O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI TASHQI IQTISODIY FAOLIYAT TOVAR NOMENKLATURASINING 2022-YILGI TAHRIRINI JORIY ETISH TO‘G‘RISIDA O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING QARORI DD 2022-YIL 28-DEKABR, PQ-460-SON

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING

QARORI

2022-YIL 28-DEKABR,

PQ-460-SON

.

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI TASHQI IQTISODIY FAOLIYAT TOVAR NOMENKLATURASINING 2022-YILGI TAHRIRINI JORIY ETISH TO‘G‘RISIDA

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasini jahon amaliyotida qo‘llanilayotgan Tovarlarni tavsiflash va kodlashning uyg‘unlashtirilgan tizimi (2022-yilgi tahriri) bilan unifikatsiyalash maqsadida:

1. Quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1998-yil 29-avgustdagi “Tovarlarni tavsiflash va kodlashtirishning uyg‘unlashtirilgan tizimi to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyaga qo‘shilish haqida”gi 687-I-son qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Tovarlarni tavsiflash va kodlashtirishning uyg‘unlashtirilgan tizimi to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyaga (Bryussel, 1983-yil 14-iyun) qo‘shilganligi;

Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining Yagona tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasi to‘g‘risida 1995-yil 3-noyabrdagi bitimga muvofiq davlatlar Jahon bojxona tashkiloti tomonidan ishlab chiqilgan Tovarlarni tavsiflash va kodlashtirishning uyg‘unlashtirilgan tizimiga asoslangan holda yagona Tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasidan foydalanishi bo‘yicha o‘zaro kelishuvga erishilganligi;

Jahon bojxona tashkiloti tomonidan jahon savdosida muomalada bo‘lgan tovarlarning xalqaro tasnifini uyg‘unlashtirish maqsadida Tovarlarni tavsiflash va kodlashning uyg‘unlashtirilgan tizimiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilganligi;

Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining Yagona tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasining 7-tahriri 2022-yil 1-yanvardan boshlab amaliyotga tatbiq etilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

2. Tovarlarni tavsiflash va kodlashning uyg‘unlashtirilgan yangi tizimi negizida ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasining 2022-yilgi tahriri 2023-yil 1-yanvardan boshlab amalga kiritilsin.

3. Vazirlar Mahkamasi 2023-yil 1-yanvarga qadar Tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasining 2022-yilgi tahriri amalga kiritilishi munosabati bilan tasniflash kodlari o‘zgargan mahsulotlar ro‘yxatini tasdiqlasin.

4. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Davlat bojxona qo‘mitasi 2023-yil 1-yanvarga qadar O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasining 2022-yilgi tahriri chop etilishini va manfaatdor tashkilotlarga yetkazilishini, shuningdek, o‘z rasmiy veb-saytlarida joylashtirilishini ta’minlasin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 28-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasining 2017-yilgi versiyasini joriy etish to‘g‘risida”gi PQ-3448-son qarori 2023-yil 1-yanvardan e’tiboran o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.

6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari J.A. Xodjayev hamda Davlat bojxona qo‘mitasi raisi A.Y. Mavlonov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Hujjat “S VERENIN’S LEGAL GROUP” advokatlik firmasining maʼlumotlar bazasidan norasmiy tarjimada taqdim etilgan;

Hujjat “S VERENIN’S LEGAL GROUP” advokatlik firmasining maʼlumotlar bazasidan taqdim etilgan;

Hujjat __30.06_____2024 yil holatiga ko’ra taqdim etilgan.

.