O‘zbekiston elchisi Ravshan Usmonov Britaniyaning ‘‘Aiyana Research & Advisory’’ kompaniyasi ijrochi direktori Genri Tillman bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.
Suhbat chog‘ida Genri Tillman kompaniya va uning faoliyati bilan tanishtirdi hamda ayni paytda kompaniya tomonidan qayta tiklanadigan energiya manbalari va turli yo‘nalishlarda yirik tadbirkorlik subyektlari uchun infratuzilma loyihalari bo‘yicha davriy tadqiqotlar va dastlabki xulosalar tayyorlanayotganini aytdi.
O‘zbekiston uchun qayta tiklanadigan energiya manbalari va infratuzilma loyihalari sohasiga sarmoya kiritish bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazish va ularni moliyalashtirish va natijalarini yuqorida qayd etilgan yo‘nalishlarga investitsiya jalb etish maqsadida 50 ta yirik investor, tahlil markazlari va ilmiy-tadqiqot institutlariga yuborish masalalari muhokama qilindi.
‘‘Aiyana Research & Advisory’’ Fors ko‘rfazi hamkorlik kengashi (GCC), Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika (MENA), Markaziy va Janubiy Osiyo hamda Janubi-Sharqiy Osiyo assotsiatsiyasi (ASEAN) davlatlarida qayta tiklanadigan energiya va infratuzilma investitsiyalari sohasida konsalting va tadqiqot xizmatlarini taqdim etadi. Kompaniyaning London va Dubayda doimiy ofislari mavjud va xalqaro moliyaviy xizmatlar, sog’liqni saqlash va energetika kompaniyalariga kapital jalb qilish masalalari bo’yicha maslahat berishning uzoq tarixi bor. Shuningdek, kompaniya Singapur, Indoneziya, Tailand, Vyetnam, BAA kabi mamlakatlarda investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha tadqiqotlar olib borgan.