O‘zbekiston delegatsiyasining London shahrida bo‘lib o‘tgan ‘‘The Global Borrowers & Bond Investors Forum’’ ko‘rgazmasida ishtiroki doirasida mamlakatimiz elchixonasi tomonidan Buyuk Britaniya Biznes va savdo vazirligi bilan hamkorlikda yurtimizning investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy salohiyatiga bag’ishlangan biznes-forum tashkil etildi, deb xabar bermoqda ‘‘Dunyo’’ AA muxbiri.
Tadbirda O’zbekistonning ‘‘Navoiy KMK’’ AJ, ‘‘Uzbeksteel’’ AJ, ‘‘O‘ztelekom’’ AJ kabi sanoat korxonalari rahbarlari, shuningdek, ‘‘Aloqa Bank’’, ‘‘Ipak yo‘li bank’’, ‘‘Agrobank’’, ‘‘Biznesni rivojlantirish banki’’ va boshqalar qatnashdi. Britaniya tomonidan esa 50 dan ortiq kompaniya, bank va moliya institutlari vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston elchisi forumdagi nutqida, Yangi O‘zbekistonda iqtisodiyotni liberallashtirish sohasidagi islohotlarning borishi va ikki tomonlama hamkorlikning ijobiy dinamikasi haqida ma’lumot berdi. U o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish uchun foydalanilmagan salohiyat mavjudligini ta’kidladi. Britaniya kompaniyalarining O‘zbekiston bilan qayta tiklanadigan energiya, tog‘-kon sanoati, qishloq xo‘jaligi, bank-moliya, ta’lim va boshqa sohalarda hamkorlik qilishga qiziqishi ortib borayotgani qayd etildi.
Buyuk Britaniya Biznes va savdo vazirligi vakillari bugungi kunda O‘zbekistonda xorijiy kompaniyalar uchun keng imkoniyatlar ochilayotganini ta’kidladi. Qayd etilganidek, mamlakatimizda iqtisodiyotning deyarli barcha tarmoqlarida jadal modernizatsiya jarayonlari amalga oshirilmoqda. Davlat korxonalarini keng ko‘lamda xususiylashtirish boshlandi, temir yo‘l, avtomobil transporti, aeroportlar qurilishi, ‘‘yashil’’ energetika kabi tarmoqlarda yirik infratuzilma loyihalari hayotga tadbiq etilyapti.
Ishtirokchilar, shuningdek, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda investitsiyaviy muhit sezilarli darajada yaxshilangani, xalqaro kompaniyalarning mamlakatda biznes yuritishga qiziqishi ortib borayotganini ta’kidladilar. Shu nuqtai nazardan, bir qator kompaniyalar vakillari kuz faslida Toshkentda o‘tkazilishi rejalashtirilgan O‘zbekiston-Britaniya savdo va sanoat kengashi (UBTIC) yig‘ilishi doirasida bo‘lib o‘tadigan biznes-forumda ishtirok etish niyatlarini tasdiqlashdi.