31-iyul – 1-avgust kunlari O‘zbekiston ishbilarmonlar delegatsiyasi Ispaniyaning Valensiya avtonom hamjamiyatidagi kompaniya va korxonalarda bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.
Tashrif doirasida Valensiya Savdo-sanoat palatasi raisi Vinsent Morato va Xalqaro departament direktori Luz Martines bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Ispaniya tomoniga O‘zbekiston iqtisodiyotiga eksport salohiyati va investitsiya imkoniyatlari, mamlakatimiz iqtisodiyotining barqaror o‘sishi fonida xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar haqida ma’lumot berildi.
Respublikada charm va kulolchilik sanoatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani, O‘zbekistonning ushbu tarmoqlardagi salmoqli resurslari va salohiyati atroflicha ochib berilgani ispaniyalik hamkorlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun keng imkoniyatlar ochmoqda.
Luz Martines savdo aloqalarini rivojlantirish muhimligini qayd etib, palataning ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatishga ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi. Valensiya korxonalari yuqori darajadagi texnologik jihozlarga ega bo‘lib, o‘zbek ishlab chiqaruvchilari uchun innovatsion yechimlarni taklif qila olishi ta’kidlandi.
Mohiyatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish maqsadida ikki mamlakat kompaniyalari oʻz mahsulotlarini namoyish etishi, toʻgʻridan-toʻgʻri ishbilarmonlik aloqalarini oʻrnatishi mumkin boʻlgan ishbilarmonlik missiyalari va yarmarkalar tashkil etish boʻyicha aniq chora-tadbirlar koʻrildi.
Shuningdek, Ispaniyaga tashrifi doirasida delegatsiya ‘‘Tanned Group’’ kompaniyasi va Valensiya hamjamiyatining poyabzal ishlab chiqaruvchilar uyushmasi (AVECAL) rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazdi, shuningdek, ‘‘Industrias Del Curtido S.A.’’ (‘‘INCUSA’’) zavodiga tashrif buyurdi.
Uchrashuvlar chog‘ida charm ishlab chiqarish bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari, O‘zbekiston mahsulotlarining Ispaniya bozoriga chiqishi va narx-navo masalalari muhokama qilindi. Natijada Ispaniya tomoni uzoq muddatli hamkorlikka qiziqish bildirdi va ispaniyalik hamkorlar o‘rtasida O‘zbekiston kompaniyalarining eksport takliflarini tarqatishga ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi. Milanda boʻlib oʻtadigan ‘‘Lineapelle Fall 2024’’ xalqaro koʻrgazmasi doirasida B2B muzokaralarini tashkil etish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.