O‘zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev Malayziyaning ‘‘Public Gold Group’’ kompaniyasi bosh qarorgohida bo‘lib, uning asoschisi va bosh direktori Lui Chun Xou bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.
Uchrashuvda diplomatlar Malayziya kompaniyasining oltin mahsulotlari ko‘rgazma zalida, zargarlik buyumlaridan namunalar bilan tanishdi, shuningdek, kompaniyaning rivojlanish tarixi va faoliyati taqdimoti o‘tkazildi.
O‘zbekistonda qulay ishbilarmonlik muhiti yaratilgani, jumladan, xorijiy investorlar uchun qator imtiyozlar yaratilgani, zargarlik buyumlari ishlab chiqarish va eksportini ko‘paytirish uchun ulkan salohiyat mavjudligi ta’kidlandi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan O‘zbekistonda maxsus zargarlik zonalari tashkil etilmoqda.
Uchrashuvda Malayziya kompaniyasining O‘zbekistonda geologiya-qidiruv va oltin qazib olish, oltin taqinchoqlar ishlab chiqarish, shuningdek, tayyor mahsulotni sotish va eksport qilish borasidagi tajribasidan foydalanish masalalari muhokama qilindi.
Malayziya tomoni O‘zbekistonning yirik shaharlarida kompaniyaning oltin va qimmatbaho metallardan tayyorlangan mahsulotlarini o‘z brendi ostida sotish nuqtalarini tashkil etish taklifiga katta qiziqish bildirganini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha kelgusi oyda kompaniya rahbariyati va mutaxassislaridan iborat delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.