Joriy yilning 30-sentabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri oʻrinbosari Akram Aliyev Turkiya Savdo vaziri oʻrinbosari Mustafo Tuzju bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda ISSV matbuot xizmati.
Muzokaralar chogʻida Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirishning istiqbolli yoʻnalishlari koʻrib chiqildi.
O‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 5 milliard dollarga yetkazish maqsadida ikki davlat o‘rtasida imzolangan imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim doirasida tovarlar ro‘yxatini kengaytirish, mahsulotlarga nisbatan cheklovlarni olib tashlash, savdo tartib-qoidalarini soddalashtirish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasida oʻzaro savdoni kengaytirish va elektron tijoratni rivojlantirish boʻyicha aniq takliflar ishlab chiqish uchun ikki davlat ekspertlaridan iborat qoʻshma ishchi guruh tuzish boʻyicha kelishuvga erishildi.