILLIY ORGANNING TASHABBUS TAKLIFI ASOSIDAGI LOYIHALARNI AMALGA OSHIRISH TARTIBI

29. Qisqartirilgan issiqxona gazlari emissiyasi hajmiga davlat tasarruf etadigan va verifikatsiyalangan uglerod birliklari ishlab chiqarishga qaratilgan (2-toifadagi) loyihalarni amalga oshirish yuzasidan tashabbus taklifi Milliy organ tomonidan kiritiladi.

Ushbu toifadagi loyihalarni amalga oshirishda Ishchi organ loyiha tashabbuskori sifatida faoliyat yuritadi.

30. Loyiha tashabbuskori loyihalarni o‘zi yoki Xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotni jalb qilgan holda amalga oshirishi mumkin.

Xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotni jalb qilish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Elektron onlayn-auksion va tanlovlarni tashkil etish hamda o‘tkazish tartibini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2022-yil 12-yanvardagi 18-son qarorida nazarda tutilgan tartibga muvofiq amalga oshiriladi.

31. Tanlov hujjatlarini ko‘rib chiqishda baholash mezoni sifatida quyidagilar belgilanadi:

loyihadan yuzaga keladigan verifikatsiyalangan uglerod birliklari sotuv hajmining 50 foizidan kam bo‘lmagan miqdori Milliy organga yo‘naltirilishi;

loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishda mazkur Nizomning 3-bobida keltirilgan Xalqaro uglerod birliklari standartlari metodologiyalarining qo‘llanishi;

taklif xorijiy kompaniyalardan kiritilgan taqdirda, ular tomonidan loyiha ishiga mahalliy kompaniyalarning jalb qilinishi.

32. Belgilangan tartibda tanlov g‘olibi aniqlangandan so‘ng tanlov natijasi e’lon qilingan kundan e’tiboran o‘n ish kuni muddatda Milliy organ bilan loyihani amalga oshirish to‘g‘risida kelishuv imzolanadi.

33. Loyihadan yuzaga keladigan verifikatsiyalangan uglerod birliklari sotuv hajmining Milliy organga yo‘naltiriladigan miqdori mazkur Nizomning 26-bandi talablariga muvofiq ravishda taqsimlanadi.

34. Loyiha amalga oshirilishni monitoring qilish va hisobotlarini yuritish loyiha-texnik hujjatlari asosida amalga oshiriladi.

6-BOB. YAKUNLOVCHI QOIDALAR

35. Milliy organga ushbu Nizom talablaridan kelib chiqib, taqdim etilgan ma’lumotlar va hujjatlarning to‘g‘riligi va to‘liqligi uchun tegishli loyiha tashabbuskorlari mas’ul hisoblanadi.

36. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgar bo‘ladilar.

.

Hujjat “S VERENIN’S LEGAL GROUP” advokatlik firmasining maʼlumotlar bazasidan taqdim etilgan;

Hujjat _______2024 yil holatiga ko’ra taqdim etilgan.