19 iyul 2024

Quvayt ishbilarmonlari Toshkent viloyatida investitsiya loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlari bilan tanishdi

Quvaytning ‘‘Gulf General Trading Co. Ltd.’’ kompaniyasi ishchi guruhi O‘zbekistonga tashrifi doirasida Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.

Muzokaralar doirasida quvaytlik investorga Toshkent viloyatida xorijiy investorlar uchun yaratilgan investitsiyaviy muhit, mamlakatimizdagi bozor tendentsiyalari va moliyaviy modellashtirish haqida ma’lumotlar berildi.

Tomonlar Toshkent viloyatida saratonni barvaqt aniqlash diagnostika markazini qurish, shuningdek, ushbu yo‘nalishda xalqaro darajadagi kadrlar tayyorlash bo‘yicha tibbiy ta’lim muassasasini tashkil etish loyihalarini muhokama qildi.

“Nurafshon Business City” massivida viloyat hokimining taklifiga ko‘ra, kimoshdi savdosi orqali yer maydoni olib, uy-joy, savdo ob’ektlari va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari qurish rejalashtirilgan.

Viloyat hokimi har bir taklif viloyat iqtisodiyoti uchun muhim ekanini alohida ta’kidlab, har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga tayyorligini bildirdi.

O‘zaro hamkorlikning aniq yo‘nalishlari bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.