Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Qirg‘iz Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Musa Djamanbayev bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar beradi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati matbuot xizmati.
Unda ikki mamlakat prezidentlarining qatʼiy siyosiy irodasi va do‘stona munosabatlari tufayli o‘zaro hamkorlik kengayib borayotgani hamda o‘zbek va qirg‘iz xalqlari farovonligi uchun xizmat qilayotganligi taʼkidlandi.
Shuningdek, O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida kelgusida ham savdo-iqtisodiy, tadbirkorlik, turizm, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish, ikki mamlakat yoshlari o‘rtasida ham doimiy muloqot maydonlarini tashkil etish xususida fikr almashildi.
Bundan tashqari, hududlararo hamkorlik dasturlarining ijobiy natijalari eʼtirof etilib, mazkur aloqalarni yana-da faollashtirish masalalari muhokama qilindi.