02 iyul 2024

O‘zbekistondagi istiqbolli investitsiyaviy loyihalar Quvaytda katta qiziqish uyg‘otmoqda

O‘zbekiston elchisi Ayubxon Yunusov Quvaytning “Al Mulla Group” korporatsiyasi ijrochi direktori Talal Anvar al-Mulla bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muhbiri.

Quvayt tomoniga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, mamlakatimizning savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va turizm sohalaridagi salohiyati haqida ma’lumot berildi.

O‘zbekistonning barcha hududlarida loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi, istiqbolli loyihalar tizerlari taqdim etildi.

Talal Anvar al-Mulla O‘zbekistonning zamonaviy taraqqiyoti va salohiyatini, xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay imkoniyatlarni yuksak baholadi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Quvayt kompaniyasi vakillarining O‘zbekistonning tegishli vazirliklari va viloyat hokimliklari bilan onlayn muzokaralarini tashkil etish, shuningdek, ‘‘Al Mulla Group’’ delegatsiyasining mamlakatimizga tashrifini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.