Quvaytning ‘‘Gulf General Trading Co. Ltd.’’ kompaniyasi vakillari Qarshi shahriga tashrif buyurdi, deb xabar beradi “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.
Tashrif doirasida Quvayt kompaniyasi delegatsiyasi Qashqadaryo viloyati hokimi Murodjon Azimov bilan uchrashib, hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.
Hokim viloyatda amalga oshirilayotgan islohotlar, yaratilayotgan qulay ishbilarmonlik muhiti haqida ma’lumot berdi.
Uchrashuvda turli sohalarda, jumladan, farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish va tibbiy xizmat ko‘rsatish sohasidagi investitsiya loyihalari muhokama qilindi.
Quvaytlik investorlar Qashqadaryo viloyatida farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, nogironlik, saraton, yurak-qon tomir va qandli diabet kasalliklarini erta aniqlash imkonini beruvchi zamonaviy tibbiy laboratoriyalar yaratish bo‘yicha o‘z takliflarini taqdim etdi.
Muzokaralar chog‘ida mazkur loyihalarni amalga oshirish natijasida viloyatda yangi ish o‘rinlari tashkil etish, mahalliy aholini sifatli dori-darmon bilan ta’minlash imkoniyatlarini oshirish, shuningdek, aholini sifatli dori-darmon vositalari bilan ta’minlash umumiy sog’liqni saqlash tizimining samaradorligi imkoniyatlarini oshirishga qaratilgan qator amaliy chora-tadbirlar yuzasidan fikr almashildi. Bunday loyihalar nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy jihatdan ham katta ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.