17 sentabr 2024

Germaniyaning Dyusseldorf Savdo-sanoat palatasi delegatsiyasi O‘zbekistonga tashrif buyurdi

Shimoliy Reyn-Vestfaliya Federal hududi Dyusseldorf Savdo-sanoat palatasiga aʼzo kompaniyalar rahbarlari va vakillaridan iborat Germaniya delegatsiyasi Oʻzbekistonga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

Ushbu tashrif Germaniya iqtisodiyotining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi, Dyusseldorf va Kottbus shaharlari Savdo-sanoat palatalari hamda “Mingentec” kompaniyasi ko‘magida mamlakatimiz elchixonasi tomonidan ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish maqsadida tashkil etildi. 

Qayd etish joizki, Shimoliy Reyn-Vestfaliya federal davlati Germaniyaning eng rivojlangan sanoat markazlaridan biri hisoblanadi. Bu mintaqa Germaniyaning iqtisodiy yetakchisi hisoblanadi. Federal davlatning mintaqaviy ichki mahsuloti 839,1 milliard yevrodan ortiqni tashkil etadi, bu Germaniya iqtisodiyotidagi birinchi ko‘rsatkich bo‘lib, mamlakat iqtisodiy o’sishiga katta hissa qo‘shadi.

Nemis ishbilarmonlari Toshkentda mahalliy kompaniyalar bilan biznes-forum va B2B formatida samarali uchrashuvlar o‘tkazdi. Shuningdek, Toshkent texnoparki va sanoat ishlab chiqarishi bilan ham tanishdilar.

Xulosa qilib aytganda, nemis ishbilarmonlarining mamlakatimizga tashrifi O‘zbekistonning xalqaro iqtisodiy aloqalarini mustahkamlash va yashil iqtisodiyot salohiyatini kengaytirish yo‘lidagi muhim qadamdir.